Jahon | 21:47 / 06.10.2024
4782
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya «yangi davr» boshlanganini e’lon qildi

KXDR Janubiy Koreyaga bo‘lgan munosabatini chinakam fundamental qayta ko‘rib chiqishni boshlagani va bu ma’lum tashvishlarni keltirib chiqarishi ta’kidlanmoqda.

Foto: AP

Xitoy va Shimoliy Koreya yetakchilari diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 75 yilligini nishonlash chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga va’da berishdi. Bu haqda Pxenyan bayonotiga tayanib, Reuters xabar berdi.

Si Jinping Xitoy va KXDR o‘rtasidagi munosabatlarning «katta ahamiyatini» ta’kidlab, Pekin qo‘shnisi bilan munosabatlarda «yangi sahifa yozishga» tayyorligiga ishontirdi. O‘z navbatida Kim Chen In «yangi davr talab qilganidek» Xitoy bilan hamkorlikni rivojlantirishga «sobit intilishga» va’da berdi.

«Yangi davr» deganda aynan nimani nazarda tutayotgani aniqlanmagan. Biroq, Reuters axborot agentligining qayd etishicha, KXDR Janubiy Koreyaga bo‘lgan munosabatini chinakam fundamental qayta ko‘rib chiqishni boshlagan va bu ma’lum tashvishlarni keltirib chiqaradi.

Shimoliy Koreya konstitutsiyasini Janubiy Koreya bilan tinch yo‘l orqali birlashish maqsadini olib tashlash uchun qayta ko‘rib chiqishi kutilmoqda. Shuningdek, ikki Koreya o‘rtasidagi chegara maqomini qayta belgilash ko‘zda tutilgan. Pxenyan dushanba kuni tuzatishlarni muhokama qilish uchun parlament yig‘ilishini chaqiradi.

Mutaxassislarning fikricha, bularning barchasi yarimorolda keskinlikning kuchayishiga olib kelishi mumkin. Yanvar oyida Kim Chen In konstitutsiyani o‘zgartirishga chaqirgan, Janubiy Koreyani «asosiy dushman» sifatida ko‘rsatilishini taklif qilgan edi. Shuningdek, Shimoliy Koreya agar urush boshlansa, Janubiy Koreyani «ishg‘ol qilish, bo‘ysundirish va qaytarishni» rejalashtirishi kerakligi aytildi.

Janubiy Koreya Gyungnam universitetining Shimoliy Koreya bo‘yicha professori Lim Yul-Chulning fikricha, Pxenyan yarimorolni kuch bilan birlashtirishga urinishda o‘zining yadroviy quroliga tayanishi mumkin.

Mavzuga oid