Parijdagi hibs: Durov nega Telegramʼni shu vaqtgacha moderatsiya qilmagan?
Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiyada 96 soatni hibsda o‘tkazdi, uning ushlanishi messenjerdan foydalanuvchi davlatlarda bosh yangilik bo‘lish bilan birga Fransiyada katta siyosiy mojaroga aylandi — Durovning ishi dunyo miqyosida davlat va internetning munosabatlarida burilish yasovchi onga aylanishi mumkin.
Parijda ushlanib qolgan
Le Burjye aeroportida ushlanganidan bir hafta o‘tib, sud nazorati ostida ozod qilinganidan so‘ng Durov ishida javoblardan ko‘ra ko‘proq savollar paydo bo‘ldi. Nega Telegram asoschisi aynan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning unga nisbatan e’tirozi bo‘lgan Parijga uchgan? Libertarian va hukumatlar bilan hamkorlikdan qochuvchi Durovni u bir necha bor uchrashgan Emmanuel Makron bilan qanday munosabatlar bog‘laydi? Nega u qo‘lga olinganida Makronga yaqin milliarder bilan bog‘lanishni so‘ragan? Nihoyat, Fransiya hokimiyati Telegramʼdan o‘zi nima istayapti?
Bu savollarning birinchisiga Telegram asoschisining tanishlaridan biri shunday javob bergan: agar u order va tintuv haqida oldindan bilganida Parijga bormagan bo‘lardi. So‘nggi yillarda u har yoz Fransiyaga uchgan, chunki shu yerda vaqtichog‘lik qilishni yoqtirgan. Bu yil ham istisno bo‘lmagan: MDH davlatlari bo‘ylab dam olish turnesidan so‘ng, u o‘zining to‘rtinchi fuqarolik davlatiga borishni istab qolgan.
Keyin bo‘lgan hodisalar Durovning o‘zi uchun ham, uning sheriklari uchun ham mutlaqo kutilmagan hol bo‘lgan. «Shunday taassurot borki, bu aniq bir kimningdir chuqur o‘ylab ko‘rilmagan topshirig‘i va bu bo‘tqaga aylanib ketdi, endi bu bo‘tqani umuman boshqa darajada tanovul qilishga to‘g‘ri keladi», — degan tadbirkorning tanishlaridan biri. Voqea chindan ham katta shov-shuv keltirib chiqardi. Emmanuel Makron ikki marta o‘zini oqlashiga to‘g‘ri keldi: unga 2021 yilda Durovga fuqarolik berish uchun tushunarsiz asoslarni va bu voqeagacha bir necha bor u bilan maxfiy uchrashganini eslatib qo‘yishdi.
Politico nashri yozganidek, ishni o‘t oldirgan narsa Telegram bolalardan shahvoniy ekspluatatsiyada foydalanish ishlari bo‘yicha fransuz politsiyasining so‘rovlarini bee’tibor qoldirgani bo‘lgan. Yashirin operatsiya davomida voyaga yetmagan qizlarning intim fotolarini qo‘lga kiritib, so‘ng ularni oshkor qilish bilan shantaj qilgan gumondor ushlangan. Keyinroq tergov davomida u voyaga yetmagan bolaga jinsiy tajovuz qilib, uni ham shantaj qilganini tan olgan.
Bu ish bo‘yicha Pavel Durovni tintuv qilish to‘g‘risida order 2024 yil martida yozilgan, bundan tashqari, uning akasi Nikolay ham qidiruvga berilgan. U platformaning asosiy algoritmlari yaratuvchisi va mohiyatan Telegramʼdagi ikkinchi shaxs hisoblanadi. Nikolay Durov omma orasida ko‘rinish bermaydigan inson, u qayerdaligi aniq emas.
