Iqtisodiyot | 16:35 / 19.10.2024
3623
4 daqiqa o‘qiladi

“Hamma mamlakatda ham rasmiy vakolatxona ochavermaymiz” - Mastercard vakili

Mastercard to‘lov tizimi O‘zbekistonda rasmiy vakolatxonasini ochgan. Xalqaro kompaniyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy menejeri Chengiz Aydinning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentdagi jamoa hozirda 6 kishidan iborat. “Mastercard hamma davlatda ham rasmiy vakolatxonasini ochavermaydi. Agar biz qaysidir mamlakatda rasmiy vakolatxonamizni ochsak, bu o‘sha mamlakat biz uchun nihoyatda muhimligini anglatadi”, deydi u.

Foto: NurPhoto

Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida O‘zbekistonda makroiqtisodiy vaziyat va moliya sektorining rivojlanish istiqbollari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Mastercard'ning Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy menejeri Chengiz Aydin Kun.uz'ga kompaniyaning Toshkentdagi vakolatxonasi haqida gapirib berdi.

“Biz o‘tgan yili O‘zbekistonda rasmiy ofisimizni ochdik. Hozir unda 6 nafar xodim ishlaydi. Biz bu yerda o‘sib boryapmiz. Mastercard hamma davlatda ham rasmiy vakolatxonasini ochavermaydi. Agar biz qaysidir mamlakatda rasmiy vakolatxonamizni ochsak, bu o‘sha mamlakat biz uchun nihoyatda muhimligini anglatadi. O‘zbekistonda ofis ochganimizdan keyin u tez o‘sa boshladi, shu sababli biz o‘zbekistonlik talantlarni jalb qila boshladik. Bundan tashqari, bu yerda o‘zbek mijozlari va manfaatdor tomonlarga yordam berish uchun maslahat guruhimiz bor. Shuningdek, Istanbulda yirik markazimiz bor, u mintaqaviy vakolatxona hisoblanadi. Men o‘sha yerda ishlayman. Lekin biz O‘zbekistonda mahalliy ishtirokimizni oshirishni xohlaymiz”, – deydi u.

Chengiz Aydin – o‘ngdan birinchi

Chengiz Aydinning so‘zlariga ko‘ra, Mastercard O‘zbekistonda amalga oshirayotgan va rejadagi ko‘plab tashabbuslari bor: kichik va o‘rta fintex biznesni rivojlantirish, moliyaviy inklyuzivlik, moliyaviy savodxonlik va kiberxavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash shular jumlasidan.

“Bular davom etayotgan loyihalar bo‘lib, bir martalik emas. Biz manfaatdor tomonlar, hukumat, Markaziy bank bilan ishlayapmiz: 2 yil ilgari Markaziy bank bilan raqamli to‘lovlarning barcha jihatlarini qamrab olgan memorandum imzolaganmiz. Bizda katta dastur bor ”, – deydi xalqaro kompaniya vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bular orasida eng muhim va dolzarb yo‘nalish kiberxavfsizlik, chunki u odamlarning tizimga ishonchini ta’minlaydi.

“Birinchi navbatda bizga ishonch kerak. Ishonch bo‘lishi uchun esa bizda mustahkam raqamli tizim, kiberxavfsizlik bo‘lishi kerak va buning uchun xususiy banklar, tartibga soluvchi organ va biz kabi xalqaro kompaniyalar o‘rtasida mustahkam hamkorlik zarur. Bizda esa xalqaro tajriba bor va uni olib kela olamiz. Shunday qilib, men o‘z nutqimda aytib o‘tganimdek, biz banklar, Markaziy bank bilan bir nechta seminarlar o‘tkazdik, mahsulotlar va yechimlarimizni taklif qildik. Shunga qaramay, har qanday davlat o‘zining biror sohadagi irodasini rivojlantirishi vaqt masalasidir. O‘ylaymanki, O‘zbekiston, yuqorida aytib o‘tganimdek, katta ishlarni amalga oshirmoqda, shuning uchun ham ular global kiberxavfsizlik indeksida o‘z o‘rnini oshirmoqda. Ammo hali qilinadigan ishlar ko‘p”, – dedi kompaniya vakili.

Ma’lumot uchun, Mastercard – to‘lovlar sohasidagi global texnologik kompaniya hisoblanadi. Kompaniya missiyasi – tranzaksiyalarni xavfsiz, sodda, aqlli va hamyonbop qilish orqali hammaga, hamma joyda foyda keltiradigan inklyuziv raqamli iqtisodiyotni shakllantirish va kuchaytirish.

Mavzuga oid