Jahon | 12:50 / 12.10.2024
3315
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya TIV Yaponiyaga AQSh bilan qo‘shma mashg‘ulotlar tufayli norozilik bildirdi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Federatsiyasi chegaralari yaqinida AQSh-Yaponiya harbiy mashg‘ulotlarini «qabul qilib bo‘lmaydigan holat» deb e’lon qildi va Yaponiya elchixonasini «muqarrar qarshi choralar» haqida ogohlantirdi.

Foto: Japan Maritime Self-Defense Force website

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi 11 oktyabr, juma kuni Tokioning oktyabr oyi oxirida AQSh ishtirokida keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish rejalari munosabati bilan Yaponiyaga «qat’iy norozilik» bildirdi. Tashqi ishlar vazirligining ta’kidlashicha, Amerika-Yaponiya mashg‘ulotlari, xususan, Xokkaydo orolining «Rossiya chegaralariga yaqin joylashgan» hududlarida o‘tkaziladi.

Rossiya idorasi bunday qo‘shma mashg‘ulotlarni «qat’iy qabul qilib bo‘lmaydi» deb ta’kidladi. Yaponiyaning Moskvadagi elchixonasi Rossiya Federatsiyasining suverenitetini «mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va himoya qilish bo‘yicha muqarrar adekvat choralar» haqida ogohlantirish oldi.

Yaponiyaning AQSh bilan harbiy mashg‘ulotlari 23 oktyabrda boshlanadi va 10 kun davom etadi. Ularda ikki davlatdan 45 ming kishi ishtirok etishi kutilmoqda.

Rossiya samolyoti bir kunda Yaponiya havo chegaralarini uch marta buzdi

23 sentabr kuni Yaponiyaning F-15 va F-35 qiruvchi samolyotlari Yaponiya havo hududini buzgan Rossiya harbiy razvedka samolyotiga ogohlantiruvchi raketalar uchirdi, deb yozadi The Wall Street Journal (WSJ). Ta’kidlanishicha, bu voqea 1958 yildan beri yapon mudofaa kuchlarining ogohlantiruvchi raketalari uchirilgan birinchi shunday hodisaga aylandi.

Yaponiya vazirlar mahkamasi bosh kotibi Yoshimasa Xayashining so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Il-38 patrul samolyoti 23 sentabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:00 dan 16:00 gacha Yaponiya shimolidagi Rebunna oroli suvlari ustidan uchib uch marta Yaponiya havo hududiga kirgan.

Yoshimasa Xayashi qo‘shimcha qilishicha, Yaponiya ushbu qoidabuzarlik yuzasidan Rossiyaga «o‘ta kuchli norozilik» bildirdi. WSJ ta’kidlaganidek, Yaponiya harbiy-havo kuchlari ikki marta Rossiya samolyotiga havo hududini tark etish to‘g‘risida ogohlantirish va talablar yuborgan, uchinchi ogohlantirishdan so‘nggina signal raketalarini uchirgan. Rossiya Mudofaa vazirligi nashrning vaziyatga izoh berish so‘roviga javob qaytarmadi.

Mavzuga oid