«Durov bunday xatlarga javob yozmaslik holatini osongina tasavvur qila olaman, — degan kompaniya ishi bilan tanish bo‘lgan hamsuhbatlardan biri. — U ma’lumotlar va yozishmalar to‘g‘risidagi qolgan xatlarni ham xuddi shu kabi e’tiborsiz qoldiradi».
Nafaqat Fransiya
Durovning Fransiyada ushlanishi platformaga nisbatan maxsus xizmatlari qo‘lidan ish kelmayotganini tan olgan boshqa davlatlarning ham e’tirozlari to‘lqinini keltirib chiqardi. Natijada hafta ichida:
- Germaniyada Telegram hokimiyat bilan yetarli tarzda hamkorlik qilmayotganini eslatib qo‘yishdi. Konstitutsiyani himoya qilish bo‘yicha federal idora boshlig‘i o‘rinbosari Zinan Zelen boshqa platformalar davlatning so‘rovlariga tezda va ishonchli reaksiya bildirishini aytib, faqat Telegram bilan «hech qanday axborot almashinuvi yo‘qligi»ni bildirgan.
- Telegram avgust oyida foydalanuvchilarning aniq sonini taqdim etmagan Yevropa Ittifoqining birlashgan tadqiqot markazi platformaning YeIdagi auditoriyasi bo‘yicha surishtiruv boshlagan. Qonunga ko‘ra, oyiga 45 milliondan ortiq foydalanuvchisi bo‘lgan platformalarga moderatsiyaning qat’iyroq talablari qo‘yiladi. Telegramʼning o‘zi hozircha Yevropada 41 mln foydalanuvchisi borligini ma’lum qilgan.
- Janubiy Koreya Telegramʼdan messenjerda tobora keng tarqalayotgan pornofeyklar bo‘yicha savollarga javob talab qilgan. Hukmron partiya Telegram bilan hamkorlikdagi bosh muammoni kompaniya serverlari xorijda joylashgani bilan bog‘lagan.
- Indoneziya esa pornokontent moderatsiyasi va qimor o‘yinlarini ilgari surish bilan bog‘liq muammolar tufayli Telegramʼni bloklash bilan ogohlantirgan.
Xullas, platformaga umumiy e’tirozlar — yetarli tarzda moderatsiya yo‘qligi va jinoyatlarni surishtirishda hukumatlar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortishdir. Nahotki Telegram ushbu talablarni bajarishga ojiz bo‘lsa?
Moderatsiyaning uch bosqichi
Telegramʼda atigi 50 kishi ishlaydi. Ularning 30 nafari ishlanmalar bilan shug‘ullanuvchilar. Bu haqda shu yil bahorida Pavel Durovning o‘zi Taker Karlsonga bergan intervyusida maqtangan. Kompaniyada barcha yirik bizneslarga xos bo‘lgan HR va boshqa bo‘limlar yo‘q. «Men hanuz ko‘plab funksiyalarni o‘zim ishlab chiqaman va bu funksiyalarni joriy etuvchi har bir injyener, dizayner bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zim gaplashaman. Men yagona prodakt-menejerman, chunki aynan shu yo‘l bilan rivojlanishga yordam bera olaman, deb hisoblayman», — deya ishonch bilan tushuntirgan Durov, Telegramʼni shishirilgan shtatlar va samarasiz jarayonlarga to‘la kompaniyalarga solishtirib.
Bu iqrordan kelib chiqadiki, Telegramʼda moderatsiya bilan ham hech qachon ko‘p odam shug‘ullanmagan. Avtomatlashtirish mumkin bo‘lgan narsalarning barchasi avtomatlashtirilgan, — deya vaziyatni tushuntirgan kompaniya ishi bilan tanish The Bell suhbatdoshi.
Telegramʼda kontent ustidan hech qanday nazorat yo‘q deb ham bo‘lmaydi. «Platformada uch darajali moderatsiya bor. Birinchisi — chat va hamjamiyatlarda, bu yerda u tashqi yechimlar ixtiyoriga topshirib qo‘yilgan», — deydi Combot moderatsion servisi asochisi Fyodor Skuratov. Bunday servislardan administratorlar o‘z chatlari va kanallaridagi moderatsiyani sozlashda foydalanishadi.
