Jahon | 12:50 / 14.10.2024
3233
3 daqiqa o‘qiladi

WP: Hamas Isroilga 11 sentabrdagi kabi hujum qilmoqchi bo‘lgan

Hamas jangchilari 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumdan ancha oldin Isroilda keng ko‘lamli qator hujumlarni rejalashtirgan edi. Buni Hamas qo‘mondonlik markazlarida isroillik harbiylar tomonidan topilgan hujjatlar tasdiqlaydi.

Foto: Majdi Fathi / Reuters

Falastinning Hamas harakati jangchilari 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumdan ancha oldin Isroilda keng ko‘lamli qator hujumlar va teraktlar uyushtirishni rejalashtirgan, deb yozadi The Washington Post (WP) 12 oktyabr, shanba kuni harakatning G‘azo sektoridagi qo‘mondonlik markazlarida isroillik harbiylar tomonidan aniqlangan Hamas rahbariyatining 10 ta maxfiy uchrashuvi bayonnomalariga tayanib. 

O‘nlab sahifalarda Hamasning rejasi batafsil bayon etilgan — u 7 oktyabrdagi hujumdan ancha katta. U 2001 yil 11 sentabrda AQShdagi kabi Tel-Avivda osmono‘par binoga hujum, shuningdek, temiryo‘llardagi portlashlarni o‘z ichiga oladi. WP qayd etishicha, jurnalistlar qo‘lga kiritgan 59 sahifalik xat va hujjatlar, Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektoriga quruqlikdan bostirib kirish boshlanganidan beri topilgan minglab hujjatlarning faqat kichik bir qismidir.

«Hamas Isroil va yahudiy xalqini yo‘q qilishga shunchalik qat’iy qaror qildiki, u Eronni to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaroga tortishga muvaffaq bo‘ldi — Eron tayyor bo‘lmagan shartlar asosida», dedi Isroil xavfsizlik xizmati rasmiysi.

Netanyahu: Biz kurashni davom ettiramiz

Falastinning Hamas harakati jangchilarining hujumi bir yilligi munosabati bilan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Isroil G‘azo sektoridagi harbiy operatsiyani davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi. «Biz kurashni davom ettiramiz va birgalikda g‘alaba qozonamiz», dedi u 7 oktyabr kuni e’lon qilingan videomurojaatida.

Netanyahuning ta’kidlashicha, 7 oktyabr «kelajak avlodlar uchun uyg‘onishimiz narxining ramzi bo‘lib, ularga bizning qat’iyatimiz va ruhimiz kuchini isbotlaydi». U G‘azo sektoridagi urush maqsadlarini sanab o‘tdi: Hamasni ag‘darish, barcha garovga olinganlarni ozod qilish, kelajakda G‘azodan Isroilga har qanday tahdidning oldini olish, mamlakat janubi va shimolidagi aholini o‘z uylariga qaytarish. «Mamlakatimizda dushman bizning mavjudligimiz va tinchligimizga tahdid solayotgan ekan, G‘azoda o‘g‘irlab ketilganlar bor ekan, biz kurashni davom ettiramiz», — dedi bosh vazir.

Mavzuga oid