Frontdagi vaziyat: Donbassda Ukraina mudofaasi bir vaqtdagi zarbalarga dosh berolmayapti
Shunga qaramay, Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastida yurish qilishga urinmoqda. Bu Ukrainani strategik inqirozga olib kelishi mumkinmi?
Rossiya qo‘shini Donbassning janubiy qismida yurishini davom ettirmoqda. Ukraina mudofaasi (son jihatdan RF qurolli kuchlaridan ozchilik sharoitida) bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishlarda qilinayotgan hujumlarga dosh berolmayati. Rossiyaning Avdiyivkadan Pokrovskka yurish qilayotgan guruhi kutilmaganda yirik kuchlar bilan janubga — Selidove shahri yo‘nalishida zarba berdi. Bu zarba Ukraina qurolli kuchlarining sharqroqda — Karlovka hududidagi mudofaasida inqiroz yuzaga keltirdi, ukrain kuchlari bu qishloqni bir necha kun oldin boy bergandi. Rossiya qo‘shini Maryinka va Krasnohorivka tomondan ham
Ukraina qurolli kuchlarining Donbass janubidagi muhim logistik tuguni — Kuraxovo shahriga hujum qilmoqda. Bir vaqtning o‘zida RF qurolli kuchlari Vuhledar va Kuraxovo oralig‘ida ham oldinga siljimoqda.
Yaqin vaqtlar ichida Ukraina uchun o‘ta salbiy strategik oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan ushbu inqirozga qaramay, Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi o‘z zaxiralarini Kursk amaliyotiga jalb etishda davom etmoqda. Bu yerda ukrain qo‘shini Sudjadan shimol va g‘arbga tomon yana bir necha kilometrga ilgarilashga muvaffaq bo‘lgan.
Kursk yo‘nalishi
Ukraina qurolli kuchlari yurishi sur’atlari pasaygan. Endi Mobil zirhlangan guruhlar bilan qilinadigan hujumlar muvaffaqiyatli chiqmayapti — Rossiya zaxira kuchlarini olib kelgach Kursk fronti tig‘izlashgan, zirhli texnikalar dronlar, tankka qarshi raketalar va artilleriya zarbalari nishoniga aylanmoqda, ukrain bo‘linmalari endi avvalgidek Rossiyaning tarqoq tayanch punktlari orasida erkin harakatlana olmaydi. Ukraina qurolli kuchlari artilleriya, dronlar va tanklar ko‘magidagi piyodalar shturmi taktikasiga o‘tishga majbur bo‘lmoqda. 2023 yilda ukrainlarning Zaporijjya oblastidagi qarshi hujumda, ruslar esa 2024 yil qishida Avdiyivka ostonasidagi yurishidagi taktikasi shunday o‘zgarishga uchragandi.
Ukraina qurolli kuchlari bir necha taktik vazifalarni hal qilishga erishgan: ular Sudja — Kursk trassasi bo‘yidagi Martinovka qishlog‘ini egallagan va bu yo‘ldan shimol va g‘arb tomon (Nechayev va Nijnaya Parovaya hududlarida) hamda sharqqa (Pushkarnaya hududida) yurishini davom ettirishga harakat qilmoqda. Bu yurishdan maqsad — Bolshoye Soldatskoye rayoni markazini egallash.
Shu bilan bir vaqtda, ukrain qo‘shini rossiyaliklarni Sudja — Lgov trassasidagi pozitsiyalaridan surib tashlashga harakat qilmoqda. Shu vaqtgacha ukrain qo‘shini bu yo‘ldagi Malaya Loknyani egallagani aniq emas, Ukraina qurolli kuchlarining bu hududdagi yurishi avgust oyi boshidayoq to‘xtatilgandi. Yo‘lga sharq va g‘arbdan kirib kelishga urinishlar muvaffaqiyatga erishmagan.
