Jahon | 15:46 / 30.10.2024
5518
10 daqiqa o‘qiladi

Enso Mayorka - ovchidan tabiat himoyachisiga aylangan sportchi haqida hikoya

2009 yilda Italiyada suv ostiga sho‘ng‘iyotgan sportchi oldiga delfin keladi va uni pastga tortadi. Sportchi jonzot ortidan suv ostiga tushganda boshqa bir delfinning to‘rga o‘ralib qolganini ko‘radi va uni qutqaradi. Qutqarilgan delfin suv yuzasiga chiqqach, ko‘zi yoriydi. Shunda sportchi bir emas, ikkita delfinni qutqarib qolganini anglaydi.

Foto: Kun.uz

Tarix guvoh, insonlarning tabiatga va undagi jonzotlarga qarshi borishi va ularni ayovsiz mahv etishi hech qachon yaxshilikka olib kelmagan.

Bundan nafaqat tabiat, balki eng ko‘p insonlarning o‘zi jabr chekkan. Uzoqqa bormaylik, sobiq ittifoq davrida paxta dalalarini ko‘paytirish uchun cho‘llarning o‘zlashtirilishi nafaqat O‘zbekiston uchun, balki butun boshli Markaziy Osiyo uchun ayanchli kechdi.

Orol dengizi quridi. Ko‘plab suv omborlar barpo etilishi ortidan daryolardan suv qochdi. Iqlim o‘zgarib, yog‘ingarchilik miqdori kamaydi. Oqibatda jiddiy ekologik muammolar paydo bo‘ldi.

Aslida, tabiatga nisbatan ayovsiz munosabatda bo‘lish dunyoning barcha hududlarida sodir bo‘lyapti. Ayniqsa, 20-asrda fan va texnika rivojlanishi ortidan bu ish juda tezlashdi.

Orol dengizining turli yillarda qurib kelishi jarayoni

O‘rmonlar ayovsiz kesildi, quruqlik va suv jonzotlari qirib yuborildi. Tuproq va suv kimyoviy moddalar bilan zaharlandi. Bu jarayon hanuz davom etmoqda.

XXI asrga o‘tib insoniyat plastik muammosiga duch keldi. Chiqindi sifatida tashlanayotgan plastiklar daryolar orqali dunyo okeaniga chiqib ketdi va ular dengiz jonzotlarini halok qilishda davom etmoqda.

Bugun tabiatga qarshi ishlar avjida ekan, ayrimlarning hayvonot va nabotot dunyosini asrab qolish yo‘lidagi sa’y-harakatlari tahsinga loyiq.

Ayrimlar esa favqulodda yuz bergan holat tufayli tabiat va hayvonot dunyosiga bo‘lgan qarashlarini keskin o‘zgartirgan.

Italiyalik Enso Mayorka ham ana shunday insonlardan biri hisoblanadi. 1967 yilda sodir bo‘lgan bir hodisa uning tabiatga va jonzotlarga bo‘lgan qarashlarini o‘zgartirib yuborgan.

Enso Mayorka (chap tomonda) dengizda
Foto: newsbomb.gr

Suv ostiga sho‘ng‘ish va ovchilik

Enso Mayorka 1936 yilda Italiyaning Sitsiliya orolida tug‘iladi va shu yerda umr kechiradi. U dengiz bo‘yida yashagani uchun 4 yoshidayoq suzishni o‘rganib oladi. Keyinchalik Enso suv ostiga sho‘ng‘ishga qiziqib qoladi.

Ensoning suv ostiga sho‘ng‘ish bilan shug‘ullana boshlashiga do‘sti sababchi bo‘ladi. 1956 yilda Enso 20 yoshda ekanida do‘sti suv ostiga 41 metr chuqurlikkacha sho‘ng‘ib rekord o‘rnatgan sportchi haqida gapirib qoladi.

Shundan so‘ng Enso suv ostiga sho‘ng‘ish bilan jiddiy shug‘ullana boshlaydi. 1960 yilda u suv ostiga 45 metrgacha sho‘ng‘iydi va rekord o‘rnatadi.

Keyinchalik boshqa bir sportchi 46 metr natija ko‘rsatganda Enso undan ortda qolishni xohlamaydi. U 49 metrgacha pastga tushadi va yana rekordni o‘ziga qaytarib oladi. Shu tariqa u fridayving bo‘yicha mahoratli sportchiga aylanadi.

O‘sha paytlarda Enso suv ostiga sho‘ng‘ish bilan birga baliq ovi bilan shug‘ullanardi. Biroq, 1967 yilda, 36 yoshida hayotida ro‘y bergan bir hodisa tufayli u baliq ovini mutlaqo yig‘ishtiradi. Aksincha, tabiat va hayvonot dunyosi himoyachisiga aylanadi.

Enso Mayorka suvga sho‘ng‘ishdan avval, 1970-yillar
Foto: ilfattoquotidiano.it

Ensoning o‘zi bu hodisani shunday hikoya qiladi:

«Hammasi to‘satdan sodir bo‘ldi. Men Sirakuza ko‘rfazining janubida ochiq dengizga tutashgan joyda, sayoz suvlarda sho‘ng‘iyotgan edim. O‘sha kuni men yirik bir baliqni ovladim. U juda kuchli va kurashuvchan edi. Suv ostida uchi nayzali miltig‘im bilan uni ta’qib qilardim, baliq esa qochardi. Shu paytda baliq ikki tosh orasidagi bo‘shliqqa tiqilib qoldi. Nayza sanchganimdan so‘ng uni chiqarib olishga urinib, o‘ng qo‘limni baliqning qorniga yugurtirdim. Shunda u qo‘rqqanidan qotib qoldi va baliqning yuragi qattiq ura boshladi. Qo‘limga uning jarohatidan oqqan qon tekkach men tirik mavjudotni o‘ldirayotganimni angladim. O‘sha hodisadan so‘ng baliq ovlashni to‘xtatdim. O‘shandan buyon baliq ovlaydigan garpunim uyimning chang bosgan yerto‘lasida egasi yo‘q eksponatdek yotibdi. Bu hodisa 1967 yilda sodir bo‘lgandi».

