Jahon | 09:10 / 26.09.2024
6215
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil Livanda quruqlikda operatsiya o‘tkazishini e’lon qildi

Isroil armiyasi bosh shtab rahbari Gersi Halevi «Hizbulloh»ga qarshi quruqlikdagi operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qildi. Vashington bunday operatsiyani o‘ta muhim deb hisoblamayapti.

Foto: Mohamed Azakir/Reuters

Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) Livanning «Hizbulloh» guruhiga qarshi quruqlikdagi operatsiyani tayyorlamoqda, dedi bosh shtab rahbari Gersi Halevi. 25 sentabr, chorshanba kuni 7-zirhli tank brigadasi askarlariga murojaat qilib, u «ularning etiklari dushman hududiga kirib boradi», dedi.

«Tepada samolyotlar eshitilyapti, biz kun bo‘yi hujum qildik, ham hududni bosqin ehtimoliga tayyorlash, ham «Hizbulloh»ga qarshi zarbalarimizni davom ettirish uchun», — deya Halevining mashg‘ulotlarda aytgan so‘zlarini keltirgan The Times of Israel. 

Isroil bosh shtabi qo‘mondoni, shuningdek, Livandan Tel-Avivga ballistik raketa uchirilishiga «juda kuchli javob» va’da qildi, bu kun oxirigacha amalga oshiriladi.

Netanyahu: «Hizbulloh» kutilganidan ham ko‘proq zarar ko‘rdi

O‘z navbatida, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Isroil shimolida Livan bilan chegaraga tutash hududlardan evakuatsiya qilingan o‘n minglab isroilliklar o‘z uylariga qaytishlari mumkinligiga va’da berdi. «Men qilayotgan ishlarimiz haqida batafsil ma’lumot bera olmayman, lekin sizga bir narsani ayta olaman: biz shimoldagi xalqimizni o‘z uylariga xavfsiz tarzda qaytarishga qaror qildik», dedi u.

Qisqa videomurojaatida Netanyahu, shuningdek, «Hizbulloh»ning Isroil hujumlari natijasida tasavvur qilganidan ham ko‘proq zarar ko‘rganiga e’tibor qaratdi.

Ayni paytda, Vashington Isroilning Livanda quruqlikdagi operatsiyasini haligacha oldini olish mumkin, deb hisoblaydi. Pentagon matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singx jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Isroil bayonotlarini sharhlar ekan: «Bu muqarrar narsa emas», dedi.

Bayden mojaroni hal qilish imkoniyatiga ishora qildi

AQSh prezidenti Jo Bayden Yaqin Sharqdagi urush keng ko‘lamli avj olishini istisno qilmadi. Mintaqada keng ko‘lamli urush bo‘lishi mumkin, biroq Isroilning «Hizbulloh» va Hamas guruhi bilan mojarolarini hal qilish imkoniyati ham bor», — dedi u ABC telekanalida.

U, shuningdek, Netanyahuning falastinliklar bilan mojaroni ikki davlat asosida hal qilish bo‘yicha pozitsiyasiga qo‘shilmasligini bildirdi. «Bu mumkin va men buni amalga oshirish uchun bor kuchimni sarflayapman. O‘zgarishlarni ko‘rish istagi bor», — deya qo‘shimcha qildi u.

Mavzuga oid