Ikkinchi daraja — bu shikoyatlar tizimi. Har qanday foydalanuvchi «Report» tugmasini bosib, o‘g‘irlangan, tahdid yoki zo‘ravonlikka yo‘g‘rilgan, pornografiya yoki bolalar uchun zararli kontent mavjudligini bildirib, istalgan ommaviy post ustidan shikoyat qilishi mumkin. Bu shikoyatlar moderatsiyasi bilan tashqi pudratchilar shug‘ullanishadi, aslo Telegramʼning shtatdagi xodimlari emas, deydi Skuratov. Ular qanchaligi va qayerdaligi esa — noma’lum.
Uchinchi daraja — bu asosan spamlarni va platformada inson uchun xos bo‘lmagan shubhali harakat qiluvchi boshqa patternlarni tutib oluvchi algoritmlar. Ular birinchi navbatda o‘zaro yozishmalardagi spamlarga qarshi kurashishi kerak. Avtomatlashgan moderatsiyani guruhli chatlarda ham sozlash mumkin, deydi Skuratov. Lekin unda aldamchi ishlab ketishlar ko‘p va u oldindan aytib bo‘lmaydigan holda ishlaydi — shu sababli chatlardan juda kam foydalaniladi. Biroq xuddi shu algoritmlar akkauntlarni o‘g‘irlashga qarshi kurashda yordam beradi. Shubhali kirishdan so‘ng bloklab, ular o‘g‘irlangan akkaunt orqali foydalanuvchi yuborgan so‘nggi shaxsiy yozishmalar va guruhdagi jo‘natmalarni o‘chiradi va bu bilan qurbonning tanishlari firibgarlar tuzog‘iga tushib qolishiga xalaqit beradi.
Har qanday platformada ikki yo‘l bor, deydi The Bellʼning boshqa bir suhbatdoshi. Xuddi Meta kabi har bir aksirish uchun bloklaydigan platforma bo‘lish mumkin yoki Telegram kabi hech narsani senzura qilmaslik kerak, deb hisoblash mumkin.
«Durov odamlar Telegramʼdagi shaxsiy yozishmalarida bir-biriga nima yozayotganiga umuman aralashmaslik kerak, deb ishonadi», — deya tadbirkorning mantig‘ini tushuntiradi uning tanishlaridan biri. «Agar men Durov kimningdir shaxsiy yozishmalarini kuzatishni o‘ziga lozim deb topadi, deb o‘ylaganimda men hech qachon Telegramʼdan foydalanmasdim», — deydi boshqasi.
Durov agar bu hech kimga xalaqit bermayotgan bo‘lsa, turaversin, degan prinsipni himoya qilgan. «Masalan, porno omma uchun ochiq chat va kanallarda e’lon qilinmasa, turaversin degan», — deya tasdiqlaydi Skuratov. Telegramʼda moderatsiyaning cho‘qqisiga eng avvalo foydalanuvchining komforti joylashtirilgan — unga yoqimsiz xabarlar yozmasliklari uchun. Biroq foydalanuvchining o‘zi Telegramʼda nimadir topib olishi uchun mohiyatan hech qanday cheklovlar yo‘q, deydi Skuratov.
Telegram tarixan moderatsiyaning maksimal avtomatlashtirilgan usullaridan foydalanishni taklif etishi uchun sabablardan yana biri — shtatni kengaytirmaslik: chunki bu loyihani kichik jamoaning barcha afzalliklaridan mosuvo etadi, shuningdek, xavfsizlikka ham tahdiddir. «Masalan, inson moderatorlarni yollash — bu bir tomonga chipta xarid qilishdir. Ular hech qachon yetarli bo‘lmaydi. Bu yana ma’lumot sizdirishlar xavfini oshiradi: ma’lumotlarga ulanish imkoniga ega insonlar qancha ko‘paysa, bu xavfsizlik uchun shu qadar yomon», — deydi Skuratov.
