Jahon | 22:50 / 26.09.2024
3642
3 daqiqa o‘qiladi

Bir qancha G‘arb davlatlari «Tolibon»ni ayollarni kamsitgani uchun sudga bermoqchi

«Tolibon» Afg‘onistonda inson huquqlarini qo‘pol va muntazam ravishda buzish va poymol etish, xususan, ayollar va qizlarga nisbatan «gender diskriminatsiyasi»ni amalga oshirganlik, BMT ayollar huquqlari to‘g‘risidagi shartnomasini buzganlikda ayblanmoqda.

Foto: AFP/Getty Images

Germaniya, Avstraliya, Kanada va Niderlandiya Afg‘onistondagi hukmron «Tolibon» harakati ustidan ayollar huquqlari buzilgani tufayli Xalqaro sudga da’vo beradi. Agar qisqa vaqt oralig‘ida vaziyat o‘zgarmasa, davlatlar sudga murojaat qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda ushbu G‘arb davlatlari tashqi ishlar vazirlari BMT yig‘ilishida ma’lum qildi, deb yozdi Die Zeit.

Diplomatlarning ta’kidlashicha, «Tolibon» Afg‘onistonda inson huquqlarini qo‘pol va muntazam ravishda buzish va poymol etish, xususan, ayollar va qizlarga nisbatan «gender diskriminatsiyasi»ni amalga oshirmoqda va BMT ayollar huquqlari to‘g‘risidagi shartnomasini buzmoqda.

Ular Afg‘oniston va «Tolibon»dan xalqaro qonunlarga rioya qilish, ayollar va qizlarning huquqlari, jumladan, ta’lim olish huquqiga qo‘yilgan barcha cheklovlarni olib tashlashni bir necha bor so‘raganini, biroq vaziyat yanada yomonlashayotganini eslatdi.

BMT Ayollar huquqlari to‘g‘risidagi shartnomasi 1979 yilda imzolangan va uni dunyoning aksariyat davlatlari, jumladan, 2003 yilda unga qo‘shilgan Afg‘oniston ham qo‘llab-quvvatlagan.

2021 yilda Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgandan so‘ng, «Tolibon» Afg‘onistonda inson huquqlarini, xususan, ayollar huquqlarini hurmat qilishga va’da berdi, biroq ularning hukmronligining birinchi yilida afg‘on ayollari jamiyat hayotidan deyarli butunlay chetlatildi.

Ayni paytda qizlar oltinchi sinfdan keyin maktabga borolmaydi, turmushga chiqmagan yoki erkak vasiy bo‘lmasa, ayollarning ishlashi, sayohat va sog‘liqni saqlash imkoniyatlari cheklangan, ayollar ko‘chaga hijobsiz chiqqani uchun hibsga olinmoqda.

Bir necha hafta oldin «Tolibon» rejimi ayollarning jamoat joylarida qo‘shiq aytish, ovoz chiqarib o‘qish yoki Qur’on oyatlarini o‘qishni taqiqlovchi fazilat to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi.

Qonun shuningdek, «Tolibon» tomonidan o‘rnatilgan xulq-atvor qoidalarini tatbiq etuvchi axloq politsiyasining vakolatlarini kengaytirdi.

BMT Xalqaro sudi – ushbu tashkilotining asosiy sud organi hisoblanadi. Sudyalarning qarorlari qonuniy kuchga ega va ustidan shikoyat qilib bo‘lmaydi, biroq sud o‘z qarorlarini ijro etish qobiliyatiga ega emas va «Tolibon» hukmni e’tiborsiz qoldirishi mumkin. «Tolibon» ustidan shikoyat darhol berilmaydi: qoidalarga ko‘ra, tashabbuskor avvalo sudni nizo borligi to‘g‘risida xabardor qilishi kerak, shundan so‘ng tomonlar kelishmovchiliklarni hal qilishi uchun olti oy muxlat oladi.

Mavzuga oid