Ukraina qurolli kuchlari Korenevo rayoni markazini shturm qilib egallay olmadi. Qo‘shni Olgovka qishlog‘i orqali shimolga yorib kirishga harakat ham to‘xtatildi, bu yurishni boshlash uchun baza bo‘lib xizmat Olgovkaning o‘zining bir qismi boy berilgan. Ukraina qurolli kuchlari Kauchuk posyolkasidagi vaziyatini ham yaxshilashga muvaffaq bo‘lmagan, ukrainlarning harakati bu yerda ikki hafta oldin to‘xtatilgandi.
Ukraina harbiylari Korenevodan janubda kichik yutuqlarga erishgan, bu yerda ular Snagost, Vishnevka, Krasnooktyabrskoye qishloqlarini o‘z nazoratiga olgan. Bu qishloqlardan uchinchisi hududida ukrain qo‘shini Seym daryosi bo‘yiga chiqib borgan, bu orqali Korenevo g‘arbroqdagi boshqa rayon markazi — Glushkovodan uzilib qolgan. Glushkovo rayonidagi ko‘priklar vayron qilingan, ammo ukrainlarning zarbalariga qaramay, Rossiya qo‘shini Glushkovodagi hamda Ukraina bilan chegara hududidagi Tetkinodagi qo‘shinlarga ta’minot yetkazib berish uchun ponton kechuvlar o‘rnatishda davom etmoqda.
Sudjadan sharqda Rossiya qo‘shini nafaqat Ukraina qurolli kuchlarining yurishini to‘xtatgan, balki qarshi hujumlar uyushtirmoqda va ukrain kuchlarini Sudjaga va Psel daryosi ortiga chekintirishni rejalashtirmoqda. Ukrainlar mudofaa chizig‘i yaratishga urinayotgan Spalnoye va Borki qishloqlari hududida janglar ketmoqda.
Rossiya aviatsiyasi butun Kursk fronti bo‘ylab o‘nlab bombali zarbalar bermoqda: Ukraina qurolli kuchlari Mobil guruhlar bilan hujum qilar ekan, bu u qadar samarali emasdi (rossiyaliklarning bombalari sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasi orqali statsionar obektlarga yo‘naltiriladi). Ukraina qurolli kuchlari to‘xtashi bilan front va front orti bo‘ylab bunday aviazarbalar soni keskin oshdi.
Pokrovsk yo‘nalishi
Rossiyaning Pokrovsk atrofidagi yurishi birdan janubga burilishi Ukraina qurolli kuchlari mudofaasida jiddiy inqiroz keltirib chiqardi. Ukraina bir necha kun ichida Novogrodovkani yo‘qotdi (RF qurolli kuchlari uni deyarli to‘liq egallab oldi), shuningdek, Rossiya armiyasining bu shahar sharqiga yurishini to‘xtata olmadi. Natijada RF qurolli kuchlari Ukraina qurolli kuchlari mudofaasiga Selidove va Ukrainsk shaharlari yo‘nalishida chuqur kirib borib, ushbu hududdan sharqdagi ukrain guruhi ta’minotini kesib qo‘ydi.
Selidove va Ukrainsk shaharlari sharqidagi qo‘shinlar chekinishni boshladi. Ular Karlovka qishlog‘i va Karlovka suv ombori sohillaridagi muhim hududlarni qariyb jangsiz tashlab ketishdi. Natijada front chizig‘i Ukrainsk va Selidovega nafaqat shimoldan, balki sharqdan ham yaqin kelib qoldi.
Rossiya guruhi Selidovedan janubi-sharqda ham faollashgan: RF qurolli kuchlari oldinroq egallab olingan Maryinka va Krasnohorivka shaharlaridan Kuraxovo yo‘nalishida oldinga yurmoqda — bu Ukrain qurolli kuchlarining Pokrovsk bilan birgalikda Donbassning janubiy va markaziy qismidagi muhim logistik markazidir.
