Jahon | 13:20 / 16.10.2024
2283
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy YeI sammitida «g‘alaba rejasi»ni taqdim etishga taklif qilindi

Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel Zelenskiyni Ukrainadagi urush haqida gapirib berish va Yevropa Ittifoqi sammitida o‘zining «g‘alaba rejasini» taqdim etishga taklif qildi.

Foto: Nicolas Economou/NurPhoto/Getty Images

Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni 17 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan YeI sammitida ishtirok etishga taklif qildi. Bu haqda yevropalik siyosatchi 15 oktyabr, seshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida yozgan.

«Men prezident Zelenskiyni Yevropa kengashi sammitiga taklif qildim, u Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidagi so‘nggi voqealarni baholab, g‘alabaga erishish rejasini taqdim etishi mumkin», — deyiladi Mishel postida.

Zelenskiy Rossiya bilan muzokara bo‘yicha o‘z pozitsiyasini yumshatishga tayyor

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralar shartlarini muhokama qilishga va urushni tugatishga tayyor, deb xabar berdi Bloomberg 8 oktyabr kuni Ukraina prezidenti va G‘arb davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralar borishi bilan tanish bo‘lgan rasmiylarga tayanib.

Omma oldida Zelenskiy hali ham Rossiya qo‘shinlarini Ukrainadan to‘liq olib chiqib ketishni talab qilmoqda va bosib olingan hududlar bo‘yicha muzokaralarni rad etyapti, biroq Ukraina rasmiylari urushni to‘xtatish va «ko‘proq moslashuvchan» pozitsiyani egallash zarurligini qabul qilishga tayyor ekanliklarini ochiq aytishdi. Bu haqda agentlikka NATOga yaqin suhbatdoshlari ma’lum qildi.

Zelenskiyning sentabr oyida taklif qilgan «g‘alaba rejasi» Vashingtonda sovuq kutib olindi, dedi ulardan biri va G‘arb ittifoqchilari Kiyevga yanada aniqroq ssenariyni taqdim etishi uchun bosimni oshirdi. Frontdagi vaziyat, moliyalashtirish bilan bog‘liq qiyinchiliklar va AQShda bo‘lajak prezidentlik saylovlari Ukraina ittifoqchilarini «mojaroni muzokaralar yo‘li bilan tugatish imkoniyatini diqqat bilan ko‘rib chiqishga» undamoqda, deb ta’kidlaydi Bloomberg.

Mavzuga oid