Toshkentdagi maktablardan birida o‘qituvchi «gap qaytargani» uchun o‘quvchini urdi
Hodisaga 6-sinf o‘quvchisi rus tili darsi vaqtida o‘qituvchidan darsni shu tilda olib borishni so‘ragani sabab bo‘lgani aytilmoqda. O‘quvchining onasi bolalar ombudsmaniga aytishicha, sinf rahbari ham o‘qituvchining yonini olib, o‘quvchini undan uzr so‘rashga majburlagan.
23 sentabr kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi 188-maktabda rus tili o‘qituvchisi dars vaqtida o‘quvchini kaltaklagani aks etgan video tarqaldi.
Videoda o‘qituvchi avval o‘quvchining qulog‘idan tortgani, keyin yuziga zarba tushirgani, bo‘g‘gani, boshini doskaga urganini ko‘rish mumkin.
Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holatga rasmiy munosabat bildirdi. Voqea ikkinchi smenada o‘qiydigan 6-«V» sinfida rus tili fani darsida ro‘y bergani aniqlangan.
«Videotasvirdagi rus tili fani o‘qituvchisi sinov muddati bilan maktabga ishga taklif qilingan, rasman u 188-maktabga ishga qabul qilingani bo‘yicha hali buyruq chiqmagan va yuqoridagi voqea uning dastlabki ish kunida sodir bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘quvchi ustoziga gap qaytargan va tortishib qolgan. So‘ngra o‘qituvchi o‘quvchining qulog‘idan cho‘zgan, o‘tirgan joyidan partasidan tortib olib chiqqan va o‘quvchining yuziga tarsaki tushirgan. O‘quvchiga tan jarohati yetkazilmagan, salomatligi joyida», deyiladi xabarda.
Holatdan xabar topgan o‘quvchining ota-onasi o‘qituvchi kamera yozuvlarini olgan va o‘qituvchining xatti-harakati yuzasidan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Hozirda Chilonzor tumani IIB tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
Holat yuzasidan bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ham munosabat bildirgan.
«Ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik, nomunosib muomalaga yo‘l qo‘yayotgan shaxslar nafaqat lavozimidan yoki vazifasidan ozod etilishi, balki har qanday holatda ham qonun doirasidagi tegishli javobgarlikka tortilishi shart», deya yozgan u o‘z telegram-kanalida.
Bolaning onasi ombudsman bilan suhbatda sinf rahbari ham bolaga bunday zo‘ravonlik sodir bo‘lganidan xabar topgan bo‘lsa-da, vaziyatni to‘liq o‘rganmay, bolani eshitmay, xodisaga uning o‘zi aybdorligini aytib, bolani butun sinf oldida o‘qituvchidan kechirim so‘rashga majbur qilgan. Murojaatchi bunday munosabat natijasida, bola hozirda juda tushkun holatdaligi va maktabga borishni istamayotganini bildirib, farzandining buzilgan huquqlarini himoya qilishni so‘ragan.
«Ostorojno, novosti» telegram-kanali xabariga ko‘ra, mojaro o‘quvchi o‘qituvchidan darsni rus tilida olib borishni so‘rashi ortidan kelib chiqqan. Ota-onaning ma’lum qilishicha, o‘qituvchi ular bilan suhbatda hech narsadan afsusda emasligini bildirgan va go‘yoki «O‘zbekiston o‘zbeklar uchun ekani, qolganlar esa ketishi mumkinligi»ni aytgan.
Mavzuga oid
13:56
O‘zbekistonda har yetti o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi, nega?
09:30
“Boshida kimyoga umuman qiziqmaganman” – o‘qituvchilik ortidan milliarderga aylangan Mohira Boltayeva
14:33 / 21.11.2024
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
20:51 / 18.11.2024