Jahon | 12:30 / 29.10.2024
2483
2 daqiqa o‘qiladi

Isroilda 2025 yildan UNRWA faoliyati taqiqlandi

Isroil parlamenti UNRWA'ga kelasi yili mamlakatdagi «barcha faoliyatini» to‘xtatishni buyuradigan qonun loyihasini ma’qulladi.

Foto: Dawoud Abu Alkas / Reuters

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam agentligi (UNRWA) kelasi yili Isroil hududidagi «barcha faoliyatini» to‘xtatishi kerak. Isroil parlamenti 28 oktyabr, dushanba kuni munozarali qonun loyihasini 92 ta ovoz bilan ma’qulladi, deb xabar berdi AP.

Dpa aniqlik kiritishicha, yangi qonunchilik UNRWA Falastin hududlarida o‘z faoliyatini davom ettira olmasligini anglatadi, chunki Isroil chegara o‘tish joylarini nazorat qiladi.

Yetti davlat UNRWA'ning Isroilda taqiqlanishiga qarshi chiqdi

Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Yaponiya va Janubiy Koreya Isroil parlamentining Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam ishlari agentligi (UNRWA) ishini jiddiy cheklaydigan qonun loyihalaridan «chuqur xavotir bildirmoqda». Bu haqda 27 oktyabr kuni Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan yetti davlat tashqi ishlar vazirliklarining qo‘shma bayonotida aytiladi.

«UNRWA G‘azo sektori, Sharqiy Quddus, G‘arbiy sohil va butun mintaqadagi falastinlik qochqinlarga muhim va hayotni saqlab qoladigan insonparvarlik yordami va asosiy xizmatlarni taqdim etadi. Uning ishisiz bu yordam va xizmatlar, jumladan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va G‘azoda yonilg‘i taqsimoti masalasi juda qiyinlashadi», deyiladi ma’lumotda.

Tashqi ishlar vazirlari Isroil hukumatini xalqaro majburiyatlarini bajarishga, UNRWA imtiyoz va immunitetlarini saqlab qolishga hamda barcha shakllarda to‘liq, tez, xavfsiz va cheklanmagan gumanitar yordam ko‘rsatish, shuningdek, juda zarur bo‘lgan asosiy xizmatlarni taqdim etish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga «qattiq chaqirdi». 

Mavzuga oid