Jahon | 23:33 / 30.10.2024
2168
3 daqiqa o‘qiladi

Hindistondagi yirik yangiliklar agentligi Wikipedia’ni sudga berdi

Dehli Oliy sudiga kiritilgan shikoyatda Asian News International agentligi Wikipedia’da o‘zi haqida yozilgan maqolada yolg‘on ayblov borligini bildirdi.

Foto: Getty Images

Wikipedia Hindistonda yirik sud mojarosiga kirishdi, deb xabar beradi BBC. Ekspertlarning fikricha, bu onlayn-ensiklopediyaning ushbu mamlakatdagi faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunga Hindistondagi yirik yangiliklar xizmati tomonidan Wikipedia’ni boshqaruvchi «Vikimedia» fondi ustidan kiritgan 20 million rupiylik (238 ming dollar) da’vo arizasi sabab bo‘lmoqda.

Dehli Oliy sudiga kiritilgan shikoyatda Asian News International (ANI) agentligi Wikipedia’da o‘zi haqida yozilgan maqolada yolg‘on ayblov borligini bildirgan. Maqolada ANI «amaldagi hukumatning propaganda vositasi» ekani va «feyk yangiliklar saytlaridagi materiallarni tarqatishi» haqida so‘z boradi.

Wikipedia o‘z saytidagi kontent to‘liq volontyorlar tomonidan boshqarilishini va fond ularni hech qanaqa nazorat qilmasligini ma’lum qildi.

Avgust oyida sud Wikipedia’ni ANI sahifasiga bunday tuhmatli ma’lumotlarni kim tahrirlaganini ochish majburiyatini yuklagan va u mazkur talabni bajarmasa saytni yopish bilan tahdid qilgandi.

Sud eshituvlari hali davom etmoqda, ammo Wikipedia foydalanuvchilarga oid asosiy ma’lumotlarni chop etilgan holda taqdim etishga rozi bo‘lgan. Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, mazkur ish juda muhim hisoblanadi, chunki uning yakuni insonlarning platformadagi neytral ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Wikipedia o‘zini o‘zi boshqaruvchi model asosida faoliyat yuritadi, istalgan odam uning sahifalariga o‘zgartirish kiritishi mumkin — bunda faqat oldin e’lon qilingan ishonchli manbalarga havola beriladi. Shu bois hech kim Wikipedia’ga oldin e’lon qilinmagan, yangi ma’lumotni joylashtira olmaydi. Saytda ma’lumotlarni tekshirib, tahrirlash bilan volontyorlar shug‘ullanadi.

Sudda «Vikimedia» fondi faqat infratuzilmani taqdim etishini va saytdagi kontentni boshqaradigan volontyorlarga hech qanaqa aloqasi yo‘qligini bildirdi.

Mavzuga oid