Jahon | 16:02
9519
17 daqiqa o‘qiladi

Isroilning asosiy dushmanlaridan biri: Hasan Nasrulloh haqida nimalar ma’lum?

U butun umrining yarmi davomida - 30 yildan ortiq «Hizbulloh»ni boshqardi. Va uni siyosiy partiyadan xavfli jangari guruhga aylantirdi. 

Foto: Reuters

Livandagi shialar harakati «Hizbulloh» yetakchisi Shayx Hasan Nasrulloh Yaqin Sharqdagi eng mashhur va nufuzli shaxslardan biri edi. U 64 yillik umridan 32 yilida ushbu harakatga rahbarlik qilgan. Bu davrda guruh Livandagi eng katta ta’sirga ega siyosiy kuchga aylandi. U Isroil tomonidan o‘ldirilishidan qo‘rqib, ko‘p yillardan buyon omma qarshisida ko‘rinish bermay kelardi. Ammo 2024 yil 27 sentabr kuni Isroil harbiy-havo kuchlarining Livan poytaxti Bayrut shahriga zarbasi oqibatida halok bo‘ldi. «Meduza» «Hizbulloh»ning marhum yetakchisi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘pladi.

Sirli yetakchi

Hasan Nasrulloh — ko‘p jihatdan sirli shaxs edi. U Eron bilan yaqin aloqalarga ega edi va «Hizbulloh» jiddiy siyosiy va harbiy kuchga aylanishida muhim rol o‘ynagandi.

Hasan Nasrullohning bolaligi 1960-yillarga — zamonaviy Livan tarixidagi eng farovon davrlarga to‘g‘ri kelgan, bu vaqtda mamlakatni «Yaqin Sharq Shveytsariyasi», Bayrutni — «Yaqin Sharqdagi Parij» deb atashardi. 

Ammo ko‘p o‘tmay vaziyat o‘zgardi. 1970 yilda Iordaniyadagi fuqarolik urushidan keyin Livanga Yosir Arofat boshchiligidagi Falastin ozodlik tashkiloti rahbariyati ko‘chib o‘tdi. Mamlakatning janubiy qismi «Fathlend»ga aylandi — bu amalda mamlakat hukumati tomonidan boshqarilmaydigan hudud hamda Isroilga qarshi terrorchilik amaliyotlari tayyorlanadigan bazaga aylandi. 1975 yilda Livanda fuqarolik urushi boshlandi, unda falastinlik jangarilar faol ishtirok etdi. 1976 yilda Livan Suriya qo‘shinlari tomonidan okkupatsiya qilindi. 1982 yilda esa «Fathlend»ni tugatish uchun mamlakatga Isroil qo‘shini bostirib kirdi. 

Hasan Nasrulloh 1960 yilda Bayrut sharqidagi Burj Hammud tumanida tug‘ilgan, bu yerda uning otasi Abdul Karim kichik sabzavot do‘koniga egalik qilardi. U oiladagi to‘qqiz farzandning to‘ng‘ichi bo‘lgan.

U o‘smirligida shialarning nufuzli Sadrlar oilasi rahbarligidagi «Amal» siyosiy harakatiga a’zo bo‘ladi, bu tuzilma 1975 yilda Livan fuqarolik urushi ichida qolganida mashhurlashgan. 1970-yillar oxirida Nasrulloh Iroqdagi shialar markazi hisoblangan Najaf shahridagi madrasada o‘qiydi, bu vaqtda eronliklarning quvg‘indagi oyatullohi Ruhulloh Xominaiy ham shu shaharda istiqomat qilardi. 1978 yilda Iroq vitse-prezidenti Saddam Husayn shialarga qarshi kampaniya boshlaydi. Xominaiy Parijga ketadi, bir yil o‘tib u yerdan islom inqilobi yetakchisi sifatida Eronga qaytadi. Nasrulloh ham shu davrda Livanga qaytib, yana «Amal»ga qo‘shiladi. 

