Jahon | 15:32 / 23.09.2024
10526
2 daqiqa o‘qiladi

Asalari zahri tarkibida saratonga qarshi modda topildi

Olimlar o‘tkazgan tajribada asalari zahridagi melittin peptid moddasi 20 daqiqa ichida saraton hujayralariga ta’sir o‘tkaza boshlashi ma’lum bo‘ldi.

Foto: Pixabay

G‘arbiy Avstraliya universiteti va Harri Perkins instituti olimlari asalari zahridagi melittin peptidi saraton hujayralarini yo‘q qilishga qodirligini aniqladi. Tadqiqot natijalari NPJ Nature Precision Oncology ilmiy jurnalida e’lon qilindi.

Olimlar G‘arbiy Avstraliyaning Pert shahridan, shuningdek, Irlandiya va Angliyadan olib kelingan 312 ta asalari va tukli arilarning zahrini o‘rganish davomida melittin moddasining noyob saratonga qarshi xususiyatlarini kashf etdi. Ushbu peptid sut bezi saratoniga chalingan sichqonlarga yuborilganda, tadqiqotchilar uning g‘oyat kuchli ekanini aniqladi — melittin saraton hujayralarining membranalarini atigi 60 daqiqa ichida parchalay olgan.

Hayvon organizmiga yuborilganidan keyin 20 daqiqa ichida melittin saraton hujayralarining o‘sishi va bo‘linishi uchun zarur bo‘lgan kimyoviy signallarni bostirish qobiliyatini namoyon etgan.

Bundan tashqari, tadqiqotchilar melittin moddasi dotsetaksel singari kimyoterapiya dorilar bilan birgalikda qo‘llanganda ko‘krak bezi saratonining jiddiy turlarini davolashda samarali bo‘lishi mumkinligini aniqladi. Sichqonlar ustida o‘tkazilgan tajribalardan ma’lum bo‘lishicha, melittin va dotsetaksel kombinatsiyasi o‘smalarning o‘sishini sezilarli darajada sekinlashtiradi.

Mavzuga oid