Jahon | 08:50 / 22.10.2024
4440
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Seul Ukrainaga razvedka xodimlarini yuborishi mumkin

Newsweek nashrining yozishicha, Janubiy Koreya hukumati va harbiylari «Ukrainaga KXDR bo‘yicha ixtisoslashgan razvedkachilarni yuborish rejasini ko‘rib chiqmoqda».

Foto: Getty Images

Janubiy Koreya hukumati va harbiylari Ukrainaga shaxsiy tarkibni, jumladan razvedka xodimlari va Shimoliy Koreya taktikasi bo‘yicha mutaxassislarni «jo‘natish rejasini ko‘rib chiqmoqda». Bu haqda Newsweek jurnali 21 oktyabr, dushanba kuni Janubiy Koreya razvedkasiga tayanib xabar berdi. Janubiy Koreyaning NewsPim media kompaniyasi ham ehtimoliy rejalar haqida xabar berdi.

Newsweek nashrining aniqlik kiritishicha, agar Shimoliy Koreya askarlari Ukraina qo‘shinlari tomonidan asirga olinsa, Ukrainadagi Janubiy Koreya xodimlari so‘roq o‘tkazadi yoki tarjima qiladi. Shuningdek, xodimlar Kiyevga Shimoliy Koreyaning harbiy taktikasi, doktrinasi va operatsiyalari haqida ma’lumot beradi, deya qo‘shimcha qildi nashr.

Koreya Respublikasi Mudofaa vazirligi ham 21 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish choralarini ko‘rib chiqishi va bu borada «ochiq pozitsiya» saqlab turishini ma’lum qildi. Shu paytgacha Seul Kiyevga Rossiya Federatsiyasi bilan urushda faqat gumanitar yordam ko‘rsatgan.

Kiyev ittifoqchilari KXDR harbiylari RFda ekani haqidagi xabarlarga baho berdi

Pentagon hozircha Janubiy Koreya razvedkasining Shimoliy Koreya qo‘shinlari Ukrainada joylashtirilishi uchun Rossiyaga o‘tkazilgani haqidagi xabarlarini tasdiqlay olmaydi. 19 oktyabr kuni AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinning so‘zlarini Reuters agentligi keltirdi.

Shu bilan birga, Ostinning qo‘shimcha qilishicha, agar tasdiqlansa, bu qadam Vashingtonda xavotir uyg‘otadi.

Berlin Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasida, masalan, qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha tobora yaqinroq harbiy hamkorlik kuzatilayotganini ta’kidladi. 19 oktyabr kuni Germaniya Tashqi ishlar vazirligi vakili Reuters agentligiga: «Bu jiddiy tashvish uyg‘otadi» dedi.

Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Rossiya Federatsiyasiga yuborilishi haqidagi xabarlarni izohlar ekan, u shunday dedi: «Biz bu boradagi so‘nggi xabarlarni ham katta tashvish bilan kuzatib boramiz».

Shimoliy Koreya muntazam qo‘shinlarining Rossiya Federatsiyasini qo‘llab-quvvatlashga jalb etilishi urushning jiddiy avj olishi bo‘ladi, dedi Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro va uning ukrainalik hamkasbi Andrey Sibiga 19 oktyabr kuni Kiyevda o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida.

«Bu jiddiy (qadam) va mojaroni yangi bosqichga, qo‘shimcha avj olish bosqichiga olib chiqadi», dedi Barro Kiyevga bu lavozimdagi birinchi tashrifi chog‘ida. U bu holat Moskva urushda qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgani haqida signal bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

Mavzuga oid