Zelenskiyning «g‘alaba rejasi» ba’zi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi – OAV
Ukraina rahbari juda uzoq masofaga zarba beruvchi «Tomagavk» raketalarini so‘ragani, bu AQSh uchun imkonsiz ekani ta’kidlanmoqda.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning «g‘alaba rejasi»dagi maxfiy bandda Ukrainaga «Tomagavk» raketalarini yetkazib berish bo‘yicha so‘rov bor, deb yozdi The New York Times (NYT) yuqori martabali amerikalik amaldorga tayanib.
Amaldor buni «mutlaqo imkonsiz» so‘rov deb atagan. «Tomagavk» raketalarining masofasi (taxminan 2500 km) ilgari Kiyevga taqdim etilgan ATACMS raketalari masofasidan deyarli yetti baravar katta. Shu bilan birga, Amerikaning yuqori martabali rasmiylariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga faqat cheklangan miqdordagi ATACMS tizimlarini yuborgan.
Shuningdek, Kiyev Vashingtonga uzoq masofaga uchuvchi qurollar qanday qo‘llanilishi haqida ishonchli asos keltira olmadi, dedi AQSh rasmiylari. Ularning ta’kidlashicha, Rossiya ichidagi nishonlar ro‘yxati AQSh va boshqa ittifoqchilar Ukrainaga yetkazib berishi mumkin bo‘lgan raketalar sonidan ancha oshib ketgan.
The Economist manbasining ma’lum qilishicha, AQSh boshqa joylarda jiddiy xavf-xatarlarga duchor bo‘lmasdan turib, Kiyevga yetkazib beradigan hech narsasi qolmagan. U Qo‘shma Shtatlar Ukrainani ta’minlash uchun yetarlicha qurol ishlab chiqarishiga ishonchi komil emas.
AQSh Mudofaa vazirligining 29 oktyabr kuni departament saytida e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, Ukrainaga moddiy yordam ko‘rsatilishi Amerika mudofaa-sanoat majmuasida qator muammolarga olib kelgan. Xususan, gap o‘q-dori zaxiralarini qayta tiklash va ishlab chiqarishni ko‘paytirish muammolari haqida ketmoqda. Departamentning ta’kidlashicha, bu AQSh qurolli kuchlarining tezkor imkoniyatlari va jangovar tayyorgarligini xavf ostiga qo‘yadi.
NYT nashriga ko‘ra, Zelenskiy bir necha hafta davomida G‘arb yetakchilarini o‘zining «g‘alaba rejasini» qo‘llab-quvvatlashga undagan, biroq faqat «iliq og‘zaki yordam» olgan. Shu tariqa, hech bir davlat Ukrainaga Kiyevga yetkazib berilgan uzoq masofali qurollarni Rossiya ichkarisiga zarba yo‘llash uchun ishlatishga ruxsat bermagan. Bundan tashqari, hech kim Ukrainani NATO a’zoligiga oshkora taklif qilmagan. Shunga asoslanib, NYT Zelenskiyning AQSh va Yevropaga safarini «muvaffaqiyatsiz» deb atadi.
AQSh prezidenti Jo Bayden sentabr oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rossiya ichkarisiga chuqur zarba berish uchun uzoq masofaga uchuvchi raketalardan foydalanishga ruxsat etmagani Zelenskiyni «hayratda qoldirdi», dedi to‘rt nafar amaldor. Ukraina prezidenti maslahatchisi Dmitriy Litvinning aytishicha, Ukraina uzoq masofali raketalarni qo‘llash nega zarurligini bir necha bor tushuntirib, Vashingtonga barcha tafsilotlar, maqsadlar ro‘yxati va dalillarni taqdim etgan. «Afsuski, ishni davom ettirish bo‘yicha hali hech qanday siyosiy qaror yo‘q», dedi Litvin.
Mavzuga oid
15:06
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi - Reuters
14:22
Parij: Ukraina Rossiya hududiga SCALP raketalari bilan zarba yo‘llashi mumkin
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
22:08 / 23.11.2024