Jahon | 09:50 / 02.10.2024
2392
3 daqiqa o‘qiladi

Kiyev UQK harbiylarining RF askarlari tomonidan o‘ldirilishini tergov qilmoqda

Rossiya harbiylari ukrainalik harbiy asirlarni frontda «ommaviy qatl etish»da gumon qilinmoqda, dedi Ukraina bosh prokurori Andrey Kostin.

Foto: RIA Novosti

Ukraina prokurorlari rossiyalik askarlarni Donetsk oblastida 16 nafar ukrainalik harbiy asirni o‘ldirganlikda gumon qilmoqda. Ukraina Bosh prokuraturasi 1 oktyabr, seshanba kuni urush qonunlari va odatlarini buzish bo‘yicha sudgacha tergov boshlandi. Tergov boshlanishiga Ukraina Telegram-kanallarida tarqalgan video sabab bo‘ldi. Unda rossiyalik askarlarning taslim bo‘lgan Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) askarlarini o‘qqa tutishi tasvirlangan.

Videoda Rossiya askarlari tomonidan asirga olingan Ukraina Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari o‘rmon hududidan qanday chiqib kelgani tasvirlangan. «Ular saf tortgandan so‘ng, okkupantlar ularni o‘ldirish uchun ataylab o‘q uzgan. Tirik qolgan yaradorlarni avtomatdan o‘q uzib, uzoq masofadan turib o‘ldirishgan», — deyiladi prokuratura bayonotida.

Ukraina bosh prokurori Andrey Kostinning ta’kidlashicha, bu «ukrainalik harbiy asirlarni frontda qatl etish bo‘yicha ma’lum bo‘lgan eng ommaviy holat». Kostinning so‘zlariga ko‘ra, ukrainaliklarning qatl etilishi va qiynoqqa solinishi «tasodifiy hodisa emas, balki Rossiya harbiy va siyosiy rahbariyatining siyosatidir».

Rossiya qamoqxonalarida 14 mingdan ortiq Ukraina fuqarosi saqlanmoqda

30 sentabr kuni Inson huquqlarini himoya qilish xalqaro jamiyati (Internationale Gesellschaft für Menschenrechte - IGFM) ma’lum qilishicha, hozirda Rossiya qamoqxonalarida 14 mingdan ortiq ukrainalik saqlanmoqda. Huquq himoyachilariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining kamida 10 ta hududida Ukraina fuqarolari hibsga olingan maxsus muassasalar mavjud.

Ukrainaga qaytishga muvaffaq bo‘lgan mahbuslarning aytishicha, qamoqda o‘tirganlarida ular jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikka uchragan. «Mehnat lagerida meni zo‘rlashdi va qiynoqqa solishdi», dedi olti oydan ko‘proq asirlikda o‘tirgan Zaporijjya oblastida yashovchi Yelena Yagupova. Xersonlik Aleksandr Tarasov bir yilni Rossiya asirligida o‘tkazgan, u elektroshoker bilan qiynoqqa solinganini va Ukraina fuqarolarini o‘g‘irlashda ishtirok etganlarga nisbatan shaxsiy sanksiyalar qo‘llanishiga erishish niyatida ekanini aytdi. «Biz xalqaro sud oldida javob berishi kerak bo‘lgan tuzilma, sudyalar va politsiya haqida bilamiz», deb ta’kidlaydi erkak.

Mavzuga oid