Frontdagi vaziyat: Kursk oblastida tomonlar navbatma navbat qarshi hujumga o‘tmoqda
Donbassda esa ukrainlarning bir necha «qal’asi» qulashga yaqin. Qayerdagi inqiroz chuqurroq?
RF qurolli kuchlari va Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastida bir-birining pozitsiyalariga hujum qilishda davom etmoqda. Rossiyaning Sudjadan g‘arbdagi hududlar tomon yurishi sekinlab qoldi, bunga avgust oyida RF hududida platsdarm tashkil etgan va keyinroq zaxiralar bilan kuchaytirilgan ukrain brigadalari yanada g‘arbroqda — Glushkovo rayoni markazi yaqinida chegarani kesib o‘tgani sabab bo‘ldi. Lekin hozircha ukrainlarning qarshi zarbasiga chuqurlik va kuchlar yetarli bo‘lmayapti. Jang taqdiri armiyalardan qaysi biri raqibining ikkinchi mudofaa chizig‘ini birinchi bo‘lib yorib o‘tishiga (umuman, bunga muvaffaq bo‘linsa) bog‘liq bo‘ladi. RF qurolli kuchlari muvaffaqiyatga yaqinroq — ular allaqachon muhim ahamiyatga ega Lyubimovka qishlog‘ini shturm qilmoqda. Uning boy berilishi Ukraina qurolli kuchlarining Sudjadan g‘arbdagi hududlardagi guruhi ta’minotini keskin yomonlashtiradi.
Kursk oblasti
Rossiya qarshi hujumining asosiy zarbasi yo‘nalishi aniq bo‘lgach (Korenevo va Glushkovodan sharqqa, Sudja tomonga), Ukraina qurolli kuchlari bu holat uchun oldindan tayyorlab qo‘yilgani ko‘rinib turgan rejani ishga tushirdi. Aniqroq aytganda — RF qurolli kuchlarining yurish qilayotgan guruhi qanotiga chegara orqali zarba yo‘lladi.
Ikki bor zarba berildi — Glushkovo rayoni markazidan janubda va janubi-sharqda. Ukraina qurolli kuchlari chegara orqali raqib mudofaasiga faqat bir necha kilometr kirib bora oldi — Rossiya zaxiralari ularni Veseloye qishlog‘i yaqinida to‘xtatdi.
Katta ehtimol bilan, bu zaxira kuchlar Rossiyaning Snagost daryosi bo‘yidagi Nikolayevo-Darino, Darino va Lyubimovka qishloqlari ustiga yurishida ishtirok etishi kerak edi. RF qurolli kuchlari qarshi hujum boshida bu aholi yashash manzillariga yaqinlashib kelgan, ammo ularni qaytarib ololmagandi. Rossiya qo‘shini uchun yana bir ehtimoliy muammo — qishloqlar RF qurolli kuchlari qarshi hujumi boshlangan pozitsiyalardan uzoqda (15 kilometr atrofida) joylashganidir. Hujum boshlangan nuqtada (oldingi front chizig‘idan bir necha kilometr ichkarida) Rossiya artilleriyasi va dron operatorlari pozitsiyalari joylashgan, ular uchun Lyubimovka yetib bo‘lmaydigan masofa hisoblanadi.
Rossiya qo‘mondonligi syurpriz tayyorlagan bo‘lishi ham mumkin — Lyubimovkaga «ro‘paradan» hujum qilmasdan, chegara orqali Sudja — Sumi trassasining (bu Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi guruhi uchun asosiy ta’minot yo‘li hisoblanadi) Ukrainaning Sumi oblastidan o‘tgan qismiga zarba berish orqali. RF qurolli kuchlari bunday zarba berishda chegara yaqinida platsdarm vazifasini o‘taydigan hududni egallagan. Va bunday xavf tug‘ilgani Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligini o‘z kuchlarini chegara himoyasiga ajratishga ham majbur qilishi kerak.
