Jahon | 10:40 / 18.09.2024
6718
3 daqiqa o‘qiladi

CNN: AQSh zaxiralar kamayishi tufayli Ukrainaga yordamni qisqartirdi

Pentagon barcha zarur yordam Kiyevga o‘tkazilsa, AQShning o‘zida ham mudofaa qobiliyati xavf ostida qolishidan xavotirda, deb yozadi CNN.

Foto: Andriy Andriyenko/SOPA Images/Sipa USA/AP

So‘nggi oylarda Pentagon zaxiralari kamayib borayotgani sababli, AQShning Ukrainaga harbiy yordam paketlari qisqardi. Bu haqda CNN 17 sentabr, seshanba kuni amerikalik rasmiylarga tayanib xabar berdi. Bundan tashqari, Vashington Kiyevga barcha zarur yordam o‘tkazilsa, Qo‘shma Shtatlarning o‘zida mudofaa qobiliyati xavf ostida qolishidan xavotirda, deydi CNN suhbatdoshlari.

Xususan, bunday xavotirlar tufayli Pentagon Kongressdan Ukrainani qurollantirish va jihozlash uchun ko‘zda tutilgan 6 milliard dollarni amalga oshirishda ko‘proq vaqt berishni so‘radi – agar sentabr oyi oxirigacha foydalanilmasa, bu mablag‘larni ishlatish taqiqlanishi mumkin. Bu prezident Jo Bayden ma’muriyati Kongressdan Ukrainani Rossiyadan mudofaa qilish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishni tezda tasdiqlashni so‘ragan o‘tgan yilga nisbatan keskin o‘zgarishdir.

CNN ta’kidlaganidek, aprel oyidan beri Kiyevga harbiy yordam paketlari 400 million dollardan oshmagan va bu paketlarning aksariyati narxi 125-250 million dollar oralig‘ida bo‘lgan. Yordamning kamayishi, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlarini bir vaqtning o‘zida ta’minlash va Pentagon zaxiralarini to‘ldirish uchun yetarli bo‘lmagan ishlab chiqarish tezligi bilan bog‘liq. Bu, ayniqsa, 155 mm artilleriya snaryadlari va Patriot zenit-raketa tizimlariga taalluqli, dedi manbalar telekanalga.

Shunday qilib, Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasida to‘liq miqyosli urush boshlanishidan oldin, Qo‘shma Shtatlar har oyda taxminan 15 000 ta 155 mm snaryad ishlab chiqargan. Endi Qo‘shma Shtatlarda yangi fabrikalar va ishlab chiqarish liniyalari ochilishi bilan oyiga 40 000 ta snaryad ishlab chiqariladi. Biroq, Pentagonga oyiga 100 000 ta snaryad ishlab chiqarish maqsadiga erishish uchun hali bir yildan ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi. Ishlab chiqarishni ko‘paytirish jarayoni reja bo‘yicha ketmoqda, ammo bu yillar davom etadi va yangi quvvatlar, zavodlarni kengaytirish hamda Kongressning pul ajratish istagini talab qiladi, deya tushuntirdi CNN suhbatdoshlari.

Mavzuga oid