Jahon | 15:36 / 29.08.2024
6896
3 daqiqa o‘qiladi

ISW: Rossiya Pokrovsk yaqinida katta taktik muvaffaqiyatlarga erishdi

Urushni o‘rganish instituti ma’lumotlariga ko‘ra, rus qo‘shinlari Novogrodovkadagi temiryo‘l liniyasi bo‘ylab Pokrovsk tomon oldinga siljishga harakat qilmoqda.

Foto: Thomas Peter / Reuters

Rossiya qurolli kuchlari Donbassdagi Pokrovsk yo‘nalishida «katta taktik muvaffaqiyatlarga erishdi». Bu haqda Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) 27 avgust kungi hisobotida ma’lum qildi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari «Pokrovsk janubi-sharqidagi ma’lum hududlardan» chekingan. 

Ukraina matbuoti ma’lumotlariga ko‘ra, 27 avgustdagi geolokatsiya tasvirlari Rossiya kuchlari ikki kilometrdan ko‘proq oldinga o‘tganini tasdiqlaydi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular Pokrovsk janubi-sharqidagi Novogrodovkani egallagan bo‘lishi mumkin.

«Aftidan, rus qo‘shinlari birinchi navbatda Novogrodovkadagi temiryo‘l liniyasi bo‘ylab Pokrovsk tomon oldinga siljishga intilmoqda va posyolkaning butun shahar hududi bo‘ylab jang qilmoqchi emas», deya ma’lum qildi ISW. 

«Rossiyaning yozgi hujumidan maqsad - hech bo‘lmaganda Pokrovskni egallash» 

Ukraina qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi hujumiga qaramay, Moskva Pokrovsk yo‘nalishidan qo‘shinlarini olib chiqishga shoshilmayapti, deb yozadi The New York Times. 

«Rossiyaning yozgi hujumidan maqsad - hech bo‘lmaganda Pokrovskni qo‘lga kiritish», dedi Venadagi Harbiy akademiya eksperti, polkovnik Markus Raysner. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pokrovsk tomon siljishlar fonida, «qandaydir qayta joylashtirish munosabati bilan Rossiya dinamikasi zaiflashuvi qayd etilmagan». 

O‘tgan haftada Pokrovsk tumanida bolalar va ularning ota-onalari majburiy evakuatsiyasi e’lon qilindi.

Zelenskiy Sirskiy bilan vaziyatni muhokama qildi 

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Pokrovsk yo‘nalishini Rossiya qo‘shinlarining «shiddatli» harakatlari tufayli Ukraina kuchlari uchun eng qiyin deb atadi. Ukraina yetakchisi Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy bilan vaziyatni muhokama qildi. 

Ukrainaning Donetsk viloyatidagi Toretsk, Vremevka va Kuraxovo yo‘nalishlaridagi vaziyatga ham alohida e’tibor qaratildi. «Pozitsiyalarimizni mustahkamlash bo‘yicha qarorlar qabul qilindi», dedi Zelenskiy. 

Pokrovsk (sobiq Krasnoarmeysk) - Donetsk viloyati g‘arbiy chekkasida joylashgan tuman markazi, Rossiya hujumidan oldin aholisi 60 mingga yaqin edi. 

Mutaxassis: Hujum asosiy maqsadi - Pokrovsk sharqidagi terrikon 

«Tsenzor.net» nashri bosh muharriri Yuriy Butusovning fikricha, «hujum asosiy maqsadi - Pokrovsk sharqiy chekkasida joylashgan terrikon». Agar rus harbiylari uni qo‘lga olishga va u yerda uchuvchisiz uchoqlar uchun antennalarni o‘rnatishga muvaffaq bo‘lsa, bu «Pokrovsk va Selidovodagi barcha logistikani nazorat qilish» imkonini beradi, shundan keyin shahar janglari «vaqt masalasi» bo‘ladi, deb hisoblaydi Butusov. 

Mavzuga oid