1982 yilda, Isroil bosqini boshlanganidan keyin  yetarlicha harbiylashmagani tufayli bir guruh a’zolari (ular orasida Hasan Nasrulloh ham bor edi) «Amal»dan ajralib chiqib, «Islom amali» harakatini tuzishadi. Yangi guruh Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanadi va shialarning eng yirik harakatiga aylanadi.

1985 yilga kelib aynan uning negizida «Hizbulloh» tuzilgani e’lon qilinadi. Harakat bu haqdagi o‘z «ochiq xati»da AQSh va SSSR islom dinining asosiy dushmanlari sifatida keltirilib, musulmonlarning yerlarini egallab olgan Isroilni «yo‘q qilish»ga chaqiriladi.

Hasan Nasrulloh Bayrutda qo‘riqchilar qurshovida, 1986 yil
Kaveh Kazemi / Getty Images

Nasrulloh avvaliga harakatda ikkinchi darajali rollarda bo‘ladi. Uning o‘zi keyinroq eslashicha, oddiy jangchi sifatida xizmat qilganidan keyin guruhning Baalbek shahridagi bo‘limiga rahbarlik qilgan, keyin butun Bekaa viloyatida rahbar bo‘lgan, faqat shundan keyin Bayrutga kelgan.

U jangari emasdi va 1983 yilda Amerikaning Bayrutdagi elchixonasi va tinchlikparvar kuchlar joylashgan kazarmada sodir etilgan teraktlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etmagan, bu teraktlar uchun javobgarlikni «Hizbulloh» rasman o‘z zimmasiga olgan. O‘shanda 370 kishi halok bo‘lgan, qurbonlarning aksari xorijliklar edi. Bu terrorizmdagi yangi hodisa edi: portlash tashkilotchilari Imad Mugniya, Fuad Shukr, Ibrohim Oqil va boshqalar (ularning barchasi o‘shanda xuddi Nasrulloh kabi 20 yoshdan endi oshgan yigitlar edi) xudkush orqali portlash sodir etish taktikasini ishlab chiqishadi.

Nasrulloh faqat 1989 yilda birinchi planga chiqadi. O‘sha yili «Hizbulloh»da bo‘linish yuzaga keladi. Fraksiyalardan biri bu harakat Isroil okkupatsiyasiga qarshi kurashuvchi jangovar tuzilma bo‘lishi kerak deb hisoblardi, Nasrulloh boshchiligidagi boshqa fraksiya esa Livanda Eron namunasidagi islom respublikasi tuzishni birinchi galdagi vazifa deb bilardi. Islom inqilobi muhofizlari korpusi
Nasrulloh va uning tarafdorlarini tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlaydi. 

1992 yilda, «Hizbulloh» bosh kotibi Abbos al-Musaviy isroilliklar vertolyoti yo‘llagan raketa portlashi oqibatida halok bo‘lgach, uning o‘rniga Nasrulloh saylanadi. O‘shanda borligi deyarli sezilmagan 32 yoshli bu mulozim 30 yildan oshiq vaqt davomida bu lavozimda qolishi va ko‘plar uchun timsolga aylanishi haqida hech kim o‘ylamagandi.

Lekin aynan Nasrulloh «Hizbulloh»ga Livandagi Isroil harbiylariga qarshi kurashish uchun tuzilgan kichik guruhdan Livan armiyasidan qudratliroq bo‘lgan harbiy kuchga aylanishigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tishda boshchilik qiladi.

Nasrulloh 1992 yilda
Jamal Saidi / Reuters / Scanpix / LETA

«Rivojlanishning yangi bosqichi»

Nasrullohning ilk qadamlaridan biri Musaviy o‘ldirilishi uchun qasos olish bo‘ladi. U Isroil shimoli bo‘ylab raketa zarbalari yo‘llashga buyruq beradi, buning natijasida bir qizcha halok bo‘ladi.