Ehtimol, Telegram endi paydo bo‘lgan paytlarda bu yondashuv ish bergandir. Biroq, muammo shundaki, juda tez ko‘tarilishi natijasida platforma hattoki shunday qoidalar to‘plamiga ham rioya etolmay qoldi va spetsifik kontent Telegramʼning omma uchun ochiq qismiga ham sizib o‘ta boshladi. Pirovard natijada insonlar va pul yetishmovchiligi tufayli Telegram shunchaki ulgura olmay qoldi, deydi Combot asoschisi.
Xufiyona biznes uchun marketpleys
Boshqa bir muhim shart-sharoit ham bor. Deyarli eng boshidan Telegram nafaqat messenjer, ijtimoiy tarmoq yo blog-platforma, shuningdek, marketpleys sifatida rivojlanishni oldiga maqsad qilgan. 2015 yilga keliboq platformada botlar yasash imkoniyati taqdim etildi va Telegramʼga ular bilan turli-tuman «sotuvchilar» kirib keldi.
Telegram mini-ilovalar — o‘sha botlarni yaratish imkoniyatini taqdim etgan ilk platforma bo‘ldi, — deydi The Bell bilan suhbatda Yevgeniy Antipov. Bu ham juda qulaylik yaratdi, chunki Apple va Google do‘konlaridan farqli o‘laroq Telegramʼda hech qanday moderatsiya yo‘q edi, demak ishlab chiquvchilar o‘z mini-ilovalarini qat’iy tekshiruvdan o‘tkazmasdan chiqaraverishlari mumkin bo‘ldi. Mohiyatan, Telegramʼdagi botlar uchun qoidalar chatlar uchun qoidalar singari edi. «Agar Telegram o‘z botlar marketini tashkillashtirganida, u e’lon qilinishidan avval moderatsiyani joriy qilishi kerak edi. Lekin bunday bo‘lmadi, binobarin hech qanday moderatsiya ham bo‘lishi mumkin emasdi», — deydi Antipov.
Bu ishlab chiquvchilar uchun to‘siqni olib tashladi va Telegramʼga ko‘plab turli-tuman bizneslar kirib kelishi uchun zamin yaratdi, deydi Antipov. Telegramʼning rusiyzabon segmentida ko‘plab sizdirilgan ma’lumotlar bazasi bo‘yicha qidiruv olib boruvchi botlar paydo bo‘ldi. «Biz Telegramʼda 2016-yillarda muqim o‘rnashib oldik», — deya bu so‘zlarni tasdiqlaydi The Bellʼning ma’lumotlar bozorida ishlovchi suhbatdoshi. «Biznes uchun Telegramʼning xufiyona zonasida ish olib borish juda qulay, boz ustiga u yerda hamma o‘tiradi — xizmatlarni mijoz bor joyda sotish ham qulay. Ham anonim», — deydi u. Bunday bizneslarda sotuv uchun kanallar yaratish, u yerga prayslarni joylashtirib, blokirovka va boshqa tashkiliy masalalarni tushuntirish imkoniyati ham qulay bo‘ldi, deb fikrini davom ettirdi u.
Monetizatsiya asiri
«Bu bizning DNKmizda: hech qanday ommaviy sotuvlar, hech qanday reklama va hech qanday investor pullari», — deb yozgan edi Telegram akkauntining administratori messenjer ishga tushirilganidan bir yil o‘tib, 2014 yilda Twitterʼda. Dastlabki paytlarda Durov yangi kompaniyasini o‘z pullari bilan ta’minlagan («V Kontakte»ning sotilishidan u 400 mln dollar ishlab olgan edi). 2015 yilga kelib, messenjer 60 mln foydalanuvchi to‘plaganda u oyiga bir million dollardan sarflay boshlagan. 2020 yilga kelib, auditoriya 500 milliongacha o‘sganidan so‘ng Durovning tan olishicha, Telegramʼni saqlab turish uchun yiliga yuzlab million dollar sarflana boshlagan. Hozir Telegramʼning o‘zi ta’kidlashicha, messenjerning faol foydalanuvchilari soni milliardga yaqinlashmoqda.
