Boeing sun’iy yo‘ldoshi kosmosda parchalanib ketdi
Ushbu sun’iy yo‘ldosh Yevropa, Afrika va Osiyoning bir qismi uchun keng polosali aloqani, jumladan, internet hamda telefon aloqasini ta’minlab kelgan.
Intelsat provayderi foydalanib kelgan Boeing kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan sun’iy yo‘ldosh kutilmaganda geostatsionar orbitada parchalanib ketdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, apparat «butkul yakson bo‘lgan».
Sun’iy yo‘ldoshning parchalanishiga nima sabab bo‘lgani hozircha aniq emas. AQSh Kosmik kuchlari «apparatning 20 ga yaqin qoldiqlarini kuzatmoqda» — ular bevosita hech qanday tahdid uyg‘otmayapti. Shu bilan birga, kosmik makonni kuzatish bilan shug‘ullanuvchi ExoAnalytic Solutions kompaniyasi sun’iy yo‘ldoshning 57 ta bo‘lagini kuzatayotganini ma’lum qilgan.
Mutaxassislar hozircha sun’iy yo‘ldosh parchalanishining aniq sababini aniqlamagan bo‘lsa-da, mazkur hodisa sun’iy yo‘ldoshlarning ishlash muddati cheklanganini, shuningdek, doimiy ravishda orbitadagi foydali obektlar bilan kosmik chiqindilar to‘qnashuvi xavfi borligini yana bir bor eslatib qo‘ydi. Orbital kartografiya bilan shug‘ullanuvchi LeoLabs kompaniyasi tadqiqotchilari oktyabr boshida kosmik chiqindilar bilan to‘qnashuv muqarrarligidan ogohlantirgan edi.
Og‘irligi 6600 kilogramm, o‘lchami esa minivendek keladigan sun’iy yo‘ldosh Boeing Space Systems kompaniyasi tomonidan yaratilgan va 2016 yilda uchirilgan edi. U Yevropa, Afrika va Osiyoning bir qismi uchun keng polosali aloqani, jumladan, internet hamda telefon aloqasini ta’minlab kelgan.
IS-33e nomli mazkur apparat Boeing tomonidan EpicNG platformasi doirasida uchirilgan ikkinchi sun’iy yo‘ldosh edi. Birinchisi — IS-29e bo‘lib, yonilg‘i sizib chiqishi oqibatida ishdan chiqqandi. Intelsat kompaniyasi mazkur sun’iy yo‘ldoshdan butkul ayrilganini 2019 yil aprelda e’lon qilgan, keyinroq esa buni mikrometeorit urilishi yoki quyosh faolligi bilan izohlagan edi.
Ammo IS-33e’ning parchalanishiga nima sabab bo‘lgani noma’lum. Intelsat vakillarining ta’kidlashicha, sun’iy yo‘ldosh uchirilganiga sakkiz yil to‘lganidan keyin u ko‘proq yonilg‘i sarflashni boshlagan.
Mavzuga oid
22:48 / 18.11.2024
Starlink uchun yana 20 ta sun’iy yo‘ldosh orbitaga uchirildi
23:13 / 15.11.2024
Rossiyalik hakerlar Yevropa sun’iy yo‘ldoshlariga hujum qilmoqda
22:18 / 11.11.2024
Xitoy 15 ta sun’iy yo‘ldoshga ega tijoriy raketani uchirdi
17:59 / 11.11.2024