Keyin esa «Hizbulloh» mintaqadan tashqarida bir necha shov-shuvli teraktlarni amalga oshiradi. 1992 yilda Isroilning Buenos-Ayresdagi elchixonasi oldida mina o‘rnatilgan avtomobil portlaydi, natijada 29 kishi halok bo‘ladi. 1994 yilda xuddi shu Buenos-Ayresda xudkush terrorchi Yahudiylar madaniy markazida o‘zini portlatib, 86 kishi hayotiga zomin bo‘ladi. Ikki terakt uchun ham javobgarlikni «Hizbulloh» o‘z zimmasiga oladi.

Bu vaqtga kelib Isroil qo‘shini «Fathlend»ni tor-mor etgan (Falastin ozodlik tashkiloti rahbariyati Tunisga qochib ketgandi) va Livananing katta qismini tark etib, faqat mamlakat janubida «bufer zona» qoldirgandi. «Fathlend» o‘rnida esa «Hizbullohlend» paydo bo‘ladi. 

Foto: AFP

Nasrulloh «Hizbulloh»ni siyosiy kuchga aylantirish dasturini muvaffaqiyatli amalga oshiradi, bunda unga Eron katta yordam ko‘rsatadi. 1992 yilda tashkilot ilk bor Livan parlamenti uchun saylovlarda ishtirok etib, 128 o‘rindan 8 mandatga ega bo‘ladi. Shundan keyingi yillarda «Hizbulloh» muntazam ravishda parlamentda o‘z vakillariga ega bo‘ladi, 2005 yildan — odatda ikki vazirlikni nazorat qiladigan hukumatda ham.

Nasrulloh boshqaruvi davrida «Hizbulloh» katta ta’sirga ega bo‘lgan siyosiy kuchga aylanib, o‘z ta’lim dasturlari, ijtimoiy xizmatlari va shifoxonalarini yaratdi. Shuningdek, guruh Eronning mintaqada yetakchilikka intilishida muhim vosita vazifasini bajardi.

Hasan Nasrulloh  1997 yilda
Jamal Saidi / Reuters / Scanpix / LETA

Nasrulloh Isroil qo‘shinlariga qarshi «kichik urush»ni davom ettiradi, Eron yordamida guruh muntazam ravishda Isroil shimoliga raketa zarbalari yo‘llab keldi, bu jarayon isroilliklar 2000 yilda Livan janubini butunlay tark etishi bilan yakunlanadi. Lekin o‘shanda isroillik askarlar bilan otishma chog‘ida uning to‘ng‘ich o‘g‘li Hodiy ham halok bo‘ladi.

Aynan o‘shanda Nasrulloh «arab ko‘chalari» uchun haqiqiy qahramonga aylanadi. Qo‘shinlar olib chiqilgach, Nasrulloh «Hizbulloh» Isroil ustidan ilk g‘alabasiga erishganini e’lon qiladi. 

Isroil hududi o‘qqa tutilishi qo‘shinlar olib chiqilganidan keyin ham to‘xtatilmaydi. Endi «Hizbulloh» buning uchun tashlandiq Shebaa fermasi — Jo‘lan tepaliklaridagi 22 kilometr kvadrat maydon uchun bahsni bahona qiladi. Livan ham, Isroil ham bu yerni o‘zining suveren hududi deb bilardi. Nasrulloh Livanning butun hududi, jumladan Shebaa tumani ham ozod etilmagunicha, «Hizbulloh» qurolni tashlamasligiga qasam ichadi.

Uning parlamentdagi fraksiyasi ham «Qarshilikka sodiqlik» deb atalardi, undagi «qarshilik» Isroilga qarshi kuchlar koalitsiyasini ifodalaydi: Eron va uning proksi kuchlari, shuningdek Hamas va Falastindagi boshqa guruhlar.

«Hizbulloh» falastinliklarning Hamas harakati jangchilari, shuningdek Iroq va Yamandagi shia ayirmachilarni tayyorlashda yordam beradi, Isroilga qarshi qo‘llash uchun Erondan raketalar va snaryadlar olib turadi.

