Jamiyat | 18:05 / 25.10.2024
11772
8 daqiqa o‘qiladi

“Barchasi ota-onamning qo‘llovi tufayli”: Microsoft elchisiga aylangan o‘zbek qizi

Farg‘ona shahridagi 10-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Dilafruz Jo‘raboyeva Microsoft kompaniyasining yoshlarga mo‘ljallangan Microsoft Learn Student dasturi O‘zbekistondagi ilk ayol ambassadori bo‘ldi. Endilikda u Microsoft kompaniyasining O‘zbekistondagi yuzi sifatida faoliyat olib boradi.

Kun.uz muxbiri 16 yoshida Microsoft’ning rasmiy elchisi unvoniga sazovor bo‘lgan qiz bilan muvaffaqiyat yo‘li, orzulari va kelajak rejalari haqida suhbatlashdi.

Qishloqdan shaharga ko‘chib kelgan qiz

“Asli Buvayda tumanidanman. Bolaligimda birinchi sinfni yaxshi baholarga tamomlay olmaganim uchun oilaviy Farg‘ona shahriga ko‘chib kelishga majbur bo‘lganmiz.

Dilafruz Jo‘raqulova

Bir muddat o‘zimni jurnalist sifatida ham ko‘rdim. Vaqtlar o‘tib Farg‘ona shahriga ham zamonaviy kasblar kirib kela boshladi. “Najot ta’lim” markazidagi SMM kursiga ro‘yxatga yozildim. Ikki kundan keyin markazdan dasturlash kursiga taklif qilishdi. Boshida bu kasbni eplay olmasam kerak deb qo‘rqqanman. Chunki SMM’da ko‘proq o‘g‘il bolalar muvaffaqiyatga erishadi deb o‘ylar edim.

Sport sohasidagi dasturchilik ishlarida ham o‘zimni sinab ko‘rdim. Lekin dasturlashda ham o‘z yo‘nalishim bo‘lishi kerak degan qarorga keldim va Backend (vebsayt va mobil ilovalarning ichki qismi) sohasiga kirdim.

Sohada ko‘proq bilim orttirish uchun 15 yoshimda Toshkent shahriga ko‘chib ketishga majbur bo‘lganman. Albatta, bu yoshda katta shaharda yashash men uchun oson bo‘lmadi. Ustozim qiziqishlarimni ko‘rib Microsoft’dagi tadbirlarga jalb qila boshladi. Microsoft bir qismi bo‘lishim haqida esa umuman o‘ylamagan edim.

Microsoft MLSA loyihasida qatnashgan O‘zbekistondagi yagona maktab o‘quvchisi

O‘zbekistonda birinchi marta “Microsoft Developers Community Uzbekistan” jamoasiga asos soldik. Shu jamoa bilan birga katta tadbir tashkil etdik va unda minglab odamlarga ko‘ngilli sifatida yordam berdim. Microsoft’da ishlashni astoydil xohlaganman. 16 yoshga to‘lganimda Microsoft ambassadori sifatida faoliyat yuritishni boshladim. Keyinchalik ustozim bilan Microsoft doirasidagi maxsus dasturga tayyorgarlik ko‘ra boshladik.

Microsoft MLSA loyihasida qatnashishga tayyorgarlik ko‘rgan va unda ishtirok etgan O‘zbekistondagi yagona maktab yoshidagi o‘quvchi edim. Sababi bu loyihada ko‘proq universitet talabalari ishtirok etardi. Hozirda xalqaro tajriba almashuvchi yuzlab chet davlatlardan do‘stlarim bor. Ular shu yoshimda bunday yutuqqa erishganimdan hayratlanishadi. Ushbu loyihada ishtirok etish uchun deyarli bir yil tayyorgarlik ko‘rdim.

Kompaniya ambassadori bo‘lgan yoshlarga bir qator imtiyozlar yaratiladi. Eng qulay imkoniyat sifatida har yili kompaniya elchisiga Amerika vizasini olishga yordam beriladi. Biz o‘zbek yoshlari ham bunday imkoniyatdan foydalanishi kerak deb hisoblab ko‘plab o‘zbekistonlik ambassadorlar yetishtirib chiqaruvchi jamoaga asos solmoqchimiz. Bu orqali juda ko‘p yoshlarga yordam berishni niyat qilganmiz.

