Isroil Eronning asosiy energiya obektlari atrofidagi HHMni yo‘q qildi
Isroilning ismini oshkor etmagan rasmiylari NYT'ga bergan intervyusida Isroilning dastlabki javob rejasi Eronning yadroviy loyihasi bilan bog‘liq nishonlarga zarba berishni o‘z ichiga olgani haqida ma’lum qildi.
Isroil Erondagi muhim energiya obektlari atrofidagi havo hujumidan mudofaa tizimlarini ataylab nishonga oldi va ularga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berishdan tiyildi. Bu haqda 26 oktyabr, shanba kuni The New York Times nomi oshkor etilmagan Eron va Isroil rasmiylariga tayanib xabar berdi.
Eronning uch rasmiysi va Isroil Mudofaa vazirligining uch yuqori martabali mulozimiga ko‘ra, Isroil mudofaa kuchlari nishonlari Xuziston viloyatidagi Bandar Imom Xomayniy neft-kimyo majmuasi, Bandar Imom Xomayniy porti, Abadan neftni qayta ishlash zavodi, Ilam viloyatidagi gaz koni va boshqa havo hujumidan mudofaa obektlaridan iborat bo‘lgan.
Erondagi NYT manbalarining ta’kidlashicha, Isroilning havo hujumidan mudofaa tizimlarini yo‘q qilgani Tehronda «chuqur xavotir uyg‘otdi», chunki hozirda muhim energetika obektlari kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan hujumlar oldida juda zaif.
Isroil armiyasi Erondagi harbiy obektlarga zarba berdi
Isroil mudofaa kuchlari (TSAHAL) 26 oktyabrga o‘tar kechasi Erondagi harbiy obektlarga hujum uyushtirilgani haqida e’lon qildi.
«Eron rejimining Isroil davlatiga bir necha oydan beri davom etayotgan hujumlariga javoban Isroil mudofaa kuchlari hozirda Erondagi harbiy obektlarga zarbalar bermoqda», — deyiladi TSAHAL bayonotida.
NBC News xabariga ko‘ra, Isroil nishonlari orasida Tehrondagi kazarma va qurol ombori bo‘lgan. Fars agentligi, o‘z navbatida, havo zarbalari nishoni Tehron janubi va janubi-g‘arbidagi harbiy bazalar bo‘lganini xabar qildi.
Eron davlat matbuoti hujum paytida Tehrondagi ikkala aeroport ham «normal rejimda» ishlaganini xabar qildi. Biroq keyinroq rasmiylar havo hududini butunlay yopdi. Irna davlat axborot agentligining favqulodda xizmatlardagi manbalariga tayanib xabar berishicha, Tehronda qurbonlar qayd etilmagan, poytaxtda internet uzilib qolgan. Iroq ustidagi havo hududi ham butunlay yopilgan.
Kamida yettita portlash ovozini Tehron va poytaxtning shimoliy chekkasidagi Karaj aholisi eshitgan. Portlashlar manbasi noma’lum, ammo Eron davlat televideniyesi bu havo hujumidan mudofaa ishi bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiyani tilga oldi.
Keyinroq agentliklar mahalliy OAVga tayanib, Eron poytaxti markazida kuchli portlash va «uzoq davom etgan shovqin», shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimi ishi haqida xabar berishdi.
Mavzuga oid
09:17
Isroil Bayrutga zarba berdi. Kamida 20 kishi halok bo‘lgan
10:30 / 23.11.2024
Xalqaro sud qarori: Netanyahu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
19:45 / 22.11.2024