Jahon | 09:10 / 17.10.2024
3223
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Bokuda nufuzli rossiyaliklar va nemislarning uchrashuvi tayyorlangan 

Die Zeit va ARD Kontraste Rossiya Federatsiyasi va Germaniyaning yuqori martabali siyosatchilari ishtirok etishi kerak bo‘lgan Bokudagi uchrashuv dasturini o‘rganib chiqdi. Nashrlarning yozishicha, dasturda «Sankt-Peterburg muloqoti» logotipi bo‘lgan.

Foto: Livejournal

Bir guruh nufuzli ruslar va nemislar 20 oktyabr kuni Bokuda uchrashuvni rejalashtirgan edi, uning dasturida «Sankt-Peterburg muloqoti» logotipi bo‘lgan, bu format Ukrainada Rossiya urushi boshlanganidan keyin rasman tarqatib yuborilgan. Oktyabr oyi boshida bo‘lib o‘tgan uchrashuvning ruscha dasturi Die Zeit gazetasi va ARD Kontraste telekompaniyasining siyosiy jurnali tomonidan ko‘rib chiqilib, 16 oktyabr, chorshanba kuni tegishli materiallar ularning veb-saytlarida e’lon qilindi.

Jurnalistlarga ko‘ra, Ozarboyjon poytaxtidagi yig‘ilishda Brandenburg yerining sobiq bosh vaziri Mattias Platsek, Germaniya federal kansleri idorasi sobiq rahbari Ronald Pofalla, shuningdek, «Sankt-Peterburg muloqoti» sobiq ijrochi direktori Martin Hoffmann ishtirok etishi kerak edi. 

Platsek ko‘p yillar davomida «Sankt-Peterburg muloqoti»ning boshqaruvi tarkibiga kirgan. Pofalla formatni 2015 yildan 2021 yilgacha boshqargan.

Ishtirokchilar ro‘yxatida ikki Shveytsariya fuqarosi ham bor: Shveytsariyaning Berlindagi sobiq elchisi Tim Guldiman va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining sobiq bosh kotibi, hozirda Shveytsariya davlati tomonidan moliyalashtiriladigan Jyeneva xavfsizlik siyosati markazi direktori Tomas Greminger. Yaqinda Die Neue Zürcher Zeitung gazetasiga bergan intervyusida Greminger Rossiya bilan «maxfiy muloqot formatlari» zarurligini ta’kidladi.

Germaniyada Rossiya maxsus xizmatlari faolligi oshgani qayd etildi

Germaniya rasmiylari, 14 oktyabr kuni Handelsblatt ishbilarmonlik gazetasida chop etilgan Germaniya Ichki ishlar vazirligi rahbari Nensi Fezerning intervyusiga ko‘ra, Rossiya razvedka xizmatlari faolligi oshganini qayd etmoqda. «Biz Putin rejimining tobora tajovuzkor bo‘lib borayotganini ko‘rmoqdamiz», dedi u bu borada. Keyinroq suhbatda vazir Rossiya razvedka xizmatlari bir qator rus agentlarining mamlakatdan chiqarib yuborilishi tufayli Germaniyada zaiflashganini ta’kidladi.

Fezerning so‘zlariga ko‘ra, nemis xavfsizlik xizmatlari «mamlakatni (Germaniya) Rossiya josusligi tahdidi, qo‘poruvchilik harakatlari va kiberhujumlardan himoya qilish uchun aql-bovar qilmaydigan resurslardan foydalanmoqda». Shu tariqa, bir necha oy oldin Germaniya Ichki ishlar vazirligi Moskva ko‘rsatmasi bo‘yicha tayyorlanayotgan portlovchi moddalar yordamida mamlakatda hujumlar sodir etilishining oldini olgan. Bu hujumlardan maqsad Germaniyaning Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaslik edi, deya aniqlik kiritdi Handelsblatt suhbatdoshi.

Mavzuga oid