Jahon | 19:19 / 28.09.2024
9790
3 daqiqa o‘qiladi

«Hizbulloh» rahbarini yo‘q qilish bo‘yicha operatsiya tafsilotlari ma’lum bo‘ldi

Isroil «Hizbulloh» yetakchisi Nasrulloh bo‘lgan bunkerga 80 dan ortiq bomba tashladi.

Foto: REUTERS/Aziz Taher

Isroil Nasrullohning Bayrutdagi yerosti qarorgohiga 85 ga yaqin bomba, jumladan bunker uchun mo‘ljallangan bombalarni tashladi. Isroil armiyasi (TsAHAL) shuningdek, yerosti raketa omborlariga zarba berilganini ma’lum qildi.

Livandagi «Hizbulloh» shia harakati yetakchisi Hasan Nasrullohni yo‘q qilish uchun yerosti markaziy qarorgohiga har biri 1 tonna og‘irlikdagi 80 dan ortiq bomba tashlandi, deb yozdi Ynet.

Operatsiyaga Isroil harbiy-havo kuchlari 69-eskadronining F-15 qiruvchi samolyotlari boshchilik qilgan. Nasrullohning yo‘q qilingani e’lon etilganidan keyin Isroil harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni general-mayor Tomer Bar uchuvchilarni muvaffaqiyat bilan tabrikladi. Qo‘mondon: «Biz har qanday odamga, istalgan joyga yetib boramiz va garovga olinganlar va shimol xalqini uyga qaytarish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz», dedi.

Maqsad Nasrullohni yo‘q qilish bo‘lgan operatsiyani Isroil tomoni 27 sentabr oqshomida o‘tkazdi. «Hizbulloh»ning Bayrutdagi turar-joy binosi ostida joylashgan yerosti qarorgohiga zarba berildi.

Zarba berishdan oldin TsAHAL Bayrut chekkasidagi uchta uy aholisi bilan bog‘lanib, ularni evakuatsiyaga chaqirgan, chunki bu binolar «Hizbulloh» strategik inshootlari tepasida joylashgan edi.

Bundan tashqari, TsAHAL «Hizbulloh»ning Dahiyadagi oltita bino ostida joylashgan yerosti raketa omborlariga zarba berdi. Isroil harbiylariga ko‘ra, bu raketalarning uchish masofasi «yuzlab kilometr»ga yetgan. Umuman olganda, 27 sentabr oqshomidan 28 sentabrgacha Isroil kuchlari «Hizbulloh»ning 140 dan ortiq obektlariga, shu jumladan raketa qurilmalariga zarba berdi.

Qayd qilinishicha, Bayrutga berilgan zarbada «Hizbulloh»ning janubiy qo‘mondonligi rahbari Ali Karokiy ham halok bo‘lgan. Shuningdek, Nasrullohning qizi Zaynab vafot etgani haqida ham xabar berildi.

«Hizbulloh» o‘z rahbarining o‘limini tasdiqladi va G‘azo sektori, Falastin va Livan xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun «kurashni davom ettirishga» va’da berdi.

Hasan Nasrulloh 64 yoshda edi. U 1992 yilda Isroil armiyasi Livan janubida avvalgi yetakchi Abbos al-Musaviyni yo‘q qilganidan keyin rahbarlikka kelgan.

Mavzuga oid