O‘zbekiston elchisi Fransiya prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
O‘zbekistonning yangi elchisi Nodir G‘aniyev Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Rasmiy marosim doirasida bo‘lib o‘tgan suhbatda Fransiya prezidenti Toshkent va Parij o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar holati va istiqbolini yuksak baholadi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 2023 yil noyabr oyida Samarqandga rasmiy tashrifini iliq taassurotlar bilan eslab, oliy darajadagi siyosiy muloqotni davom ettirish va O‘zbekiston bilan do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish tarafdori ekanligini ta’kidladi.
Fransiya yetakchisiga O‘zbekiston elchisi bilan bir qatorda yana 20 ta xorijiy mamlakatlarning elchilari o‘z ishonch yorliqlarini topshirdilar.
Fransiya prezidenti elchilarni ushbu lavozimga kirishishlari bilan tabriklab, ularga ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish borasidagi diplomatik faoliyatlarida ulkan zafarlar tiladi.
Ma’lumot uchun, Nodir G‘aniyev 13 iyul kuni Parij shahriga O‘zbekistonning yangi elchisi sifatida yetib kelgandi. U shu kunga qadar O‘zbekistonning Shvetsiyadagi birinchi favqulodda va muxtor elchisi lavozimida ishlagan.
Nodir G‘aniyev 53 yoshda. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetini tamomlagan. 1994 yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritib kelmoqda. U markaziy apparatda va mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida turli lavozimlarda ishlagan.
Shvetsiyaga elchi bo‘lib tayinlanishidan oldin TIVning Yevropa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik boshqarmasiga rahbarlik qilgan.
Mavzuga oid
23:05
Fransiyadagi muzeydan 7 mln yevrolik zargarlik buyumlari o‘g‘irlab ketildi
13:52 / 20.11.2024
Fransiya O‘zbekistonda fransuz tilini o‘rgatish jarayonini yo‘lga qo‘yadi
23:35 / 15.11.2024
Fransiya prokuraturasi madaniyat vazirini sudga topshirishni talab qildi
20:58 / 12.11.2024