O‘zbekiston | 19:06 / 29.08.2024
4116
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Respublika onkologiya markazining yangi majmuasi bilan tanishdi

Prezident markazda ish jarayonini raqamlashtirish, bemorlarga qulayliklarni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 avgust kuni Respublika onkologiya markazining yangi majmuasi bilan tanishdi.

Qayd qilinishicha, majmua 9 ta binodan iborat bo‘lib, asosiy binolar 8 qavatli. 1-qavatda poliklinika va tashxis uskunalari, 2-qavatda laboratoriya, statsionar, reanimatsiya va jarrohlik xonalari, yuqori qavatlarda palatalar joylashgan. Yerosti qismida radioterapiya, yadro tibbiyoti bo‘limi, xo‘jalik xonalari bor.

Avvalgi shifoxona 370 o‘rinli edi. Yangi markazda 650 ta statsionar va 80 ta kunduzgi o‘rin tashkil etildi. Shuningdek, bir kunda 500 nafar bemor ambulator sharoitda davolanishi mumkin.

Davlat rahbari markazdagi qulaylik va imkoniyatlar bilan tanishdi.

- Biz ta’lim va tibbiyotga alohida e’tibor berayapmiz. Chunki odamlar bilimli bo‘lib, sog‘lom bo‘lsa, o‘z yo‘lini topadi. Bu markaz ham shunday ishlardan biri. Bu loyihaga 1,2 trillion so‘m ajratib, «noldan» qurdik. Barcha onkologiya shifoxonalarini jihozlashga 80 million dollar yo‘naltirildi. Endi asosiy vazifa - xodimlarni o‘qitib olish, samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Markazda Yevropa va AQSh standartlari asosida tashkil etilgan 17 ta yangi klinik bo‘lim, 18 ta jarrohlik xonasi, 42 ta reanimatsiya va intensiv terapiya xonalari tashkil etilgan. Ular jahon tibbiyotida qo‘llanayotgan eng so‘nggi texnikalar bilan jihozlandi. Bunday zamonaviy texnikalarni ishlatish uchun yuzga yaqin mutaxassis 8 ta xorijiy davlatda malaka oshirib qaytdi.

Jarrohlik bo‘limida yiliga 6 mingta yuqori texnologik operatsiya o‘tkazish imkoniyati bor. Jumladan, juda dolzarb bo‘lgan suyak ko‘migi transplantatsiyasi yo‘lga qo‘yiladi. Yangi uskunalar yordamida ko‘z, halqum va qizilo‘ngach qismi o‘smalarini kesmasdan olib tashlash mumkin. Qovuq o‘smalari kam invaziv usulda bartaraf etiladi. Bularning samarasida bemorlar tezroq tuzalib, 3-5 kunda uyiga qaytishi mumkin.

Nur bilan davolash uchun ilk bor yadroviy tibbiyot bo‘limi ishga tushirilmoqda. U 9 ta bunkerdan iborat bo‘lib, birida to‘xtalishlar yuz bergan taqdirda ham boshqalariga o‘tkazilishi natijasida muolaja uzluksizligi ta’minlanadi. Chiziqli tezlatkichlarda nur bilan davolashning VMAT, SMAT kabi yangi usullari tatbiq qilinadi.

Ambulator kimyo terapiya 72 nafar bemorga mo‘ljallangan. Yangi infuzomat uskunalari olib kelingani natijasida bu davo osonlashadi va tezlashadi.

Prezident markazda ish jarayonini raqamlashtirish, bemorlarga qulayliklarni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

- Eng asosiy topshiriq - raqamlashtirish. Odamlar sarson bo‘lmasin, navbatda turib qiynalmasin. Bu markaz faqat Toshkent uchun emas, uni hududlardagi 15 ta shifoxona bilan shunday bog‘lash kerakki, bemorlar o‘zining kelish vaqtini, doktorini oldindan bilsin. Buning uchun sun’iy intellektni kengaytirib, inson omilini kamaytirish kerak, - dedi davlatimiz rahbari.

Markaz o‘zining hududlardagi filiallari bilan yagona elektron platformaga ulanadi va respublikada «kanser-registr» tizimi ishga tushiriladi. Buning natijasida nazoratda turgan barcha onkologik bemorlar haqidagi ma’lumotlar yaxlit ko‘rinib turadi.

Mavzuga oid