Monetizatsiya rejasini Durov kamida olti yildan buyon o‘ylab yuribdi. 2018 yilda u markazlashmagan blokcheyn-platforma — zamonaviy internet o‘rnini bosadigan, o‘z brauzeri, servislari va muqobil to‘lov kriptotizimiga ega, markaziy banklar va hukumatlar nazoratga ololmaydigan TON loyihasiga pul tikdi. Buni yaratish uchun pulni investorlardan o‘sha paytda urfga kirgan ICO jarayoni orqali jalb qilishga qaror qildi. Bitimga ko‘ra, blokcheyn ishga tushirilgach, investorlar uning Gram kriptovalutasini olishi lozim edi, u Telegram ichki ekotizimida ishlatilishi tufayli qadri oshib borar va shu yo‘l bilan investorlar tikkan pullarini ortig‘i bilan chiqarib olishardi. Investorlarga Telegram sarmoyalarini o‘n karra fenomenal oqlashini va’da qilgandi. 2018 yil boshida potensial xaridorlardan biriga kiritilgan summa 10-50 barobar bo‘lib qaytishini shama qilishgan, deyilgan keyinchalik Telegramʼning AQSh qimmatbaho qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasi (SEC) bilan sudlashuv materialida. Istiqbolli kriptovaluta sifatida bu davrda Gram marketingi bilan Durovning shaxsan o‘zi shug‘ullangan.
Ajiotaj juda katta bo‘ldi, daho Durovdan foydalanib boyib olishni istovchilar ko‘p bo‘ldi. «Yodimda, Davosdagi forumda (2018 yil yanvari oxirlarida) Oleg Deripaska kecha tashkillashtirdi va Durov unda mehmon bo‘lgan. Uning oldiga katta biznesmenlar kelib, TON haqida so‘ray boshlaganda, ular qaytarib yuboravergandi», — deya eslaydi The Bell bilan suhbatda o‘sha yerda hozir bo‘lgan investorlardan biri. Natijada investitsiyalarning ikki bosqichida Telegram loyihasi uchun 175 investordan 1,7 mlrd dollar jalb qila olgan. Ularning orasida Kremniy vodiysining Kleiner Perkins, Benchmark va Sequoia Capital kabi yirik fondlari ham bo‘lgan. Rossiyalik investorlar orasida sarmoya yotqizganini o‘zlari tan olgan David Yakobashvili va Sergey Solonindan tashqari, Roman Abramovich, Said Gutseriyev va sobiq vazir Mixail Abizov bor deyishadi.
Biroq, alaloqibat ICO Telegram uchun katta muvaffaqiyatsizlik bilan yakun topdi. Durov hattoki o‘z kriptovalutasini SECʼda ro‘yxatdan o‘tkazishga ham urinmagan, biroq Amerikaning nazorat organi bunga ko‘z yumishni istamay, loyihani sudga bergan, Telegram esa sudda yutqazgan. Milliardlab dollar bilan o‘lchanadigan ikki yarim yillik raunddan so‘ng Durov TON uzil-kesil yopilishini e’lon qildi. Bu vaqtga kelib u jalb qilingan pullardan bir necha yuz millionini sarflab ham bo‘lgan edi. «Garchi investorlarning xotirasi qisqa bo‘lsa ham, qo‘llari uzun», deya e’tiroz bildirgandi o‘shanda The Bell bilan suhbatda investorlardan biri. Ular so‘nggi daqiqalargacha blokcheyn ishga tushirilmasa ham, pullarni qaytarish yo kompensatsiya to‘lash borasida «Pavel nimadir o‘ylab topadi», deb umid qilishdi.
