Jahon | 21:26 / 29.10.2024
5061
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR rahbari Kim Chen Inning xavfsizligi kuchaytirildi – OAV

Uning atrofida aloqani so‘ndiruvchi maxsus moslamalar, dronlarni aniqlash uskunalari o‘rnatilgani ta’kidlanmoqda.

Foto: Reuters

KXDR rahbari Kim Chen Inning xavfsizligini «suiqasd tahdidi tufayli» kuchaytirildi. Bu haqda Janubiy Koreyaning Yonhap telekanali va Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati (NIS) ma’lum qildi, deb yozdi Newsweek.

Qayd etilishicha, Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning hayotiga tahdid solinishi mumkinligi sababli xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Jumladan, uning atrofida aloqani so‘ndiruvchi maxsus moslamalar, dronlarni aniqlash uskunalari o‘rnatilgan. Shu bilan birga, KXDR rahbari joriy yilda omma oldida 110 dan ortiq marta chiqish qilgani, bu o‘tgan yilga nisbatan 60 foizga ko‘p ekanli ta’kidlanmoqda.

Kim Chen In xavfsizligi kuchaytirilgani haqidagi xabarlar KXDR tashqi ishlar vazirining Moskvaga tashrifi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Pxenyan tashrif maqsadi haqida izoh bermagan bo‘lsa-da, Koreya davlat axborot agentligi tashqi ishlar vaziri Cho Son Xui boshchiligidagi delegatsiya xavfsizlik masalalari va hamkorlikni muhokama qilish uchun Rossiyaga yo‘l olganini ma’lum qildi.

O‘tgan hafta Kim Chen In AQSh tahdidiga qarshi «strategik tiyib turish» qurollarini kuchaytirish zarurligi haqida gapirib, KXDR uchun asosiy xavf sifatida Amerikaning yadroviy arsenalini ko‘rsatgan edi. U mamlakatning strategik raketa bazalarini modernizatsiya qilish zarurligini ta’kidladi.

Bugungi kunda KXDR yadro quroli va ballistik raketalarni ishlab chiqishda davom etgani uchun xalqaro sanksiyalar ostida qolmoqda va Amerika olimlari federatsiyasining hisob-kitoblariga ko‘ra, unda 90 tagacha yadroviy kallak yaratish uchun materiallar mavjud.

Mavzuga oid