O‘zbekiston | 16:57 / 17.09.2024
19619
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosida poyezdning nosoz holati sabab mega tirbandlik yuzaga keldi

“Kosmonavtlar” bekatidan harakatlanishi kerak bo‘lgan poyezdda texnik nosozlik yuzaga kelib, u joyidan harakatlanmay qolgan. Buning natijasida liniyaning “Beruniy” bekatida yo‘lovchilar to‘planib, yirik tirbandlik yuzaga kelgan.

Foto: Videodan kadr

Tarmoqlarda Toshkent metrosining “Beruniy” bekatida odamlar yig‘ilib, juda katta navbat yuzaga kelgani aks etgan videolar tarqaldi.

Transport vazirligining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, holat shu yil, 16 sentabrda “Kosmonavtlar” bekatidan ketishi kerak bo‘lgan 33-sonli harakat tarkibining nosozligi sabab yuzaga kelgan.

Qayd etilishicha, bunday vaziyat o‘sha kuni soat 13:23 lar atrofida bo‘lgan.

“Shu boisdan, belgilangan yo‘riqnomaga asosan, elektropoyezd mashinisti tomonidan tezkor ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida harakat tarkibidagi nosozlik 5 daqiqa ichida bartaraf etilgan va harakat tarkibi faoliyati qayta tiklangan.

Hozirgi vaqtda yo‘nalishdagi poyezdlar belgilangan jadvalga asosan harakatlanmoqda”, – deyiladi “Toshkent metropoliteni” rasmiy izohida.

Vazirlik matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatovning aytishicha, bu 2 metro bekati 1 ta — “O‘zbekiston” yo‘nalishida joylashgani sabab “Kosmonavtlar”dagi holat “Beruniy”ga ta’sir qilgan.

“Beruniy” shu liniyadagi yo‘lovchi oqimi eng yuqori bekat hisoblanadi. U yerda bir nechta OTM joylashgan. “Kosmonavtlar”dagi poyezdning qanchadir vaqtga to‘xtab qolgani boshqalarining harakat jadvaliga ta’sir qilgan. Shular sabab tirbandlik yuzaga kelgan. Odatiy kunlarda bunday bo‘lmaydi”, – deydi u.

Mavzuga oid