Jahon | 21:07 / 20.09.2024
9979
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyoda NATOning o‘xshashi tashkil etilishi mumkin

Avstraliya, Hindiston, Yaponiya va AQSh norasmiy Quad (to‘rtlik) guruhi harbiy alyans tashkil qilishi mumkin.

Foto: The Times

Ukrainaning Rossiyaga qarshi kurashda yolg‘iz qolishining dahshatli tajribasi Qo‘shma Shtatlarning Osiyodagi ittifoqchilarini qo‘rqitdi. Endi Yaponiya mintaqada NATO o‘xshashini tashkil qilmoqchi, deb yozdi The Times.

Shu haftada Avstraliya, Hindiston, Yaponiya va AQSh norasmiy Quad (to‘rtlik) guruhi rahbarlarining uchrashuvi rejalashtirilgan. Garchi birinchi navbatda iqlim bo‘yicha hamkorlikni ochiq e’lon qilsalar ham, ular uchun haqiqiy og‘riqli nuqta xavfsizlik masalasidir. Qisqacha aytiladigan bo‘lsa – Xitoy tahdidi.

Xitoy hukumati allaqachon Quad hamkorligini «AQSh Sovuq urushi mentalitetini aks ettiruvchi Xitoyga qarshi front chizig‘i, mini-NATO» sifatida qoralagan. Yaqin vaqtgacha bu ayblovlar ochiqdan-ochiq masxara qilingan edi, ammo hozir haqiqiy «Osiyocha NATO» yaratish g‘oyasi tobora real ko‘rinmoqda.

Bunday tashkilotni yaratish zarurati haqida Yaponiya sobiq mudofaa vaziri Shigeru Ishiba ma’lum qilgan edi.

«Qo‘shma Shtatlarning Ukrainani himoya qilishga kelmasligi haqiqatan qo‘rqinchli, chunki Ukraina NATO a’zosi emas. Sharqiy Osiyoda bizda kollektiv xavfsizlik tizimi yo‘qligi ham o‘ta muammoli. Men uni tashkil etish uchun qo‘limdan kelgan hamma narsani qilaman», dedi u.

The Times ta’kidlaganidek, hatto eng qulay ssenariyda ham Osiyocha NATO tez paydo bo‘lmaydi.

Mavzuga oid