Rossiya qo‘shini Sudjadan sharqda va janubi-sharqda ham lokal yurishlar amalga oshirmoqda. Ular Ukraina bo‘linmalaridan Psel daryosi bo‘yidagi Borki qishlog‘ini qaytarib olgan. Ushbu hududda yurish qilish qiyin, ammo bu yurish muvaffaqiyatli davom ettiriladigan bo‘lsa, RF qurolli kuchlari Sudja — Sumi trassasiga sharqdan yaqinlashib keladi.
Pokrovsk fronti va Vuhledar
Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlarini Donbass janubidan siqib chiqarishga qaratilgan keng ko‘lamli amaliyotni davom ettirmoqda. Avgust oyida Pokrovsk shahri tomon yurishni to‘xtatib, ular asosiy e’tiborni janubga hujum qilishga qaratdi. Sentyabr boshida RF qurolli kuchlari Selidove shahrini sharqdan aylanib o‘tib, Kuraxovo (Ukraina qurolli kuchlarining Donbass janubidagi asosiy logistik markazi)ga bir necha tomondan yurish boshladi.
Sentyabr oyi o‘rtalarida Rossiya guruhining asosiy kuchlari Selidove va Kuraxovo oralig‘idagi Ukrainsk shahrini egalladi. 21 sentabr kuni, Ukrainadagi manbalar xabar berishicha, ular g‘arb tomon ilgarilashda davom etgan. Ehtimoliy maqsad — Kuraxovo suv omborining g‘arbiy chekkasiga chiqish.
Shu bilan bir vaqtda Rossiya qo‘shini janubdan — Krasnohorivka va Maryinka tomondan ham Kuraxovoga yaqinlashishga urinmoqda.
Shu bilan birga, RF qurolli kuchlari Ukraina qurolli kuchlarining Vuhledardagi muhim istehkomini o‘rab olishga harakat qilmoqda. Shahar allaqachon janub, sharq va shimoldan o‘rab olingan. Rossiya bo‘linmalari yaqinda egallangan Prechistovka qishlog‘i orqali Vuhledar guruhining ortiga chiqish uchun oldinga yurmoqda. Ukraina qurolli kuchlari tez orada qurshov xavfi ostida Vuhledarni tark etishi ehtimoli yuqori. Shunda RF qurolli kuchlari Kuraxovoga janubdan ham hujum qilishi, shuningdek Ukrainaning Donbass janubidagi boshqa bir «qal’asi» — Velika Novosilka posyolkasiga ham yaqin borishi mumkin bo‘ladi.
Chasiv Yar va Toretsk
Bir necha oylik janglardan keyin Rossiya qo‘shini Toretsk shahri markaziga kirgan. Ukraina qurolli kuchlari Toretsk aglomeratsiyasiga zaxira kuchlar tashlagandi, ammo hozircha RF qurolli kuchlarining shahar ichkarisi tomon harakatini to‘xtatib bo‘lmayapti.
Rossiya qo‘shini sharqdan — Kleshchiyevka tomondan tezlik bilan yaqinlashib kelishi Toretsk mudofaasi uchun navbatdagi muammo bo‘lishi mumkin. RF qurolli kuchlari Kleshchiyevkadan g‘arbda Severskiy Donets — Donbass kanalini kesib o‘tgan. Buning evaziga ular ukrain mudofaasiga chuqur kirib kela olgan.
Xuddi shu vaqtda Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlarining Toretskdan shimolroqda, Chasiv Yarda joylashgan kuchli istehkomini chetlab o‘tishga urinmoqda. Ular Severskiy Donets — Donbass kanalini shahardan shimolda va sharqda bir necha nuqtadan kechib o‘tgan.
Chasiv Yarning o‘ziga hujum qilishga Rossiyaning bu yo‘nalishdagi bo‘linmalarining ko‘p qismi Kursk oblastiga olib o‘tilgani fakti imkon bermaydi. Ammo Ukraina qurolli kuchlari ham Chasiv Yardagi qo‘shinlarning bir qismini Sudja va Pokrovskka yo‘naltirib, shahar mudofaasini zaiflashtirgan.
Katta ehtimol bilan, Chasiv Yar uchun hal qiluvchi jang RF qurolli kuchlari Toretskni egallaganidan keyingina boshlanadi. Shu bilan birga, Ukraina qurolli kuchlari Toretskni ushlab qolishi ehtimoli tobora yo‘qolmoqda.