Jahon | 21:33 / 25.09.2024
4159
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya «Shimoliy oqim»dagi portlash ishi bo‘yicha bir qancha order berdi

Asosiy gumonlanuvchi Germaniyadan qochib, Polshaga ketgan va u yerdan Ukrainaga ko‘chib o‘tgani ta’kidlanmoqda.

Foto: Getty Images

Germaniyada «Shimoliy oqim 1» va «Shimoliy oqim 2» gaz quvurlarini portlatish bilan bog‘liq ish bo‘yicha hibsga olish uchun bir qancha order chiqarildi, dedi Germaniya hukumati matbuot kotibi Shteffen Xebeshtrayt brifingda.

«Bu huquqiy davlatda odatdagi hol, keyin protsedura bo‘lishi kerak va bu jarayon oxirida hukm chiqariladi, shundan keyin ushbu masala bo‘yicha gapirish mumkin bo‘ladi», dedi u.

Xebeshtraytning qayd etishicha, tergov Germaniya Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

O‘n kun oldin Germaniya kansleri Olaf Shols «Shimoliy oqim» quvurini portlatganlar javobgarlikka tortilishi kerakligini aytib, voqeani terrorchilik harakati deb atadi. «Bu degani, biz barcha xavfsizlik idoralari va federal prokuraturani hech kimga e’tibor bermasdan tergov o‘tkazishga chaqiramiz. Hech narsa yashirilmaydi», dedi u.

Avgust oyida Germaniya Bosh prokuraturasi Vladimir Juravlyovni «Shimoliy oqim» quvurlarini portlashga aloqadorlikda gumonlab, hibsga olish uchun order bergan edi. U Ukraina suvga sho‘ng‘ish markazi Dive Team va Amerika sho‘ng‘ish bo‘yicha instruktorlar assotsiatsiyasi (PADI) xodimi bo‘lgan. Undan tashqari, portlatishda Kiyevdagi Scuba Family akvalanglar oilasi maktabi o‘qituvchilari ham ishtirok etgan bo‘lishi mumkin. Spiegel xabariga ko‘ra, gumondor hibsga olish uchun order chiqarilishidan bir necha kun oldin Germaniyadan qochib, Polshaga ketgan va u yerdan Ukrainaga ko‘chib o‘tgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Juravlyov va uning sheriklari 2022 yil sentabr oyida Bavaria Cruiser 50 Andromeda yelkanli yaxtasida Rostok portidan chiqib ketishgan. Keyinchalik ular Boltiq dengizi tubidagi quvurlarga portlovchi moddalar o‘rnatgani taxmin qilinmoqda. Bu ishda undan tashqari yana besh kishi (to‘rt erkak va bir ayol) ishtirok etgan.

Kiyev Ukrainaning sabotajga aloqadorligini rad etadi.

Mavzuga oid