Jahon | 18:39 / 06.09.2024
8350
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston o‘z fuqarolarini Rossiyaga borishdan vaqtincha tiyilishga chaqirdi

Qozog‘iston esa o‘z fuqarolariga Ukrainani tark etishni tavsiya qildi.

Foto: TASS

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi o‘z fuqarolariga Rossiyaga sayohat qilishdan vaqtincha voz kechishni tavsiya qildi.

«Rossiya hududida joriy qilingan qo‘shimcha xavfsizlik choralari va chet el fuqarolarining davlat chegarasi orqali o‘tishi ustidan kuchaytirilgan nazorat rejimi davom etayotgani tufayli, Qirg‘iziston Respublikasining Rossiyadagi elchixonasi Qirg‘iziston fuqarolariga Rossiyaga borish uchun uzrli sabablari bo‘lmaganda, yuqorida ko‘rsatilgan choralar olib tashlangunga qadar sayohat qilishdan vaqtincha tiyilishini so‘raydi», deyiladi departament xabarida.

Tavsiya Markaziy Osiyo davlatlaridan borgan migrantlarning Rossiyada bo‘lishi ustidan nazorat kuchaytirilishi, xususan, deportatsiya qilinganlar sonining ko‘payishi va migrantlarning Rossiyaga kirishini cheklashi haqidagi xabarlar fonida berilgan.

Shu bilan birga, Qozog‘istonning Ukrainadagi elchixonasi qozog‘istonliklarga «ortib borayotgan keskinlik va xavfsizlik nuqtai nazaridan» Ukrainani tark etishni tavsiya qildi.

Elchixona xabarida ta’kidlanishicha, Qozog‘iston fuqarolari Ukrainadan qaytish uchun quruqlik yo‘llari: Polsha yoki Moldova orqali, shuningdek, havo qatnovlaridan foydalanishi mumkin. Bundan tashqari, Polsha orqali ketayotganda, Qozog‘iston fuqarolari Shengen vizasiga ega bo‘lishlari kerak, ammo Moldovaga kirish uchun viza talab qilinmaydi.

Mavzuga oid