Jahon | 07:56 / 26.10.2024
33462
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil armiyasi Erondagi harbiy obektlarga zarba berdi

Isroil harbiy-havo kuchlari Tehron yaqinidagi harbiy obektlarga «maqsadli zarbalar» berdi.

Isroil mudofaa kuchlari (TSAHAL) 26 oktyabr, shanbaga o‘tar kechasi Erondagi harbiy obektlarga hujum uyushtirilgani haqida e’lon qildi.

«Eron rejimining Isroil davlatiga bir necha oydan beri davom etayotgan hujumlariga javoban Isroil mudofaa kuchlari hozirda Erondagi harbiy obektlarga zarbalar bermoqda», — deyiladi TSAHAL bayonotida.

NBC News xabariga ko‘ra, Isroil nishonlari orasida Tehrondagi kazarma va qurol ombori bo‘lgan. Fars agentligi, o‘z navbatida, havo zarbalari nishoni Tehron janubi va janubi-g‘arbidagi harbiy bazalar bo‘lganini xabar qildi.

Eron davlat matbuoti hujum paytida Tehrondagi ikkala aeroport ham «normal rejimda» ishlaganini xabar qildi. Biroq keyinroq rasmiylar havo hududini butunlay yopdi. Irna davlat axborot agentligining favqulodda xizmatlardagi manbalariga tayanib xabar berishicha, Tehronda qurbonlar qayd etilmagan, poytaxtda internet uzilib qolgan. Iroq ustidagi havo hududi ham butunlay yopilgan.

Kamida yettita portlash ovozini Tehron va poytaxtning shimoliy chekkasidagi Karaj aholisi eshitgan. Portlashlar manbasi noma’lum, ammo Eron davlat televideniyesi bu havo hujumidan mudofaa ishi bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiyani tilga oldi.

Keyinroq agentliklar mahalliy OAVga tayanib, Eron poytaxti markazida kuchli portlash va «uzoq davom etgan shovqin», shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimi ishi haqida xabar berishdi. Amerikaning ABC News telekanaliga ko‘ra, Isroil armiyasining Erondagi nishonlarga zarbalari davom etmoqda.

Islom Respublikasi rasmiylari xabar chop etilgan paytdagi vaziyatga izoh bermadi.

Yaponiya TIV rahbari Eronni vazminlikka chaqirdi

Yaponiya hukumati Eronni Yaqin Sharqdagi keskinlikning yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun vazminlikka chaqirdi.

Yaponiya tashqi ishlar vaziri Takeshi Ivaya eronlik hamkasbi Abbos Araqchi bilan telefon orqali muloqot qildi.

Yaponiya TIV matbuot xizmatining ta’kidlashicha, 40 daqiqalik suhbat davomida Ivaya o‘z mamlakatining Yaqin Sharqdagi keskinlikning kuchayishi, xususan, Eronning Isroilga so‘nggi hujumi munosabati bilan «jiddiy xavotirlari»ni bildirgan.

Ivaya barcha tomonlarni, shu jumladan Eronni yanada keskinlashuvning oldini olish uchun vazminlikka chaqirdi, shuningdek, mintaqada keskinlik kuchaygan taqdirda Yaponiya fuqarolarining xavfsizligini ta’minlashda Eronni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Eron Tashqi ishlar vazirligidan berilgan yozma bayonotga ko‘ra, Araqchi va Ivaya mintaqadagi oxirgi o‘zgarishlar haqida fikr almashdi.

Vazirlar yana beqarorlikning oldini olish, G‘azo va Livanda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni ta’minlash va Isroil hujumlari ostida bu hududlarga insonparvarlik yordamlarini yetkazish uchun xalqaro sa’y-harakatlar zarurligini ta’kidladilar.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Mavzuga oid