Hozircha RF qurolli kuchlari Kuraxovo tomon yurish bilan bir vaqtning o‘zida Pokrovsk shahriga ham hujum qilishni rejalashtirgani ma’lum emas. Yirik shahar shturmi ko‘p kuch va vaqt talab etishi mumkin. Hozircha Rossiya qo‘shini Pokrovsk chekkasidagi hududlar — Grodovka posyolkasi va Krasniy Yar va Krutoy Yar kabi kichikroq qishloqlarni egallashga harakat qilmoqda.
Vuhledar yo‘nalishi
RF qurolli kuchlarining umumiy Kuraxovo yo‘nalishidagi yurishi endigina boshlandi, Ukraina qurolli kuchlarining Vuhledardagi guruhi esa og‘ir inqirozli holatga tushib qoldi — guruhga aynan Kuraxovo orqali ta’minot yetkazib berilardi. Bu guruh rossiyaliklarning sharqdan zarbalarini qaytara olmayapti: RF qurolli kuchlari Vuhledardan shimoldagi Vodyane posyolkasi va «Yujnodonetskaya» koniga yetib kelgan, shuningdek, Konstantinovka qishlog‘ining katta qismini egallagan. Natijada esa Ukraina qurolli kuchlari Kuraxovo va Vuhledarni bog‘lovchi asosiy yo‘ldan foydalanish imkoniyatini yo‘qotgan.
Endilikda Ukraina qurolli kuchlari Vodyanedan g‘arbdagi yomon sifatli yo‘llarga tayanishga majbur. RF qurolli kuchlari g‘arb tomon siljishda davom etadigan bo‘lsa, Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi Vuhledar istehkomlarini ushlab turishda davom etish qanchalik to‘g‘ri bo‘lishini ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri keladi.
Toretsk yo‘nalishi
RF qurolli kuchlari Toretsk shahrini shturm qilmoqda. Ukraina qurolli kuchlari shahar yaqinida, konlar va terrikonlar hamda oldinroq egallangan Drujba, Pivnichne, Pivdenne va Zalizne ishchilar posyolkalari oralig‘idagi hududlarda Rossiya qo‘shini hujumini to‘xtata olmagan.
Rossiya qo‘shini Toretsk shimoli-sharqiga hujumlarni ham faollashtirgan: ular Andriyivka tomondan Severskiy Donets — Donbass kanaliga yaqinlashdi va suvni Ozaryanovka hududida kechib o‘tgan. Shu tariqa, endilikda Toretsk hududiga ikki tomondan — janub va sharqdan hujum qilish mumkin.
Kupyansk yo‘nalishi
RF qurolli kuchlari kichik tanaffusdan keyin Xarkiv oblasti sharqidagi Kupyansk shahriga qaytadan hujum boshladi. Sinkivka qishlog‘ining katta qismi egallangan — Ukraina qurolli kuchlari bu yerda bir yildan ortiq vaqt davomida mudofaani ushlab turgandi va rossiyaliklarning bir necha bor keng ko‘lamli shturmlari hamda tanklar orqali hujumlariga dosh bergandi.
Janubroqda Rossiya qo‘shini Peschane qishlog‘i hududida Ukraina qurolli kuchlari mudofaasiga chuqur kirib kelgan — bu yerda ular Oskol daryosidan 8 kilometr masofada turibdi. Rossiya qo‘shini daryoga yetib kelsa, daryoning sharqiy sohilida, Kupyansk-Uzlovoy hududidagi ukrain bo‘linmalari janubroqda, Svatove yo‘nalishida harakatlanayotgan asosiy guruhdan uzilib qoladi.
Mavzuga oid
13:30
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024
“G‘arbning geosiyosiy ochko‘zligi kelishmovchiliklar bosh sababi” – Putinning “Valday”dagi chiqishi
17:00 / 09.11.2024
The Telegraph: Tramp rejasi Britaniya qo‘shinlarini Ukraina chegarasiga joylashtirishni nazarda tutadi
11:08 / 09.11.2024