Jahon | 17:16 / 05.09.2024
15370
12 daqiqa o‘qiladi

“Bitta farzand” siyosatidan so‘ng: xitoylik ayollar haligacha bolali bo‘lishni xohlamayapti

Xitoyda 1979 yildan 2015 yilgacha amal qilgan “bir oilaga bir farzand” siyosati o‘tmishda qoldi, lekin xitoyliklar uning asoratini unutganicha yo‘q. Bugun mamlakatda tug‘ilish darajasini oshirishga qaratilgan urinishlar samarasiz kechmoqda.

1980-yillardagi plakatda shunday deyilgan: “Millatni yoshartirish uchun aholi o‘sishini nazorat qiling”.
Foto: David Pollack / Corbis / Getty Images

Xitoy uzoq yillar davomida “bitta farzand” siyosatini yuritib, ikkinchi farzandni dunyoga keltirgan oilalarni qattiq jazolardi. Bittadan ortiq farzand ko‘rgan ota-onalar jazodan qochish uchun bolasiga biror qarindoshining familiyasini berishga majbur bo‘lgan, deya yozadi CNN.

Rasman amakisining qizi sifatida ro‘yxatga olingan Fang ismli xitoylik ayol bolaligini shunday eslaydi:

“Uchinchi sinf paytim o‘qituvchi ota-onam kimligini so‘raganida nima deb javob berishni bilmaganman. Unga biologik ota-onam haqida aytishim kerakmidi yoki amakim haqida, aqlim yetmasdi”.

XXR hukumati yaqinlashib kelayotgan demografik inqirozni to‘xtatish uchun farzand ko‘rish bo‘yicha 1979 yilda kiritilgan cheklovni 2015 yildan bittadan ikkitaga, 2021 yilda esa uchtaga oshirdi. Lekin bugun Fang singari xitoylik yosh ayollarning aksariyati farzand ko‘rishni istamaydi, bu esa hukumatga hozirgi kampaniyani samarali amalga oshirishni qiyinlashtiradi.

Fang 1990 yillarda tug‘ilgan, bu davrda “bitta farzand” cheklovi eng qat’iy tus olgandi. Fang tug‘ilganidan atigi bir yil o‘tgach, onasi “noqonuniy” tarzda ikkinchi farzandiga homilador ekani ma’lum bo‘ldi. Jazoga uchramaslik uchun oila Fangni qarindoshlariga berib yubordi.

Hozir Fang 30 yoshda, u turmushga chiqqan, lekin farzand ko‘rishni xohlamaydi.

“Bolaligimda boshdan kechirgan barcha qo‘rquv, shubha va ishonchsizliklar hozirgi holatimga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatadi”, – dedi u.

Katta qizlarni qurbon qilish

To‘ng‘ich farzand Fangning yashirilishi oilani xonavayron bo‘lishdan qutqargan. Hukumat jazo sifatida oila boquvchisini ishdan haydashi, onani abort va sterilizatsiyaga majburlashi mumkin edi. 10 yoshida Fang nihoyat uyiga qaytishga ruxsat oldi, lekin baribir rasmiy hujjatlarda katta amakisining qizi sifatida qoldi.

Xitoyning Sian Jiaotong universiteti qoshidagi Aholishunoslik va ijtimoiy siyosatni o‘rganish markazi direktori Li Shuzuoning so‘zlariga ko‘ra, “bitta farzand” siyosati amal qilgan 30 yil davomida 20 millionga yaqin qiz chaqaloqlar yo abort qilingan, yoki chaqaloqlik paytida o‘ldirib yuborilgan.

Xitoyliklarni faqat bitta farzand ko‘rishga chaqiruvchi lavha. Pekin, 1983 yil 1 yanvar.
Foto: Bettmann / Getty Images

Uch farzandning to‘ng‘ichi bo‘lgan 25 yoshli Yaoning bolaligi ham shunday kechgan.

U Shandun provinsiyasining shimoli-sharqidagi qishloqda tug‘ilgan. “Bitta farzand” siyosatiga kiritilgan o‘zgarishlar doirasida, Shandun bilan birga yana 19 ta provinsiyada er-xotinga bir farzandi qiz bo‘lsa, ikkinchi marta bola ko‘rishga ruxsat berilgan. Bu esa an’anaviy tarzda o‘g‘il farzand ko‘rishni afzal ko‘radigan aholi qatlamida, qiz farzand ko‘rishdan qochishni yanada avj oldirgan, o‘tgan vaqt davomida qizlar o‘g‘il bolalarga nisbatan “ikki barobar” kam tug‘ilgani shu bilan bog‘liq, deyiladi 2023 yilda Xitoyda o‘tkazilgan tadqiqot xulosalarida birida.