Pavel faqat obligatsion qarzlar o‘ylab topishni uddaladi. Qolgan yillarda Telegram faqat qarz olish bilan mashg‘ul bo‘ldi. So‘nggi uch yil ichida kompaniya 2,3 mlrd dollardan ziyodroq qiymatga bondlar joylashtirdi. Biroq Durov monetizatsiya bilan tajribalarini davom ettiraverdi. «Bizda hech qachon reklama bo‘lmaydi», degan murosasiz pozitsiyadan «Biz hech qachon Telegramʼda 30 soniyalik roliklar ko‘rsatmaymiz»ga o‘tildi. «Agar biz qachondir reklama joriy etsak, u faqat serverga yuklama tushiruvchi va xizmat ko‘rsatish qimmatga tushuvchi yirik kanallarda namoyish etiladi», — deb yozgandi u 2021 yil yanvarida.
Pirovardida Telegramʼda chindan ham reklama paydo bo‘ldi. The Bell suhbatdoshlari uning samaradorligini baholar ekan, butun 2023 yil uchun 50-100 mln dollar raqamlarini qayd etishgan. Telegramʼning o‘zi o‘shanda bu raqamlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlagan. Reklamadan tashqari Telegram Premium pulli xizmatiga obunani ishga tushirdi va u platforma tushumining sezilarli qismini tashkil etishi lozim edi. Yil boshida Durovning o‘zi 5 million pulli obunachi haqida yozgan edi, ularning ayni paytdagi soni qanchaligi noma’lum.
Shu yil yozida Telegram o‘z ichki valutasini ishga tushirdi — Gram o‘rniga Stars keldi. Endi Telegram ichida sotiladigan tovarlar va xizmatlar uchun rasman faqat unda to‘lov qilish mumkin. Starsʼning paydo bo‘lishi zarur shart edi: aftidan, platforma ichida o‘z shaxsiy do‘konidan tashqarida to‘lovlar o‘tayotganidan norozi Apple Telegram bilan qasdlashib qolgan. Durovning o‘zining yozishicha, Starsʼning paydo bo‘lishi mini-ilovalarga «raqamli xizmatlar uchun android va iOS ilovalarida eng sodda to‘lov usulidan foydalanib to‘lovlarni qabul qilish imkonini yaratadi». Faktga ko‘ra, Telegramʼda ilova ichida to‘lovlardan o‘zining kichik komissiyasini olish imkoniyati paydo bo‘ldi, biryo‘la ichki tranzaksiyalarni «shaxssizlantirish» ham mumkin: endi foydalanuvchi xizmat sotayotganlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lov qilmaydi, servisning qandaydir ichki valutasini shunchaki xarid qiladi.
Yaqin-yaqingacha Telegramʼning pul ishlashga bo‘lgan urinishlari nima bilan tugagani noma’lum edi. Lekin endilikda The Financial Times platformaning o‘tgan yilgi moliyaviy ko‘rsatkichlarini o‘rganishga muvaffaq bo‘lgan. Kompaniya hamon ziyonda. Telegram tushumi 342 mln dollarga teng bo‘lgan, operatsion zarar — 108 mln dollar, soliqlar to‘langanidan keyingi zarar — 173 mln dollar. Kompaniya o‘z balansida ushlab turgan kriptoaktivlar qiymati oshishi hisobiga moliyaviy yo‘qotishlarini qisman qoplamoqda. Ularning umumiy qiymati o‘tgan yili 400 mln dollarga baholangan. 2024 yilda Telegram o‘zining Toncoin zaxiralaridan bir qismini 224 mln dollarga sotgan ham. Durov Parijda hibsga olinganidan so‘ng o‘tgan bir hafta ichida Toncoin 20 foizga arzonlashib ketgan.
