O‘zbekiston | 16:19 / 23.09.2024
15485
2 daqiqa o‘qiladi

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘zgardi

Prezident yig‘ilishida Botir Zohidov kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimiga tasdiqlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Botir Zohidov kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimiga tasdiqlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Prezident o‘tkazayotgan yig‘ilishda Bandlik vazirligining hozirgi ish yuritishi bilan tegishli marralarga erishib bo‘lmasligi qayd etildi. Bu vazirlik faoliyati ham mutlaqo boshqacha bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi.

Mahallabay agentligi tugatilib, uning barcha vazifalari hamda hokim yordamchilari Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga o‘tadi.

Botir Zohidov 1982 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2003 yil Toshkent moliya institutini, 2008 yil Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.

Zohidov 20 yil davomida bank tizimida ishlagan. Markaziy bankda valuta ayirboshlash va konversion operatsiyalar maxsus boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. 2017 yil avgustida Markaziy bank raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. 2020 yildan MB raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2022 yil sentabrida Shayxontohur tumani hokimi etib tayinlangandi.

23 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Botir Zohidov nomzodini kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimiga ma’qullagandi.

Vazirlikka 2022 yil dekabridan buyon Behzod Musayev rahbarlik qilib kelayotgandi.

 

Mavzuga oid