Nasrulloh Erondan tashqari Suriyadagi Asadlar sulolasi bilan ham qalin aloqa o‘rnatgandi. Livanliklarning (asosan, xristianlar) to‘xtovsiz namoyishlariga qaramay Suriya qo‘shini hamon Livanda qolayotgandi. 2004 yilda bu namoyishlarga mamlakatning sobiq bosh vaziri Rafiq Haririy rahbarlik qiladi. 2005 yilda esa u terakt qurboniga aylanadi. Xalqaro tekshiruv kelgan xulosaga ko‘ra, teraktni «Hizbulloh» uyushtirgan. 2006 yilda Livan hukumati Haririyning o‘limi ishi bo‘yicha BMT maxsus tribunalini tuzishga rozilik bildirganida, «Hizbulloh» Bayrutda yirik namoyishlar uyushtiradi. Yakunda terakt uchun hech kim javobgarlikka tortilmaydi.

Qanchalik g‘alati bo‘lmasin, Nasrulloh uchun eng zafarli onlar 2006 yilgi Ikkinchi Livan urushi bo‘ladi. O‘shanda «Hizbulloh» jangarilari Isroil bilan chegarani kesib o‘tib, isroillik askarlardan sakkiz nafarini o‘ldiradi va ikki nafarini o‘g‘irlab ketadi. Bu esa Isroil tomondan javob qaytarilishiga olib keladi. Isroil qo‘shini «Hizbulloh»ni tugatish uchun yana mamlakatga bostirib kiradi, nafaqat harbiy infratuzilmalar, balki aholi yashash joylariga vayronkor zarbalar beriladi.

Isroil harbi samolyotlari «Hizbulloh»ning Livan janubidagi tayanch punktlari hamda Bayrutning janubiy chekkalarini bombardimon qiladi, «Hizbulloh» esa Isroil bo‘ylab 4 mingga yaqin raketa uchiradi. Nasrullohning uyi va qarorgohiga ham isroil harbiy samolyotlari tomonidan zarba beriladi, ammo uning o‘zi omon qoladi. 34 kun davom etgan harbiy harakatlar yakunida 1125 livanlik (ko‘pchiligi tinch aholi vakillari), shuningdek 119 nafar isroillik askar hamda 45 nafar tinch aholi vakili halok bo‘ladi. Ammo bu Nasrullohga, isroillik harbiylar Livanni tark etganida, «Hizbulloh»ning yangi g‘alabasi haqida e’lon qilishiga to‘sqinlik qilmaydi.

Bu Nasrullohning o‘ziga xos usuli edi: u dushmanning maqsadi «Hizbulloh» va uning o‘zini yo‘q qilish bo‘lgani, «Hizbulloh» va o‘zi tirik ekan, dushman yengilganini aytish. Livanning bunday har bir «g‘alabasi» mamlakatni borgan sari iqtisodiy va ijtimoiy inqiroz botqog‘iga cho‘ktirardi.

U 2006 yildan keyin Isroil tomonidan o‘ldirilishdan qo‘rqib, omma oldida chiqish qilmaydi va o‘zining oldindan yozib olingan videomurojaatlarini tarqatadi. Foto: Reuters

2009 yilda Nasrulloh yangi siyosiy manifest chiqaradi, unda «Hizbulloh»ning «siyosiy qarashlari» ifodalangan.

Yangi hujjatda, 1985 yilgi manifestdan farqli o‘laroq, «Hizbolloh» tuzishga urinib kelgan islom respublikasi haqida gap yo‘q, ammo Isroil va AQShga nisbatan qat’iy pozitsiya saqlanib qolgan.

Shuningdek, unda BMTning Livan janubida qurol qo‘llashni taqiqlash to‘g‘risidagi rezolyutsiyasiga qaramay, «Hizbulloh» o‘z qurollarini saqlab qolishi zarurligi haqida gap boradi.

«Odamlar o‘zgaradi. So‘nggi 24 yil ichida butun dunyo o‘zgardi. Livan o‘zgardi. Dunyo tartiboti o‘zgardi», — degandi Nasrulloh.

To‘rt yil o‘tib Nasrulloh «Hizbulloh» o‘z mavjudligining «mutlaqo yangi bosqichiga kirayotgani»ni aytib, eronparast ittifoqchisi, prezident Bashar Asadga ko‘mak uchun Suriyaga qo‘shin yuboradi.

