Jahon | 16:10 / 25.09.2024
2117
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat dumasi urushga ketayotgan sudlanuvchilarni jazodan ozod qildi

Davlat dumasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda safarbarlik va urush davrida Rossiya qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzgan shaxslarga nisbatan sud ishlarini tugatishga ruxsat beruvchi qonun loyihalarini qabul qildi.

Foto: Sergei Fadeichev/dpa/TASS/picture alliance

Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi safarbarlik paytida yoki urush davrida ishi birinchi instansiya yoki apellyatsiya sudi tomonidan ko‘rib chiqilayotgan sudlanuvchilar bilan shartnoma tuzishga imkon beruvchi ikkita qonun loyihasini qabul qildi. Hujjatlar 24 sentabr, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ikkinchi va uchinchi o‘qishda ma’qullandi.

Qonun loyihalaridan birinchisi, agar sudlanuvchilar safarbarlik davrida yoki urush davrida harbiy xizmatga chaqirilgan bo‘lsa, jinoiy ish yuritishni to‘xtatib turish, keyin esa jinoiy javobgarlikdan ozod qilish imkonini beradi. Qonun shuningdek, safarbarlik davrida, harbiy holat yoki urush davrida RF qurolli kuchlarida xizmat qilish paytida jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan sud ishlarini to‘xtatib turish imkoniyatini nazarda tutadi.

Xuddi shunday huquqiy mexanizm hukm chiqarilgan, lekin qonuniy kuchga kirmagan mahkumlarga, shu jumladan apellyatsiya bosqichida ham qo‘llanadi.

Ikkinchi qonun loyihasining mohiyati

Ikkinchi hujjat safarbarlik, harbiy holat va urush davriga ham tegishli. Bu Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlarida harbiy xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi shartnomani sud muhokamasi bosqichida ayblanuvchi (sudlanuvchi) shaxslarning ayrim toifalari bilan, agar prokuror ularga nisbatan jinoyat ishini mohiyatan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborgan bo‘lsa, tuzishga imkon beradi. 

Birinchi qonun loyihasi bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi Jinoyat-protsessual kodeksiga va ikkinchi qonun loyihasi bo‘yicha «Harbiy burch va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritiladi.

Mavzuga oid