O‘zbekiston | 20:57 / 23.10.2024
1753
2 daqiqa o‘qiladi

Beruniy nomidagi YuNESKO–O‘zbekiston xalqaro mukofoti ta’sis etildi

Mukofot ikki yilda bir marotaba sun’iy idrok sohasida odob-axloq va inklyuzivlikni rivojlantirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi loyihalarga beriladi.

Foto: Telegram/Saida Mirziyoyeva

Sun’iy intellekt sohasidagi etika bo‘yicha tadqiqotlar va ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Beruniy nomidagi YuNESKO–O‘zbekiston xalqaro mukofoti ta’sis etildi. Bu haqda prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ushbu qaror 2024 yil 22 oktyabr kuni Parij shahrida bo‘lib o‘tgan YuNESKO Ijroiya kengashining 220-sessiyasida O‘zbekiston prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbus doirasida bir ovozdan qabul qilingan.

Mukofot ikki yilda bir marotaba sun’iy idrok sohasida odob-axloq va inklyuzivlikni rivojlantirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi zalvorli loyihalarga beriladi. G‘oliblar mustaqil xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan saralab olinadi va jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi e’tirofi ramzi sifatida pul mukofoti, sertifikat va medal bilan taqdirlanadi.

«Ilk taqdirlash marosimi 2025 yilning noyabr oyida Samarqand shahrida YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tadi, bu esa mazkur tashabbusning O‘zbekiston va xalqaro hamjamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ifodalaydi», — deb yozadi Saida Mirziyoyeva.

Avvalroq «Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilingandi. Qarorga ko‘ra, Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlangan.

Mavzuga oid