Shu tariqa Enso baliq ovlashni butunlay yig‘ishtiradi va faqat suv ostiga sho‘ng‘ish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, u tabiat himoyachisiga aylanadi.

1974 yilda Enso Italiyaning janubiy-g‘arbida joylashgan Salerno shahri yaqinida suvga sho‘ng‘ish bo‘yicha yangi rekord o‘rnatish uchun dengizga tushadi.

Italiya milliy televideniyesi o‘z tarixida birinchi marta jarayonni jonli efirda ko‘rsatadi. Enso 90 metr chuqurlikka sho‘ng‘ib yangi jahon rekordini o‘rnatadi.

Enso tepaga qaytib chiqayotganda suv ostiga sho‘ng‘ish bo‘yicha yo‘riqchi bilan to‘qnashib ketadi. Shunda u g‘azablanadi va qattiq so‘kinadi. Televideniyeda jonli efir ketayotgani uchun uning so‘kinishini barcha teletomoshabinlar eshitadi.

Uning bu g‘azablanishi qimmatga tushadi. Enso uzoq yillar davomida televideniye taqiqiga tushadi. Bundan tashqari, uni o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida musobaqalardan chetlatishadi.

Enso 1988 yilga kelib yana fridayving sportiga qaytadi va 101 metr chuqurlikka sho‘ng‘ib, o‘zining so‘nggi rekordini o‘rnatadi.

Foto: sfgate.com 

Ensoning mukofotlari va sportchi haqida film

Enso Mayorka bir qancha medallar bilan taqdirlangan. Jumladan:

  • Sportdagi natijalari uchun 1964 yilda Italiya Respublikasi prezidenti Oltin medali;
  • «Moviy dengizga intilib» kitobi uchun Italiya milliy olimpiya qo‘mitasining maxsus mukofoti;
  • Sportni rivojlantirish yo‘lida qilgan xizmatlari uchun Italiya milliy olimpiya qo‘mitasining Oltin yulduzi;
  • Atrof-muhitni asrash uchun qilgan xizmatlari evaziga Oltin medal;
  • Dengiz festivali mukofoti bilan taqdirlangan.

Ma’lumot uchun, Enso Mayorka jami to‘rtta kitob yozgan. Ularning dastlabkisi 1977 yilda, so‘nggisi 2011 yilda chop etilgan.

1988 yilda fransiyalik taniqli rejissyor Lyuk Besson Enso Mayorka va yana bir sportchi Jak Mayolning suv ostiga sho‘ng‘ish bo‘yicha o‘zaro raqobati haqida film ishlaydi.

“Moviy tubsizlik” deb nomlangan filmda Ensoning familiyasi Molinari deb o‘zgartiriladi va uning rolini taniqli aktyor Jan Reno ijro etadi. Film katta ekranlarga chiqqanidan so‘ng Enso bir necha yil rejissyordan xafa bo‘lib yuradi.

Jan Reno Enso Molinari rolida
Foto: filmweb.pl

Enso filmda xarakteri to‘liq ochib berilmagan va rejissyor uni salbiy buyoqda tasvirlagan deb hisoblaydi. Shuningdek, Lyuk Besson millatdoshi Jak Mayolni (u fransuz bo‘lgan) o‘zidan ustun qo‘yib nohaqlik qilgan deb aytadi.

Shu uchun ham Ensoning talabi bilan film uzoq yillar davomida Italiyada namoyish etilmaydi.

Faqat 2001 yilda raqibi Jak Mayol vafot etgach Enso filmga munosabatini o‘zgartiradi va uning Italiyada ham namoyish etilishiga ruxsat beradi.

Delfinlar bilan bo‘lgan hodisa

2009 yilda Enso Mayorkaning hayotida yana bir unutilmas hodisa sodir bo‘ladi.

Enso qizi bilan suv ostiga sho‘ng‘ish mashqini o‘tkazayotganda ular o‘tirgan qayiqqa bir delfin yaqinlashadi va uning yelkasiga sekin turtadi.

Delfinga qaragan Enso u qayiq oldiga o‘ynash uchun kelmaganini tushunadi va suvga tushadi. Shunda delfin uni suv ostiga boshlaydi.

Foto: giornalesiracusa.com

Enso pastga tushganda suv ostida boshqa bir delfin to‘rga ilinib qolganini ko‘radi. Tezda tepaga chiqib pichoq olib tushadi va delfinni to‘rdan xalos etadi.

Delfinlar suv ostida 10 daqiqa bardosh bera oladi. Agar shu vaqtda suv yuzasiga chiqib, nafas olmasa ular halok bo‘ladi.

Enso delfinni qutqarib qoladi va ular suv yuzasiga chiqishadi. Biroz o‘tib to‘rdan xalos bo‘lgan delfinning ko‘zi yoriydi. Shunda Enso bir emas, ikki delfinni qutqargani uchun xursand bo‘ladi.

Shundan so‘ng Ensodan kelib yordam so‘ragan erkak delfin undan juda minnatdor bo‘ladi. Sportchining oldiga kelib u bilan o‘ynaydi.

O‘shanda Enso o‘zining mashhur gapini aytadi:

«Inson tabiatni hurmat qilishni va hayvonot dunyosi bilan so‘zlashishni (muloqot qilishni) o‘rganmaguncha, u Yerdagi o‘zining haqiqiy rolini hech qachon bilolmaydi».

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid