O‘zbekiston | 10:10 / 24.10.2024
1415
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda O‘zbekiston – Qozog‘iston hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi

Samarqand shahrida O‘zbekiston – Qozog‘iston IV hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Qozog‘iston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati

"Kazinforum" xalqaro axborot agentligi manbasiga ko‘ra, forum davomida Qozog‘iston va O‘zbekiston umumiy qiymati 352 million dollardan ortiq bo‘lgan 76 ta hujjat imzolagan.

Forumda ikki mamlakat rahbarlarining o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarini amalga oshirishning borishi ko‘rib chiqildi. Sanoat kooperatsiyasi, suv-energetika, tranzit va transport sohalari, gaz sanoatidagi o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Iqtisodiy tadbirda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, ularda investitsiya hajmi 3,4 milliard dollar bo‘lgan 74 ta qo‘shma loyihani amalga oshirish va 14,6 ming ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Anjumanda transport-logistika salohiyatini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. O‘zbekiston savdo aylanmasining 50 foizdan ortig‘i tranzit yo‘li bilan Qozog‘iston hududi orqali o‘tadi. Turli transport turlari bo‘yicha 18 yo‘lovchi tashish yo‘nalishi tashkil etilgani aloqalarni yanada chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

"Qozog‘iston – O‘zbekiston" IV hududlararo hamkorlik forumi, biznes-forumi doirasida imzolangan hujjatlar  orasida yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha Amaliy chora-tadbirlar rejasi ham bor. Hujjat energetika, tog‘-kon sanoati, geologiya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Shuningdek, Qozog‘iston va O‘zbekiston hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik to‘g‘risida bitimlar imzolandi.

Mavzuga oid