Endi nima bo‘ladi?
Durovning ushlanishi uning kompaniyasi uchun moliyaviy halokatga aylanib ketishi mumkin, deb yozadi FT. 2,3 mlrd dollar qarzni grafik bo‘yicha kompaniya 2026 yil martigacha so‘ndirishi kerak. Bu vaqtga kelib bond xaridorlari o‘z pullarini foizi bilan ortga qaytarib olishlari kerak (obligatsiyalar yillik 7 foiz daromad bilan chiqarilgan), yoki diskont bilan IPO'da ishtirok etishi kerak (2026 yil martigacha bu diskont 20 foizgacha o‘sishi kerak). Agar avval Telegram IPOʼsiga oid rejalarga g‘oyaviy savollar bo‘lgan bo‘lsa — asoschi sifatida tashqi nazoratdan qochib, kompaniyaga boshqa investorlarni yaqinlashtirmagan Durov direktorlar kengashi, shtatdagi «ortiqcha kishilar» va har choraklik hisobotga rozi bo‘lishi kerak — endi hozirgi sharoitlarda joylashtirish imkonlimi degan savol ko‘ndalang bo‘ldi. FTʼning hisoblashicha, bu amalda imkonsiz: Durovga qarshi ish shundoq ham zararga kirib yotgan biznesga katta ziyon keltirishi mumkin.
Biroq optimistlar ham bor: IT investitsiya qilgan Anton Agranovskiy o‘z Telegram kanalida yozishicha, alohida olingan yildagi zararlarga qarab, Telegramʼning juda tez ko‘tarilgani va to‘lovga qodir auditoriyani hisobga olmaslik g‘alati. «Bunday mantiq bilan Twitter (endilikda X) 2023 yil avvalida yopilib ketishi kerak edi. O‘sish sur’atlari, rivojlanishga sarmoyalar va bu sarmoyalardan kutilmalar majmuasida Telegram raqamlarini ko‘plab investorlar juda ajoyib deb qabul qilishadi», degan ekspert.
Hozircha yangiliklar investorlarni asabiylashishga majbur qilmoqda: Durov hibsga olingach kompaniya obligatsiyalari bir dollardan 90 sentgacha tushib ketgan. Biroq Telegram tinchlantirishga shoshilmayapti: obligatsiya xaridorlaridan birining aytishicha, o‘tgan bir hafta ichida messenjer vakillaridan hech kim u bilan aloqaga chiqmagan.
Bizga bundan nima?
Telegram to‘qnash kelgan muammolar milliard foydalanuvchi bilan bog‘liq biznesga jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Buni faqat Durovning erksevarligi bilan tushuntirish yaramasa kerak — chunki u pragmatik bo‘lishni ham eplar ekan, zaruriyat tug‘ilsa Medvedev bilan ham, Makron bilan ham gaplashar ekan. Bu o‘tgan davr ichida Durov turli davlatlarda alohidalik va jamoat xavfsizligi orasida muvozanatga erishib kela olgan. Endi taxmin qilish mumkinki, agar Telegramʼda kuchli monetizatsiya modeli paydo bo‘lganida u o‘z xavfsizligi uchun ko‘proq e’tibor qaratgan bo‘lardi — uning barcha katta raqobatchilari shunday qiladi. Telegram va uning barcha foydalanuvchilari, jumladan bizda ikkinchi imkoniyat bo‘ladimi-yo‘qmi, yaqinda bilib olamiz.
Mavzuga oid
07:46 / 07.11.2024
IIBB internetda firibgarlikning yangi ko‘rinishi avj olgani haqida ogohlantirdi
18:03 / 03.11.2024
Telegram mini-ilovalar uchun yangi funksiyalarni joriy qiladi
19:23 / 02.11.2024
Belgiya Telegram tergovida Fransiya bilan hamkorlik qiladi
10:45 / 02.11.2024