«Bu bizning ham jang va biz unga tayyormiz», — degandi u.

Livandagi sunniy yetakchilar esa «Hizbulloh»ni mamlakatni Suriyadagi urushga tortgani, bu tufayli konfessiyalar orasidagi munosabatlar keskinlashishiga sabab bo‘lganida ayblaydi.

So‘nggi yillar

2019 yilda Livandagi chuqur iqtisodiy inqiroz ancha vaqtdan buyon korrupsiya, isrofgarchilik, samarasizlik va loqaydlikda ayblab kelingan siyosiy elitaga qarshi keng ko‘lamli norozilik namoyishlarini keltirib chiqaradi.

Avvaliga Nasrulloh islohotlarga chaqiriqlarga qo‘shiladi, ammo namoyishchilar siyosiy tizimni to‘liq qayta ko‘rib chiqishni talab qila boshlagach, uning bunga munosabati o‘zgaradi.

Nasrullohning portreti 2022 yilgi parlament saylovlari arafasidagi kampaniyada Bayrut ko‘chalarida
Francesca Volpi / Bloomberg / Getty Images

2023 yil 8 oktyabrda, Hamas jangarilari Isroilga misli ko‘rilmagan hujumni amalga oshirgach, «Hizbulloh» va Isroil o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ham avj oladi.

«Hizbulloh» «falastinliklar bilan birdamlik ramzi» sifatida Isroil pozitsiyalarini o‘qqa tutadi.

Nasrulloh noyabr oyidagi nutqida Hamasning hujumi «to‘lig‘icha Falastin tomonidan qabul qilingani va ijro etilgani»ni aytadi, ammo uning guruhi tomonidan Isroil hududlari o‘qqa tutilishining o‘zi «juda muhim va ahamiyatliligi»ni qo‘shimcha qiladi.

O‘tgan davr mobaynida «Hizbulloh» Isroil shimoli bo‘ylab 8 mingdan ortiq raketa uchirdi. Shuningdek, tanklarga qarshi raketalar bilan zirhli mashinalarga zarba berdi, harbiy obektlarga dronlar hujum qildi.

Isroil mudofaa armiyasi havodan zarbalar berish, shuningdek, tank va artilleriya orqali «Hizbulloh»ning Livandagi pozitsiyalariga o‘t ochish bilan javob qaytardi.

Nihoyat, 2024 yil sentabrda Isroil jiddiy harakatga kirishdi: avvaliga «Hizbulloh» jangarilarining peyjyerlari va ratsiyalari birin-ketin portlab ketdi, 39 kishi halok bo‘lib, minglab kishilar yaralandi. So‘nggi nutqida Nasrulloh bu portlashlarda isroilliklarni ayblab, Isroil «barcha qizil chiziqlar»ni bosib o‘tganini aytdi. U shuningdek guruhga «bemisl darajada zarba berilgani»ni tan oldi va bunga javob qaytarilishiga va’da berdi. Keyingi kunlarda esa Isroil harbiy havo kuchlari Livan bo‘ylab misli ko‘rilmagan darajada shiddatli aviazarbalar yo‘lladi, buning natijasida qariyb 800 kishi halok bo‘ldi.

Nasrulloh boshqaruvi davrida «Hizbulloh» amalda Livanning katta qismini nazorat qildi: mamlakat janubi, sharqdagi Bekaa vodiysi, shuningdek Bayrut janubidagi Dahiya tumanini. Poytaxtning bu hududidagi ko‘chalarda Livan bayroqlari emas, balki «Hizbulloh» bayroqlari hamda Nasrulloh hamda «Hizbulloh» a’zolari o‘zining diniy rahnamosi deb biladigan oyatulloh Xominaiyning portretlari osilgan. Isroilliklar so‘nggi haftalarda aynan Dahiyaga yo‘llagan aviazarbalar oqibatida «Hizbulloh» rahbariyati qariyb to‘liq yo‘q qilindi. Jumladan, Nasrulloh ham.

Mavzuga oid