Jahon | 11:25 / 09.09.2024
1948
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda gender tengligiga XXII asrgacha erishib bo‘lmaydi - tadqiqot

Tahlilchilar jamiyatda teng huquqlilik hukm surishi uchun yana 90 yildan ortiq vaqt kerak deb hisoblamoqda.

Foto: Emanuele Cremaschi/Getty Images

Dunyo bo‘ylab hozirgi ijtimoiy tendensiyalar saqlanib qolsa, global gender tengligiga XXII asrga qadar erishilmaydi. Equal Measures 2030 koalitsiyasining tadqiqot natijalari shunday xulosa bermoqda. Ushbu koalitsiya gender tengligiga erishish yo‘lida jamiyat taraqqiyotini baholash usullarini ishlab chiqadigan yetakchi mintaqaviy va xalqaro tashkilotlarning qo‘shma loyihasidir.

Tadqiqotchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda hech bir davlatning yo‘li 2030 yilgacha gender tenglikka olib bormaydi. Bugun tug‘ilgan qiz bola jamiyatda teng huquqlilik hukm surayotganini ko‘rishi uchun 97 yoshgacha (o‘rtacha umr davomiyligidan ham ko‘proq) kutishiga to‘g‘ri keladi, deb ta’kidladi Equal Measures 2030.

Tahlilchilar aniqlashicha, 2019–2022 yillar oralig‘ida dunyo mamlakatlarining qariyb 40 foizida (ularda 1,1 milliarddan ortiq xotin-qizlar yashaydi) gender tenglik darajasi pasaygan yoki turg‘unlik holati qayd etilgan.

Shu bilan birga, Equal Measures 2030 ekspertlarining ta’kidlashicha, kelgusi olti yil ichida dunyoda yangi global muammolar paydo bo‘lishi xavfi mavjud, ular “gender tengligi sohasida erishilgan kichik yutuqlarni ham yo‘qqa chiqarishi mumkin”.

Misol tariqasida tadqiqotchilar ayollarning ahvoliga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan bir nechta inqirozlarni keltirdi:

  • “demokratik inqiroz” — iqtisodiy tengsizlikning kuchayishi, ijtimoiy va siyosiy qutblanish hamda fuqarolik jamiyati faoliyati uchun imkoniyatlarning torayishi;
  • “xavfsizlik va himoyalanganlik inqirozi” —jismoniy daxlsizlik va genderga asoslangan zo‘ravonlik, harbiy mojarolar, iqlim muammolari;
  • “resurs inqirozi” —xalqaro moliyaviy oqimlarning beqarorligi va mamlakatlarda qat’iy tejamkorlik choralari.

Bunday inqirozlar fonida ham gender tengligini ta’minlash uchun Equal Measures 2030 ekspertlari turli mamlakatlar hukumatlari uchun bir nechta tavsiyalar ishlab chiqdi. Xususan, ular xotin-qizlarning mamlakat ijtimoiy hayotida ishtirok etishiga ko‘maklashish, qonunlarni isloh qilish va gender tenglik siyosatini samarali qo‘llash, statistika tizimlarida mavjud bo‘lgan gender bo‘shliqlarni bartaraf etish, ijtimoiy infratuzilmaga investitsiyalarni ko‘paytirishni taklif qilmoqda.

Hukumatlarga berilgan boshqa tavsiyalar orasida o‘smir qizlar va yosh ayollarning ehtiyojlarini aniqlash va ularga munosib javob berish, feminist tashkilotlar va harakatlar uchun imkoniyatlar yaratish, gender tenglik masalalarida xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar bor.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid