Jahon | 08:30 / 24.10.2024
3374
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Kurdiston ishchilar partiyasining Suriya va Iroqdagi obektlariga zarba berdi

Turkiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, aviazarbalar natijasida terrorchilarning 30 dan ortiq nishoni yo‘q qilingan. Suriya va Iroqda Kurdiston ishchilar partiyasiga qarshi operatsiya Anqaradagi teraktdan keyin boshlangan.

Foto: Turkiya Mudofaa vazirligi

Turkiya harbiy-havo kuchlari Iroq va Suriya shimolidagi Kurdiston ishchi partiyasi (KIP) obektlariga zarbalar berdi. Bu haqda 24 oktyabr, payshanbaga o‘tar kechasi Turkiya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.

Turkiya mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, aviazarbalar natijasida terrorchilarga tegishli jami 32 ta nishon «muvaffaqiyatli yo‘q qilingan». Mudofaa vazirligi qaysi nishonlarga zarba berilganiga aniqlik kiritmadi. Bayonotda tinch aholiga zarar yetkazmaslik uchun «barcha chora» ko‘rilgani bildirildi. Qayd etilishicha, havo operatsiyalari davom etmoqda.

Anqara yaqinidagi mudofaa shirkati hududida terakt sodir etildi

Turkiya harbiy-havo kuchlarining zarbalari Anqara viloyatidagi Turkish Aerospace Industries (TAI, TUSAS) mudofaa sanoat kompaniyasi obektlarida terakt sodir etilganidan bir necha soat o‘tib amalga oshirildi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida besh kishi halok bo‘lgan, yana 22 kishi jarohatlangan. Bundan tashqari, ikki hujumchi o‘ldirilgan.

Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerlikayaning aytishicha, hujumga Kurdiston ishchi partiyasining aloqadorligi taxmin qilinmoqda. Turkiya mudofaa vaziri Yashar Guler ham KIPning ishtiroki haqiqatga yaqin ekanini ma’lum qildi.

Mavzuga oid