BMT: Urush boshlangandan beri Ukraina aholisi 8 mlnga kamaydi
BMT jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2014 yildan beri Ukraina aholisi taxminan 10 million kishiga kamaydi.
2014 yilda Rossiya Qrimni qo‘shib olganidan keyin Ukraina aholisi taxminan 10 millionga, 2022 yilda keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin esa 8 millionga kamaydi. Bunday hisob-kitoblarni 22 oktyabr, seshanba kuni BMT Aholishunoslik jamg‘armasi ma’lum qildi.
Aholining kamayishi sabablari orasida BMT ukrainaliklarning mamlakatni tark etishi va urushda odamlarning halok bo‘lganini keltirgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, janglar boshlanganidan beri kamida 11 973 nafar tinch aholi halok bo‘lgan. Taxminan 6,7 million kishi xorijda qochqin sifatida yashayotgani aniqlandi.
Jamg‘arma matbuot kotibi Florens Bauer Jyenevada jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda: «Bu inson kapitalining katta yo‘qotilishini anglatadi», dedi.
Mutaxassislar: Mamlakatda tug‘ilish koeffitsiyenti bir ayolga bir bola darajasiga tushdi
Bundan tashqari, urush demografik muammolarni yanada kuchaytirdi. Mamlakatda tug‘ilish koeffitsiyenti har bir ayolga bir bolagacha kamaygan. Bu Yevropadagi va dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri, deya tushuntirdi Bauer.
Ukraina hukumati gender tengligi, otalarga bolaga qarash bo‘yicha ta’til berish va qulay mehnat sharoitlarini yaratishni o‘z ichiga olgan zamonaviy demografik siyosat olib borish orqali tendensiyaga qarshi turibdi, deya ta’kidladi jamg‘arma. Shunday qilib, 2021 yilda bolalarga umumiy g‘amxo‘rlik qilishni rag‘batlantiruvchi qonun qabul qilindi.
Bauer, shuningdek, Ukrainada samarali rejalashtirish uchun aholini ro‘yxatga olishni zudlik bilan va xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatni hisobga olgan holda o‘tkazish zarurligini ta’kidladi. Puxta demografik tahlil iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning uzoq muddatli strategiyalarini aniqlashga yordam beradi, dedi u.
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024