Jahon | 16:23 / 10.09.2024
2492
3 daqiqa o‘qiladi

Televizor pulti yuqumli viruslar manbai ekani tasdiqlandi

Amerikalik mutaxassisning ta’kidlashicha, uydagi pult hojatxona, rakovina jo‘mragi, eshik tutqichlari va hatto yuvilmagan ko‘rpa-to‘shaklardan ham kirroq hisoblanadi.

AQShda bir qator nufuzli universitetlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar televizorning pulti uydagi eng kir buyum va yuqumli viruslar o‘chog‘i hisoblanishini tasdiqladi.

Televizorni masofadan boshqaradigan gadjetga bir kunda nechta qo‘l tegadi. Ba’zida pult polga tushib ketadi yoki televizor orqasida chang yig‘adi. Ekran oldida ovqatlanayotganda, yog‘li qo‘llar bilan pultga tegiladi. Yanayam yomoni, kimdir pultga qarab aksirgan, yuvilmagan qo‘llari bilan ushlagan va hatto ustidan bosib o‘tgan bo‘lishi mumkin. Bunga hissa qo‘shadigan yana bir omil shundaki, pult tez kirlanadi, uni tozalash esa qiyin. Chunki pultlardagi tirqishlar ishni murakkablashtiradi.

Arizona universitetining atrof-muhit mikrobiologiyasi bo‘limi mutaxassisi doktor Charlz Gerbaning ta’kidlashicha, uydagi pult hojatxona, rakovina jo‘mragi, eshik tutqichlari va hatto yuvilmagan ko‘rpa-to‘shaklardan ham kirroq hisoblanadi.

Virjiniya universiteti tadqiqotchilari o‘zlari tekshirgan pultlarning yarmida shamollash viruslari mavjudligini aniqladi. Faol mikroblar bunday pultlarda kamida 24 soat yashay oladi: hatto bitta tugmani bosish orqali kasallikni yuqtirib olish mumkin.

Bu faqat uydagi holat. Sayohatga chiqqanda mehmonxonadagi televizor pultiga qo‘l tekkizishda yanada ehtiyotkor bo‘lish lozim, chunki xonadagi eng kir buyum aynan pult sanaladi. Qolaversa, avvalgi mijozlar tozalikka qanchalik rioya qilgani noma’lum.

Pultlar qanday tozalanadi?

Pultlarni muntazam ravishda tozalash juda muhim. Masofaviy boshqaruv qurilmasini tozalashda quyidagilar tavsiya etiladi:

  • Pult yuzasini tozalash uchun spirtli mato yoki salfetkalardan foydalaning;
  • Tirqishlardagi chang va oziq-ovqat zarralarini chiqarib tashlang;
  • Pultni plastik qoplama bilan o‘rash ham mumkin. Uning yuzasini tugmalar funksionalligiga putur yetkazmasdan osonlik bilan tozalash mumkin bo‘ladi. Ammo qoplamani vaqti-vaqti bilan almashtirishni unutmaslik lozim.

AQShdagi New Remote Inc. kompaniyasi rahbarlari sog‘lik uchun ancha xavfsiz pultni ishlab chiqqani aytilmoqda. Clean Remote nomli universal pult tekis, tugmalar o‘rniga bo‘rtiqlardan iborat, tirqishlarsiz va yuzasi bakteriyalarga chidamli qilib yaratilgan. Ta’kidlanishicha, ushbu pultni dezinfeksiyalovchi vosita bilan osongina artib tozalash mumkin, bunda mikroblar va kirlar to‘planadigan tirqishlar qolmaydi.

Qayd etilishicha, AQShdagi qator kasalxonalar va mehmonxonalar Clean Remote pultlaridan foydalanishga o‘tmoqda.

Mavzuga oid