Yaodan keyingi farzand qiz edi (hukumat bunga ruxsat bergan), ammo keyin onasi uchinchi marta homilador bo‘ldi (bu esa taqiqlangan) va ko‘p o‘tmay Yao singlisi bilan boshqa qishloqqa qochib ketdi. U bobosi va buvisining qo‘lida ulg‘aydi.

Yaoning aytishicha, onasi potensial majburiy abortdan qochish uchun homiladorligini sir tutishga majbur bo‘lgan. Ammo “ortiqcha farzand” dunyoga kelganidan keyin, o‘g‘lini ham rasman o‘ziniki sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishga uringan, natijada 50 ming yuan (taxminan 7 ming dollar) miqdorida jarima to‘lagan.

O‘sha voqealar fonida Yao qariyb bir yil davomida onasi bilan aloqalari uzilib qolganini eslaydi.

“O‘shanda bor-yo‘g‘i birinchi sinf o‘quvchisi edim va meni maktabga olib boradigan odam bo‘lmagan, – deb eslaydi Yao. – O‘zimni juda yolg‘iz his qilardim”

Siyosat o‘zgardi, lekin...

2021 yilda uch farzandlilik siyosatini boshlaganidan beri Pekin “tug‘ilish madaniyati”ni shakllantirish bo‘yicha umummilliy kampaniyalar olib bormoqda, chunki Xitoy aholisi xavotirli sur’atda qisqarib, keksayib bormoqda.

Bir paytlar bittadan ortiq farzand tug‘ilishi xavfi haqida ogohlantiruvchi shior va plakatlar o‘rnini endi ko‘proq farzand tug‘ishga da’vat etuvchi chaqiriqlar egalladi. Mahalliy hokimiyat organlari ko‘chmas mulk uchun subsidiyalardan tortib, dekret ta’tilini uzaytirishgacha bo‘lgan rag‘batlarni yo‘lga qo‘ydi.

May oyida Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi mahalliy byurolarga ijtimoiy tarmoqlarda “tug‘ilish sur’atini oshirish” mavzusida postlar tarqatish, jamoat bog‘lariga plakatlar osish haqida topshiriq berdi.

Bu qadam ijtimoiy tarmoqlarda kinoyali izohlar bilan kutib olindi, odamlar “bitta farzand” g‘oyasini qo‘llab-quvvatlovchi eski shiorlarni eslata boshladi: “Farzandlaringiz kam bo‘lsa, farovonroq yashaysiz”, “Boy bo‘lishni istasangiz, kamroq farzand ko‘ring, ko‘proq daraxt eking”.

Xitoyning Hubey provinsiyasi Yichang shahrida “Uch farzand siyosatini amalga oshiramiz va aholi o‘sishini optimallashtiramiz” deb yozilgan lavha. 2024 yil 17 yanvar.
Foto: CFOTO / Future Publishing / Getty Images

Bu gaplar faqat istehzo uchun aytilmayapti – yillar davomida odamlar kommunistik partiyaning avvalgi ta’limotlarini qabul qilgan va ularga chinakamiga amal qilmoqda.

YuWa aholishunoslik tadqiqotlari instituti tomonidan tayyorlangan, 2024 yil uchun Xitoyda tug‘ilish to‘g‘risidagi hisobot ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatda tug‘ilishning umumiy koeffitsiyenti, ya’ni ayolning reproduktiv yoshi davomida tug‘ilgan bolalarning o‘rtacha soni 1,0 ni tashkil etgan.

Bu demografik jihatdan aholi sonini barqaror ushlab turish uchun zarur 2,1 ko‘rsatkichdan ancha past bo‘lib, iqtisodiyoti eng yirik davlatlar orasida Xitoyni ikkinchi o‘ringa qo‘ymoqda.

2023 yilda e’lon qilingan shaharlarda tug‘ilish koeffitsiyenti (0,6) ma’lumotlariga ko‘ra, tug‘ilish kamligi Xitoyning eng boy shahri Shanxayda ayniqsa achinarli ahvolda – bu yerda barcha ayollarning taxminan yarmi butun reproduktiv davr mobaynida farzand ko‘rmaydi.

Qoyadan tepib yuborilgan tosh

Viskonsin universitetining Xitoy demografiyasi bo‘yicha mutaxassisi Yi Fusyanning aytishicha, mamlakat aholi qisqarishini to‘xtatish yo‘lida uchta asosiy to‘siqqa duch kelmoqda: tug‘ilishning pastligi, bolalar tarbiyasi uchun xarajatlar ko‘pligi va bepushtlik darajasining ortishi.

“Bu muammolar orasida Pekinga bog‘liq yagona muammo – narxlarni pasaytirish”, – deydi Yi.

Kompartiyaning iyul oyidagi yig‘ilishida bolali bo‘lganlarga beriladigan rag‘batlar, xususan subsidiyalarni ko‘paytirish va bola parvarishlashni arzonlashtirish taklif qilindi.

Biroq qarzga botgan mahalliy hokimiyat organlari, xususan, uch yillik pandemiya va ko‘chmas mulk bozorining inqirozidan keyin qiyinchilik bilan tiklanayotgan muassasalarning aksariyati, bu majburiyatlarni budjeti ko‘paygandagina bajara olishi mumkin, bu esa partiyaning tug‘ilish darajasini oshirishga bo‘lgan urinishini puchga chiqaradi, deb hisoblaydi Yi.

Iyun oyi boshida davlatga qarashli “Jiemian” nashri mamlakatda bolalarni parvarishlash bo‘yicha eng yuqori subsidiyalar bor-yo‘g‘i 57 800 yuanni (taxminan 8000 dollar) tashkil etishini yozgandi.

YuWa hisobotiga ko‘ra, Xitoyda 18 yoshgacha bo‘lgan bolani tarbiyalash xarajatlari aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIMning 6,3 baravarini tashkil etadi, bu esa birgina qo‘shni Janubiy Koreyaga qaraganda 7,8 baravar yuqori.

Bu raqamlar, tabiiyki, aholining farzand ko‘rishni kechiktirishiga sabab bo‘lmoqda.

“Xitoy kam tug‘ilish tuzog‘iga tushib qoldi va bu ko‘rsatkich faqat pasayib boradi,” – deya ogohlantirmoqda Yi.

“Kam tug‘ilish tuzog‘i” o‘zini-o‘zi kuchaytiruvchi sikl bo‘lib, unda tug‘ilishning pastligi (odatda 1,5 dan kam) aholining qarishiga va iqtisodiy turg‘unlikka olib keladi. Oqibatda farzand tug‘ilishi yanada sekinlashib, umumiy ko‘rsatkich pasayishda davom etadi.

“Xitoyda iqtisodiyot rivojlangani sari tug‘ilish darajasi ham tog‘ yonbag‘ridan asta-sekin dumalayotgan ulkan tosh kabi, tabiiy ravishda pasayishi kerak edi. Lekin “bitta farzand” siyosati qoyadan toshni tepib yuborish bo‘ldi – endi uni ortga qaytarish juda qiyin”, – deydi Viskonsin universiteti mutaxassisi.

“Davlat zo‘ravonligi”

Yuqorida aytilganidek, Xitoyda tug‘ilish bilan bog‘liq qarorlarga iqtisodiy masalalar (farzand o‘stirishning qimmatligi va boshqalar) eng ko‘p ta’sir qiladi.

Lekin, xitoylik taniqli feminist Lyu Pinning so‘zlariga ko‘ra, farzand ko‘rish bu faqat moliyaviy masala emas. “Oilani majburiy rejalashtirish, davlat zo‘ravonligining bir turi sifatida, ayollarga og‘ir jarohat yetkazgan”, – deydi u.

Xitoyning Hubey provinsiyasi, Uxan shahridagi Xankou bog‘idagi maket. Bu maket dastlab bir bolali oilani targ‘ib qilgan, siyosat o‘zgargach, unga ikki nafar bola maketi qo‘shib qo‘yilgan.
Foto: Stringer / AFP / Getty Images

Majburiy abortlar va sterilizatsiya, bittadan ko‘p farzand ko‘rishni taqiqlovchi Xitoy “ijtimoiy injineriyasi”ning eng jirkanch ko‘rinishi sifatida, yuz millionlab xitoylik ayollarda ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan o‘chmas iz qoldirdi.

The Paper davlat axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 1980 yildan 2014 yilgacha bo‘lgan davrda 324 million xitoylik ayolga bachadon ichi spirallari o‘rnatilgan, 107 million ayolda homiladorlikning oldini olish uchun bachadon naylari berkitilgan. Yillar o‘tishi bilan bu vositalar ayollarning salomatligiga xavf solishni boshladi.

“Endi ayollardan bularning barchasini unutib, ko‘proq tug‘ish kutilyaptimi? Bu ehtimoldan yiroq”, – deya xulosa qiladi Lyu Pin.

Mavzuga oid