Jahon | 11:10 / 17.10.2024
4390
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukrainaga 130 dan ortiq hujumkor dronlar bilan hujum qildi

Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari mamlakatning 14 ta oblasti ustida 51 ta dronni qaytarishga muvaffaq bo‘lgan. Kiyevda havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilindi. Ternopil yaqinidagi sanoat obektida yong‘in sodir bo‘ldi.

Foto: Kherson Regional Military Administration/Anadolu/picture alliance

16 oktyabrga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukraina bo‘ylab 136 ta dron va ikkita raketani uchirdi, deb xabar berdi Ukraina Havo kuchlari Telegramʼda. «Dushman Donetsk oblastiga hududning bosib olingan qismidan S-300/400 zenit raketasi bilan, Kursk oblasti havo hududidan Chernihivga X-59 boshqariladigan aviatsion raketasi, shuningdek, 136 ta uchuvchisiz uchoqlar bilan hujum qildi», deyiladi xabarda. Uchirish holatlari Kursk, Orel va Primorsko-Axtarsk rayonlaridan amalga oshirildi.

Ukraina Qurolli kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari Ukrainaning 14 oblastida 51 ta dronni urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan, radioelektron kurash tizimlarining ishlashi natijasida yana 60 ta dron Ukrainaning bir qator mintaqalarida «yo‘qotilgan». Harbiy hisobot e’lon qilingan vaqtda yana 20 ta dron Ukraina havo hududida bo‘lgan va ikkitasi Rossiya Federatsiyasiga qaytib ketgan.

Ukraina razvedkasi Rossiyaning Tu-134 samolyoti yo‘q qilinganini bildirdi

Rossiya Qurolli kuchlarining 117-harbiy-transport aviatsiya polkiga qarashli Tu-134 harbiy-transport samolyoti 13 oktyabrga o‘tar kechasi o‘zi joylashgan «Orenburg-2» aerodromida yonib ketdi. Bu xabar 14 oktyabr kuni Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi tomonidan Telegramʼda e’lon qilindi.

«Bunday sovet samolyotlari, xususan, Rossiya Mudofaa vazirligining yuqori martabali xodimlarini tashish uchun ishlatiladi», deyiladi postda.

Ukraina razvedka xizmati YouTubeʼda Rossiya samolyoti yonayotgani tasvirlangan videoni joylashtirdi. Ayni paytda matbuot havo kemasining ro‘yxatga olish raqamlarini yozuvda tanib bo‘lmasligiga e’tibor qaratadi. «Uning Rossiya Qurolli kuchlariga tegishligini e’lon qilingan parcha asosida tasdiqlashning iloji yo‘q va u olgan zarar darajasi ham noma’lum», — deydi jurnalistlar.

«Orenburg-2» — Orenburgdan 6 km janubi-g‘arbda joylashgan harbiy aerodrom. Rossiya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, u yerda harbiy-transport aviatsiyasining 12-Mginskaya harbiy-transport aviatsiya diviziyasi (61-havo armiyasi) tarkibiga kiruvchi 6956-havo bazasi joylashgan.

Mavzuga oid