Reuters: Rossiya Xitoyda yashirincha yangi UUA modelini yaratdi
«Garpiya-3» dronlari Xitoyda mutaxassislar yordamida yaratilgan va Rossiya Federatsiyasi kompaniyasi ularni ishlab chiqarishni tashkil qilmoqchi, deb yozadi Reuters.
Rossiya Xitoyda Ukrainaga qarshi urushda foydalanmoqchi bo‘lgan jangovar uchuvchisiz uchoqning yangi modelini ishlab chiqardi va uni Xitoy hududida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda 25 sentabr, chorshanba kuni Yevropa razvedkasidagi manbalar va OAVda mavjud bo‘lgan hujjatlarga tayanib, Reuters xabar berdi.
Agentlik surishtiruvida gap Rossiyaning «Almaz-Antey» davlat konserni nazoratidagi «Kupol» Ijyevsk elektromexanika zavodi haqida boryapti. Reuters xabariga ko‘ra, «Kupol» nomi oshkor etilmagan xitoylik mutaxassislar bilan hamkorlikda 2024 yil boshida Xitoyda «Garpiya-3» uchuvchisiz uchog‘ini yaratgan va sinovdan o‘tkazgan, so‘ngra Rossiya Mudofaa vazirligiga ishlanma hisobotini yuborgan. «Almaz-Antey» shu’ba korxonasi xuddi shu turdagi dronning oldingi modelini ishlab chiqarish uchun Xitoydan kelgan komponentlardan foydalangan, deb yozgan agentlik avvalroq.
Ommaviy axborot vositalari ixtiyoridagi «Kupol» hujjatlaridan «Garpiya-3» 50 kggacha foydali yukni ko‘tarishi va taxminan 2000 km masofani uchib o‘tishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi. XXRda sinovdan o‘tkazilgandan so‘ng, Xitoyda ishlab chiqarilgan «Garpiya-3» va boshqa bir qancha dronlarning bir nechta nusxalari keyingi sinovlar uchun Ijyevskka yetkazildi, deb yozadi agentlik.
«Kupol», shuningdek, Rossiya Mudofaa vazirligiga Xitoyda uchuvchisiz uchoqlarni «keng miqyosda» ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkinligini ma’lum qildi, so‘ng ularni Rossiya hukumati nazarda tutgan «maxsus harbiy operatsiya»da qo‘llash mumkin.
Ijyevsk korxonasi, «Almaz-Antey» va Rossiya Mudofaa vazirligi Reuters agentligining so‘roviga javob bermadi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi agentlikni Pekin bunday loyihalardan xabardor emasligiga va UUA eksportiga nisbatan «qat’iy nazorat choralari» qo‘llanishiga ishontirdi.
AQSh Milliy xavfsizlik kengashining ta’kidlashicha, Oq uy rasmiy Pekinning loyihaga aloqadorligi yoki xabardorligini ko‘rsatadigan hech qanday ma’lumotga ega emas. Biroq, Xitoy hukumati mahalliy kompaniyalarning Rossiya shirkatlari, ayniqsa AQSh sanksiyalari ostidagi «Kupol» kabi korxonalari bilan hamkorligining oldini olishi kerak, dedi agentlik suhbatdoshi.
Mavzuga oid
23:30 / 14.11.2024
Britaniya muzeyi mamlakat tarixidagi eng qimmat sovg‘aga ega bo‘ladi
20:39 / 13.11.2024
Xitoy orbitaga yuk tashuvchi ko‘p martalik kosmik kemasini namoyish etdi
17:53 / 13.11.2024
O‘zbekiston oltin ishlab chiqaruvchi davlatlarning yetakchi o‘ntaligiga kirdi
18:44 / 12.11.2024