Jahon | 16:10
1615
2 daqiqa o‘qiladi

Zaxar Prilepinga suiqasdda ayblangan shaxs umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

Aleksandr Permyakov bir vaqtning o‘zida oltita jinoiy modda bo‘yicha aybdor deb topildi. U nafaqat umrbod qamoq jazosiga, balki 700 ming rubl miqdorida jarimaga ham hukm qilindi.

Aleksandr Permyakov Foto: RIA Novosti / Kristina Kormilitsyna

Moskvadagi harbiy sud 30 sentabr, dushanba kuni kremlparast yozuvchi Zaxar Prilepinga suiqasd uyushtirishda ayblangan asli ukrainalik Aleksandr Permyakovni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Erkak dastlabki besh yilni qamoqda, qolgan vaqtini maxsus rejimli koloniyada o‘tkazadi.

Permyakov Jinoyat kodeksining olti moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi: terrorchilik bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tish, noqonuniy qurol saqlash, hujjatlarni qalbakilashtirish, terakt, portlovchi moddalarni noqonuniy ishlab chiqarish va portlovchi qurilmalarni saqlash. Bundan tashqari, u 700 ming rubl miqdorida jarima to‘lashga majbur bo‘ladi.

Prilepin 2023 yil may boshida avtomobil portlashi oqibatida jarohatlangan

Kremlparast yozuvchi Zaxar Prilepinning Audi Q7 avtomobili 6 may kuni Nijniy Novgorod yaqinidagi Pionerskoye qishlog‘ida portlab ketdi. Portlash natijasida Prilepin yaralandi, uning haydovchisi Aleksandr Shubin halok bo‘ldi. Prilepin Donbassga tashrifidan so‘ng Moskvaga qaytayotgan bo‘lgan va chegara hududidagi nazorat-o‘tkazish punktini kesib o‘tgan. U tushlikdan keyin mashinaga qaytganidan keyin portlash sodir bo‘ldi.

Xuddi shu kuni jinoyat sodir etilgan joydan unchalik uzoq bo‘lmagan o‘rmon zonasida Aleksandr Permyakov qo‘lga olindi, uning yonidan Rossiya va Ukraina pasportlari hamda Qozog‘istonning qalbaki pasporti, jangovar to‘pponcha, plastir, beshta sim-karta, ikkita bank kartasi, naqd rubl va grivna, fonar, kompas, chaqmoq tosh, o‘nta telefon raqamlari va ismlar yozilgan qog‘oz topildi.

Politsiya bo‘limida Permyakov aybini tan oldi. Ekspertiza uni qo‘lga olish vaqtida qo‘llarida portlovchi moddaning izlari borligini aniqladi. «Mediazona» shuningdek, qo‘lga olingandan so‘ng Permyakov Shubinning o‘limidan qayg‘uda ekanini, lekin Prilepin o‘lmaganidan afsusda ekanligini aytganini aniqladi.

Mavzuga oid