Eng yosh mutaxassislardan biri

2024 yilda O‘zbekistondagi 46 nafar ayol dasturchilar orasidan o‘rin olgan eng yosh mutaxassisman. Xalqimiz orasida ba’zi qotib qolgan stereotiplarga ko‘ra qizlar IT yo‘nalishida biror natijaga erisha olmaydi. Ammo bu o‘rinsiz fikr. IT’ning ayollarga beradigan qulayliklari anchagina. Bulardan biri har bir ayol uyida turib biror vazifani bajarishi mumkin. Bu uning oilasiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Ammo men ham birinchi bu sohaga kirib kelganimda ancha qiyinchiliklarga duch kelganman. Asosiy muammo fikr almashadigan qiz bola yoki ayol mutaxassislarning kamligi edi. Shu vaqtda onam bilan fikr almashar edim. Vazifalarni birga tayyorlar edik. Birga ijodiy yangiliklar qo‘shardik.

2024 yilda ayollarga xalqaro informatika olimpiadasida ishtirok etishga ruxsat berildi. Va shu yil men ham Polshadagi texnologiya haftaligida ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldim. Ko‘zga ko‘ringan IT mutaxassislari orasidan o‘z o‘rnimga ega bo‘ldim, desam xato bo‘lmaydi.

Bu natijalarga erishishimda ota-onamning mehnatlari, qo‘llovlari anchagina. Ota-onam oliy ma’lumotli bo‘lishmasa ham bizning ilmli bo‘lishimiz uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilganlar.

Qizimiz ishonchni oqladi

“Oliy ma’lumotli bo‘lmaganimiz uchun ham bolalarimizning kelajagini yaratish uchun shaharga ko‘chib keldik. Men oddiy mashina ustasi, ayolim esa chevar. Shunday bo‘lsa ham farzandlarimiz ilmli bo‘lishi uchun astoydil harakat qilib kelmoqdamiz.

Sardor Ergashev, Dilafruzning otasi

Turmush o‘rtog‘im qizim bilan yarim tungacha dars tayyorlab, xayoli boshqa joyga chalg‘imasin deb yonida turgan. Dilafruz ishdan kelganimda doim dars qilib o‘tirar edi. Yoshligidan bilim olishga qiziqishi kuchli bo‘lgan. Farzandim o‘z sohasining mutaxassisi bo‘lib ishonchimizni oqlamoqda”.

Qiz bolaning ilmli bo‘lishi muhim

“Barcha ota-onaning orzusi farzandining kamolini ko‘rish albatta. Bu hali boshlanishi Xudo xohlasa. Hali qizimning katta marralarni zabt etishiga ishonaman. Ota-onalarga aytadigan gapim shuki, qizlarni o‘qitish kerak. Qizlar jamiyatda bilimli bo‘lsa, kelajak avlod ham ilm yo‘lini tanlashi aniq.

Muborak Ergasheva, Dilafruzning onasi

Qizim bilan birga tunlari dars tayyorlar edik. Ba’zida darslari ko‘p bo‘lib shijoati so‘nib qolganda uni rag‘batlantirib turar edim. Kelajakdagi rejalarini eslatib turar edim.

Qishloqdan Farg‘ona shahriga ko‘chib kelganimizda uyimiz ham yo‘q edi. Ijarada turganmiz boshida, keyinchalik mana Alloh rizqni ham, uyni ham berdi. Turmush o‘rtog‘im farzandlarini hech kimdan kam qilmaslik uchun bor kuchi bilan harakat qilmoqda. Farzandlarimiz qaysi fanlarga qiziqishyapti, bu kabi vazifalarni menga ishonganlar. Shu sababli farzandlarim dars tayyorlab bo‘lgunicha uxlamay kuzatib turaman. Bolalar uyga vazifalarini tugatib bo‘lishsagina uxlashlariga yoki boshqa yumushlarni bajarishiga ruxsat beraman. Qizim dasturchilik kursini o‘rgana boshlaganida men ham bu sohaga qizib qoldim. Hatto qizim bilan birga o‘tirib dars ham tayyorlar edim.

Mana shuncha mehnat o‘z mevasini bermoqda. Doim farzandlarim bilimi bilan butun dunyoga tanilsin, deya duo qilardim. Mana shu duoning amaldagi ijobati bo‘lyapti.

Barcha ota-onalar farzandlarining ilmli bo‘lishiga harakat qilishi kerak. Qiz bola yoki o‘g‘il bola deb ajratmasligi kerak. Ayollarning ilmli bo‘lishi jamiyatga ham foydali bo‘lib kelgan. Shuningdek, ota-onalar bolasi bilan do‘st bo‘lishi kerak. Oilaviy ahillikka erishilsa farzandlar ham shu muhitdan bahra olib o‘sadi. Farzandlarining qaysi sohaga qiziqishini ham diqqat bilan kuzatib turish kerak. Shunda ular o‘zlari qiziqqan sohada muvaffaqiyatga erishadi”.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz

Operator va montajchi – Sardor Mamirov

Mavzuga oid