Jahon | 12:03 / 26.09.2024
7504
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil Livandagi yuzlab nishonlarni yo‘q qildi

Ammo «Hizbulloh» hozircha zarbaga dosh bermoqda - moslashuvchan boshqaruv tizimi hamda yerosti tunnellari tarmog‘i evaziga.

Foto: Aziz Taher / Reuters / Scanpix / LETA

Isroil Livan bir necha kun davomida yoppasiga o‘qqa tutilishidan keyin e’lon qilgan hisobotida «Hizbulloh»ga aloqador bo‘lgan yuzlab nishonlar, jumladan, raketa uchirish shaxtalari va qurol omborlari yo‘q qilingani, shuningdek guruhning bir necha yuqori martabali qo‘mondonlari o‘ldirilgani haqida ma’lum qilgan. Ammo, Reuters’ning yozishicha, moslashuvchan qo‘mondonlik tuzilmasi, shuningdek tunnellarning keng tarmog‘i hamda raketa va qurollarning ulkan arsenali «Hizbulloh»ga Isroil zarbalariga dosh berishga imkon bermoqda.

«Hizbulloh»ning operativ faoliyatidan xabardor bo‘lgan ikki manba agentlikka aytishicha, guruh allaqachon Ibrohim Oqil (u «Hizbulloh»ning harbiy amaliyotlariga rahbarlik qilgan) va Bayrut bo‘ylab 20 sentabr kuni yo‘llangan aviazarba oqibatida halok bo‘lgan boshqa qo‘mondonlar o‘rniga odam topgan. Bundan tashqari, suhbatdoshlardan birining aytishicha, «Hizbulloh» tuzilmasi oldindan qo‘mondonlar o‘limidan keyin ham barqaror qolishi uchun maxsus moslashtirilgan.

Isroil bilan chegaradagi oddiy askarlar qo‘mondonlar o‘limi tufayli buyruqlarni joyiga yetkazish zanjiri uzilgan taqdirda mustaqil harakatlanishga o‘rgatilgan. Har biri chegaradagi bir necha posyolka yoki qishloqlarga mas’ul bo‘lgan kichik guruhlar uzoq vaqt davomida mustaqil holda Isroilga qarshi turishi mumkin.

Reuters ning «Hizbulloh»dagi manbasi aytishicha, o‘tgan haftada peyjyerlar va ratsiyalar portlashi oqibatida guruhning 1500 a’zosi «safdan chiqqan» — ulardan ayrimlari ko‘r bo‘lib qolgan, boshqalarining qo‘llari uzilib ketgan. Bu yetarlicha jiddiy zarba bo‘lgan bo‘lsa-da, bu yo‘qotishlar baribir guruhning shaxsiy tarkib bo‘yicha resurslarida arzimas miqdorni tashkil etadi: AQSh kongressining yaqin yillardagi hisobotlaridan birida guruh a’zolari soni 40-50 ming kishiga baholangandi.

Peyjyerlar va ratsiyalar portlaganilan keyin «Hizbulloh»da «qisqa muddatli tartibsizlik davri» yuzaga kelgan, ammo bir necha kun o‘tib guruh ichidagi o‘zaro aloqa qayta tiklangan. «Hizbulloh»da buyruqlar endi maxsus simli telefon tarmog‘i orqali yo‘llanmoqda; shuningdek, guruh a’zolari boshqa qurilmalardan — masalan, o‘tgan haftadagi hujumlarda buzilmagan peyjyerlardan foydalanmoqda.

Bundan tashqari, «Hizbulloh» o‘z raketa arsenallarini yaxshiroq yashirishni o‘rganib olgan — Isroil bombardimonlar vaqtida ularning faqat kichik qismini vayron qila olgan. Reuters manbalari 22 sentabr kuni Isroil hududi o‘qqa tutilgani ham buni tasdiqlashini aytishgan: raketalar biroz oldinroq aviazarbalarga uchragan hududlardan uchirilgan. «Hizbulloh» arsenalining bir qismi yer ostiga joylashtirilgan deb hisoblanmoqda.

Mavzuga oid