Jahon | 17:49 / 16.10.2024
4650
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston prezidenti qabristonda yodgorlik o‘rnatishni taqiqlashni tavsiya qildi

Sadir Japarov mamlakat Diniy boshqarmasiga qabristonlar hududida marmar yodgorlik va temir panjaralarni o‘rnatishni taqiqlovchi fatvo chiqarishni tavsiya etdi.

Foto: Kloop.kg

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov «Dafn etish va dafn ishlari to‘g‘risida»gi qonunni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Farmonda Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasiga (QMDB) qabristonlar hududida yodgorliklar, haykallar, qabr toshlari, tosh, granit, marmar, metalldan yasalgan panjaralarni o‘rnatishni taqiqlovchi fatvo chiqarish tavsiya etilgan. Tarixiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan dafnlar uchun istisno bo‘lishi mumkin.

«Musulmonga shariatga ko‘ra, qabrga qimmatbaho tosh turlarini o‘rnatish va qabr ustiga surat qo‘yish, uni temir panjaralar bilan o‘rash, sement va betondan foydalanish taqiqlangan. Bunday odatlar marhumga yordam bermaydi», degan edi Japarov shu yil iyul oyida «Kabar» axborot agentligiga bergan intervyusida.

Prezident o‘z yurtdoshlarini qabristonlarga metall va tosh yodgorliklar o‘rnatishni to‘xtatishga chaqirdi.

«Ba’zi siyosatchilarning nima deyishi menga qiziq emas. Marhumlarning xotirasini hurmat qilish uchun har kuni uyda Qur’on o‘qish yoki uzoqda bo‘lsangiz ham ularni duo qilish mumkin. Shu yetarli. Shunda marhum shod bo‘ladi. Metall yodgorliklar yoki ikki qavatli maqbaralar o‘rnatish bizning an’anamiz emas», dedi Qirg‘iziston rahbari.

Qarorga ko‘ra, qabr yodgorliklari va panjaralar yog‘och materiallardan yasalgan bo‘lishi va balandligi 0,7 metrdan oshmasligi kerak. Bunday chora-tadbirlar qabr yodgorliklarini qurishda isrofgarchilikning oldini olishga yordam beradi, deb hisoblaydi prezident.

Musulmonlar diniy boshqarmasi va boshqa tegishli idoralarga marhumlarni dafn etish masalalari bo‘yicha aholi o‘rtasida doimiy targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib borish topshirildi.

Arxitektura, qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish davlat agentligiga uch oy muddatda qabristonlarni obodonlashtirish, saqlash, qabr yodgorliklarining o‘lchamlari, ularni tayyorlash va o‘rnatish uchun materiallarga qo‘yiladigan talablar bo‘yicha loyihaviy yo‘riqnomalar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Mavzuga oid