Jahon | 21:02 / 09.10.2024
8797
6 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Bryansk oblastidagi qurol omboriga zarba berganini e’lon qildi

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi ukrainalik harbiylar chorshanbaga o‘tar kechasi Bryansk oblastidagi harbiy omborga hujum qilgani haqida xabar berdi: ma’lum qilinishicha, bu yerda KXDRdan olib kelingan o‘q-dorilar va boshqa bombalar saqlangan. Rossiya FVVning Bryansk oblasti bo‘yicha bo‘limi oblastning Karachevskiy rayonida «portlash xavfiga ega moddalar portlagani» haqida xabar bergan.

Chorshanba tongida ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari hamda ayrim ukrain nashrlari Bryansk oblastida, Karachev shahri atrofidagi o‘q-dori omborida portlashlar va yong‘in ro‘y bergani haqida xabar tarqata boshladi.

Telegram-kanallarda chaqnash va uzoqdagi portlashlar aks etgan videolar joylashtirilgan. Bu xabarlarning mualliflariga ko‘ra, videolar mahalliy aholi vakillari tomonidan tasvirga olingan.

RF mudofaa vazirligining ertalabki hisobotida Bryansk oblastidagi portlashlar va yong‘in tilga olinmagan, rossiyalik harbiylar faqat region hududi uzra go‘yoki 24 ta dron urib tushirilganini xabar qilgan. Bryansk oblasti gubernatori Aleksandr Bogomaz ham o‘z telegram-kanaliga xuddi shunday xabarni joylashtirgan.

FVVning Bryansk oblasti bo‘yicha bo‘limining shundan keyin e’lon qilingan ertalabki hisobotida «Bryansk oblasti Karachevskiy rayonida 09.10.2024 sanasida portlovchi predmetlar portlashi bilan bog‘liq munitsipial xarakterdagi favqulodda vaziyat» haqida gap ketadi.

Shu bilan birga, idora regionda favqulodda holat rejimi joriy etilmasligini ta’kidlagan.

Ukraina QK bosh shtabi Bryansk oblastida Rossiya mudofaa vazirligining Raketa-artilleriya boshqarmasi 67-arsenaliga zarba berganini tasdiqlagan.

Ukrain harbiylari «arsenalda raketa va artilleriya tizimlari uchun, jumladan Shimoliy Koreyadan keltirilgan o‘q-dorilar, shuningdek, "suzuvchi" glissad bombalar saqlangani»ni bildirgan. Ularning katta qismi ochiq osmon ostida saqlangan, deyiladi Ukraina qurolli kuchlari xabarida.

«Bunday arsenallarga zarbalar berilishi Rossiya armiyasi uchun jiddiy logistik muammolar tug‘diradi», bu esa rossiyalik harbiylarning «yurish qilish imkoniyatlarini sezilarli darajada pasaytiradi», deya qo‘shimcha qilgan Ukraina QK bosh shtabi xabarida.

Sentyabr oyida, ukrain dronlari Rossiyaning Tver oblastidagi ikkita yirik o‘q-dori omboriga zarbalar yo‘llaganida, ukrain nashrlari Rossiya Raketa-artilleriya boshqarmasining Ukrainaga eng yaqin joylashgan 67-arsenali Karachev shahri atrofida ekani haqida yozgandi.

Karachev Bryanskdan janubi-sharqda bo‘lib, Ukraina chegarasining eng yaqin nuqtasigacha masofa 115 kilometrni tashkil etadi.

Omborlar bo‘ylab boshqa zarbalar

Bryansk oblastidagi o‘q-dorilar ombori — ukrain manbalariga ko‘ra, dronlar zarbasidan keyin portlashlar ro‘y bergan birinchi joy emas.

Tixoretskdagi harbiy omborda ro‘y bergan yong‘in kosmosdan olingan tasvirlarda ham ko‘ringan
Foto: Planet Labs PBC

21 sentabrga o‘tar kechasi ukrain dronlari Krasnodar o‘lkasining Tixoretsk shahri atrofidagi xuddi shunday obektga hujum uyushtirgandi. Ukraina QK bosh shtabi o‘shanda hujum oqibatida Rossiya harbiy ombori aniq nishonga olinganini ma’lum qilgandi. Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, bu Rossiya armiyasining Ukrainaga qarshi urushda foydalanayotgan eng yirik o‘q-dori saqlash bazalaridan biri bo‘lgan.

Rossiya hukumati o‘shanda dron «parchalari tushgani», buning natijasida «yong‘in chiqib, portlovchi predmetlarga o‘tgani», shundan keyin «detonatsiya boshlangani» haqida ma’lum qilgandi.

Shu bilan birga, mahalliy ma’muriyat hodisa ro‘y bergan joy atrofidagi posyolka evakuatsiya qilinishi haqida e’lon qilgandi.

Bundan bir necha kun oldin, 18 sentabrga o‘tar kechasi Tver oblastining Toropets shahriga dronlar hujum qilgandi. Davlat nashrlarida bu yerda o‘q-dorilar, raketalar va boshqa portlovchi moddalar saqlanadigan arsenal mavjudligi haqida ko‘p bor yozishgan.

BBC’ning Ukraina xavfsizlik xizmatidagi manbalari o‘shanda «omborda „Iskander“ operativ-taktik komplekslari, „Tochka-U“ taktik raketa komplekslari uchun mo‘ljallangan raketalar, boshqariluvchi aviabombalar hamda artilleriya o‘q-dorilari saqlangani»ni ma’lum qilgan. «Ukrain dronlari zarbasidan keyin favqulodda kuchli detonatsiya boshlandi», – degan Ukraina maxsus xizmatlaridagi manba.

Rossiyalik harbiylar bu ma’lumot yuzasidan ham izoh bermagan.

Ammo zarba oqibatlari Amerikaning Maxar kompaniyasi kosmosdan olgan kadrlar orqali tasdiqlangan.

Zarbaga qadar olingan fotoda anger va transheyalarni eslatuvchi qurilmalarni ko‘rish mumkin. Zarbadan keyin olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlar esa bu joyni tutun bulutlari qoplaganini ko‘rsatadi.

NASA’ning yong‘inlar bo‘yicha sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini jamlab boruvchi FIRMS servisi ham Toropetsdan sharqda, Kudino qishlog‘i va Kudinskiy ko‘li yaqinidagi yirik yong‘in o‘chog‘ini ko‘rsatgan.

Mavzuga oid