Smartfonlar miya saratoniga sabab bo‘lishi haqidagi fikrlar asossiz deb topildi
Anchadan beri jamoatchilik va ilmiy doiralarda telefonlarning sog‘liqqa jiddiy ta’siri haqida xavotirlar yuradi. JSST homiyligida o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqot bu xavotirlarga javob berdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) buyurtmasi asosida o‘tkazilgan tizimli tahlillar mobil telefonlardan foydalanish miya saratoni rivojlanishi xavfini oshirmasligi haqida ishonchli dalillarni taqdim etdi — shu paytgacha ayrimlar buning aksini ta’kidlab kelgan.
The Conversation nashri yozishicha, qurilmalar bu jihatdan xavfsiz ekani aniqlangan bo‘lsa-da, ularning organizmga boshqa ta’sirlari hamon shubha ostida qolmoqda.
Environment International jurnalida e’lon qilingan natijalar sharhi hozirgi kunga qadar eng ishonchlisi hisoblanib, unda 5000 dan ortiq tadqiqot ma’lumotlari tahlil etilgan. Bular orasida 1994 yildan 2022 yilgacha bo‘lgan davrda o‘tkazilgan 63 ta muhim izlanishlar ham bor.
Tadqiqot natijalari mobil telefonlardan tarqaladigan radioto‘lqinlar va miya saratoni o‘rtasida sezilarli aloqa yo‘qligi haqida ancha oldin shakllangan ilmiy qarashga mos keladi.
Mobil telefonlarni salomatlik uchun potensial xavf sifatida ko‘rish ulardan foydalanish paytida smartfonlarning boshga yaqin tutilishi va radioto‘lqinlar tarqatishi bilan bog‘liq xavotirlar ortidan kelib chiqqan. Mobil qurilmalardan uzoq vaqt foydalanish saraton kasalligini keltirib chiqarishi mumkinligi to‘g‘risida jamiyat va ilmiy doiralarda doimiy munozaralar o‘tkaziladi. Biroq avvalgi tadqiqotlarga nisbatan ancha keng qamrovli va yangi izlanishlarni o‘z ichiga olgan so‘nggi tahlilda, mobil telefonlar bu borada xavfsiz ekani haqida yanada ishonchliroq dalillar keltirildi.
Unda, shuningdek, JSST tarkibiy qismi bo‘lgan Xalqaro saraton kasalligini tadqiq etish agentligining 2011 yildagi tasnifi ham ko‘rib chiqilgan. Tasnifda radioto‘lqinlar ta’siri “inson uchun mumkin bo‘lgan kanserogen” sifatida baholangan. Ushbu tasnif cheklangan va unchalik xolis bo‘lmagan kuzatuv tadqiqotlariga asoslangandi, deydi Vullongong universiteti radiatsiya tadqiqotlari va maslahatlari bo‘yicha direktori hamda dotsent Sara Lafran.
Yangi natijalar mobil telefonlarning saratonga sabab bo‘lishi haqidagi g‘oyani qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli dalillar yo‘qligini tushuntirishga yordam bermoqda.
Sharhda, shuningdek, mobil telefonlardan o‘n yil va undan ortiq foydalanish organizmga qanday ta’sir qilishi ko‘rib chiqilgan. Natijada, telefon ishlatish chastotasi va davomiyligidan qat’i nazar, miya saratoni yoki bosh va bo‘yin sohasida boshqa turdagi saratonlar rivojlanishi xavfining oshishi aniqlanmadi. Zamonaviy dunyoda mobil telefonlar va boshqa simsiz texnologiyalar keng tarqalganini hisobga olsak, bu xulosa juda muhim ahamiyat kasb etadi, deyiladi maqolada.
Lafran bu natijalar mobil telefonlarning nurlanishiga oid milliy va xalqaro xavfsizlik standartlarining samaradorligini tasdiqlaydi, degan fikrda. Biroq olimlar texnologiyalar rivojlanishi bilan kelajakda radioto‘lqinlar ta’siri xavfsizlik chegaralaridan o‘tib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tadqiqotlarni davom ettirish zarurligini ta’kidladi.
#smartfon #saraton #JSST #nurlanish
Mavzuga oid
19:15 / 15.11.2024
JSST: 2018 yildan beri dunyoda tibbiyot muassasalariga 7,4 mingdan ortiq hujum uyushtirildi
18:19 / 13.11.2024
JSST maktab o‘quvchilariga yuklama ortib borayotganidan xavotirda
12:58 / 13.11.2024
Mobil qurilmalar erasi: eng ko‘p sotilgan telefonlar
18:52 / 08.11.2024